Главная » MAXALLIY YANGILIKLAR

1991-yil 1-sentabrda tug‘ilganlar “O‘zbekiston havo yo‘llari” tomonidan mahalliy yo‘nalishlarga bepul aviachipta oladi



O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasi O‘zbekiston mustaqilligining 25 yilligi sharafiga o‘z yo‘lovchilari uchun bir qator aksiyalar va sovg‘alar tayyorlagan. Bu haqda “O‘zbekiston havo yo‘llari” matbuot xizmati xabar bermoqda.
Boeing 787 Dreamliner samolyoti
 
Aviakompaniya yangi rusumdagi ikkita Boeing 787 Dreamliner samolyotlarini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Samolyotlardan biri O‘zbekistonga mustaqillikning 25 yilligini nishonlash kunlarida yetib keladi.
 
Qo‘shimcha bonuslar
 
“O‘zbekiston havo yo‘llari” Milliy aviakompaniyasida 2001–yil 1-yanvaridan buyon doimiy parvoz qiluvchi hamda Uzairplus dasturi ishtirokchisi bo‘lgan yo‘lovchilarning har biri aviakompaniyadan uning nomiga yozilgan tabriknoma oladi. Sovg‘a sifatida esa Premium, Silver va Gold kartalariga qo‘shimcha bonus ballari qo‘shiladi.
 
Mustaqillik tengdoshlari
 
1991-yil 1-sentabrda tug‘ilganlar “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK tomonidan mahalliy yo‘nalishlarga bepul aviachipta olishi mumkin. Taklif O‘zbekiston Respublikasi chegarasida 1-sentabridan 31-oktabrigacha bo‘lgan davr ichida amalga oshiriladigan istalgan qatnovga tatbiq etiladi. 1991-yil 1-sentabrda tavallud topganlar 1-avgustdan boshlab sovg‘a tariqasida taqdim etiladigan aviachiptani qo‘lga kiritish uchun “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAKning aviachiptalarni sotish shoxobchalariga murojaat qilishi kerak bo‘ladi.
 
Aviachipta yutug‘i
 
Uzbekistan Airways’ning Facebook’dagi sahifasida respublika ichidagi yo‘nalishlarga bepul aviachipta o‘ynaladi. Unda ishtirok etish uchun aviakompaniya sahifasiga obuna bo‘lish va chipta o‘ynalishi haqidagi e’lonni do‘stlari bilan o‘rtoqlashishi kerak bo‘ladi. Chipta o‘ynalishi 15-avgustda boshlanadi va 24-avgust soat 00:00 gacha davom etadi. Sovrin g‘olibi 26-avgust kuni soat 10:00 da, “Random.org” tasodifiy raqamlar generatori dasturi yordamida, maxsus komissiya va OAV vakillari ishtirokida aniqlanadi. G‘olib respublika ichidagi yo‘nalishlar bo‘yicha bitta bepul aviachiptaga sertifikatni qo‘lga kiritadi.
 
Bayram kunida
 
1-sentabr kuni “O‘zbekiston havo yo‘llari” MAK qatnovlarida parvoz qiladigan barcha yo‘lovchilarga havo kemasi bortida esdalik suvenirlari topshiriladi. Bort kuzatuvchilari yo‘lovchilarga tarixiy voqea xotirasiga aviakompaniya logotipi va mustaqillik ramzi tushirilgan suvenirlarni taqdim etadi.

Источник: Daryo.uz
Категория: MAXALLIY YANGILIKLAR | Добавил: AdminoFF (03.08.2016)
Просмотров: 533 | Теги: havo yo‘llari | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar