20 ming AQSH dollariga “Baxt” va’da qilgan Folbin qo‘lga olindi


Boshiga biror tashvish tushgan ba’zi bir insonlar uning yechimini qidirish o‘rniga muammolarini folbin va azayimxonlar bir kuf-suf bilan bartaraf etishlariga ishonishadi. Topgan-tutganlarini qo‘ltiqlab, ularning oldiga chopishadi.
Nazira (ism-shariflar o‘zgartirilgan) qizchasi bilan eridan ajrashib ketganidan keyin tushkunlikka tushib qoldi. Yaxshiyam sevimli kasbi bor, u tuman xalq ta’limi bo‘limida ishlaydi. Shu yerda u dugonalari bilan dardlashib, ozgina bo‘lsa-da, g‘am-tashvishlarini unutadi. Shunday kunlarning birida ularga qarashli maktablardan birida ishlovchi dugonasi Madinani uchratib qoldi.
– Nazira, salom! Charchamay ishlayapsanmi? Qizchang yaxshimi? Shaxsiy frontda biror yangiliklar bormi? – deb dugonasidan hol-ahvol so‘radi Madina.
– Yaxshimisan, Madina? Ishlarim yaxshi, ammo shaxsiy hayotimda hech qanday o‘zgarish yo‘q, hamon eski hammom, eski tos.
– Agar istasang, men bilan yur. Zo‘r folchi topdim, hamma maqtayapti. Ko‘zi ojizmish, eskicha o‘qib, dam solib qo‘ysa, baxting ochilib, ishlaring yurishib ketarmish. Hozir uning oldiga bormoqchi bo‘lib turibman.
– E, shuncha folbinlarga bordim, hech bir o‘zgarish bo‘lmadi-yu, – dedi ishonchsizlik Nazira.
– Bunisining dami judayam kuchli emish. Sen ixlos qil, chiqmagan jondan umid, – uni ishontirishga harakat qildi Madina.
– Qaerda yasharkan? – qiziqdi Nazira.
– Uzoq emas, bozorning yonida turarmish. Ketdikmi?
– Mayli, ketdik. Bunisini ham bir ko‘raylik-chi.
Ular yo‘lga tushishdi. Kerakli manzilga yetib borib, to‘qqiz qavatli bino oldida to‘xtashdi. Eshikka maxfiy kod qo‘yilgan ekan, Madina kerakli raqamni terdi. Domofondan “Kim u?” degan ovoz yangradi.
– Gavhar opa, bu men Madinaman, – o‘zini tanishtirdi qiz.
Shundan keyin eshik ochildi. Madina bilan Nazira liftda oltinchi qavatga ko‘tarilishdi. Ayol Madina bilan quyuqqina ko‘rishib, ularni kichkina xonaga boshladi. Hol-ahvol so‘rashib bo‘lgach, Madina uni dugonasi Nazira bilan bemalol gaplashib olishi uchun yolg‘iz qoldirib, boshqa xonaga chiqib ketdi. Nazira ayolning oldida  o‘zini noqulay his qilib, kelganiga afsuslana boshladi. “Shuncha folbin nima qilib berdi-yu, bunisi nima qilardi?” degan o‘yda unga ishonchsizlik bilan tikildi.
– Nimaga keldingiz? – tilga kirdi Gavhar .
– Baxtimni ochdirish uchun, – javob berdi Nazira.
– Siz meni sinash uchun kelgansiz, menga ishonmayapsiz, – dedi Gavhar.
Nazira ayol uning o‘ylarini sezib qolganidan, uyalib o‘ng‘aysiz ahvolga tushdi.
– Men faqat ixlos qilgan, menga ishonadigan odamlarnigina o‘qiyman, baxtini ochaman. Birovning fikrini o‘qish xislati menga ajdodlarimdan meros bo‘lib qolgan. Ustozim Aziz qori degan odam bo‘ladi. Uning dami judayam o‘tkir. Aziz qori haqida eshitganmisiz? – gapida davom etdi Gavhar.
– Yo‘q, eshitmaganman. Opajon, ishonmasam, ixlos qilmasam oldingizga kelarmidim? – dedi shosha-pisha xijolat bo‘lgan Nazira.
Shundan keyin Gavhar oldida turgan arab imlosida yozilgan eski kitobni ochib, o‘qiy boshladi. U o‘qib, Naziraga dam solganidan keyin, unga o‘zining telefon raqamlarini berdi.
– Mana uyimni ham bilib oldingiz, istagan paytingiz shu raqamlarga qo‘ng‘iroq qilib, kelaverishingiz mumkin, – dedi Gavhar.
– Rahmat, opa, – deb Nazira unga ataganini berdi-yu, dugonasi Madinani ham unutib, o‘zini tashqariga urdi. “Shunday noyob xislatli ayolga ishonmay, uni xafa qilib qo‘ydim. Odamlarning fikrini ham o‘qirkan” deb o‘ylab, ayolga nisbatan ishonchi ortdi.
Shundan keyin Nazira Gavharning oldiga serqatnov bo‘lib qoldi. Bir kuni suhbat orasida u Gavharga onasining bemorligi, ukasining xotini ham kasal bo‘lib, shifoxonadan beri kelmay qo‘yganligi, ota-onasining ko‘p janjallashishi haqida hasrat qildi. Gavhar unga “Kelgusi safar oilaviy suratlaringizni olib keling, fol ko‘rib qo‘yaman”  dedi. Nazira uyidagilarning rasmini ko‘tarib, yana Gavharning huzuriga yo‘l oldi.
– Ota-onangizning dushmanlari issiq-sovuq qilishgan ekan, siz pok odam bo‘lganingiz uchun barcha yomonliklar sizga yopishgan. Otangizning oshqozoni bezovta qilarkan, onangiz esa erkakshoda ayol ekan...– deb Gavhar suratlarga qarab bashorat qila boshladi.
Uning bashoratlari to‘g‘ri chiqqanidan Nazira endi unga batamom ishona boshladi.
– Gavhar opa, yaxshi niyatlar bilan uy, mashina olaman deb 20.000 AQSh dollari yiqqandim. Orzuim qachon amalga osharkin? Aytib berolasizmi? – deb qiziqib so‘radi Nazira.
– Agar yo‘lingizni ochsam, uy ham, mashina ham olasiz. Boyvachcha yigitga ham turmushga chiqasiz, faqat buning uchun 1200 AQSh dollari olib kelishingiz kerak. Men pullarga dam solib, o‘qib beraman. Ularni bir hafta yostig‘ingiz tagiga qo‘yib uxlasangiz, ishlaringiz yurishib, baxtingiz ochilib ketadi. Pulga o‘qimasam, boyvachcha yigitni uchratmasligingiz mumkin, – deb uni ishontirdi Gavhar.
Uning bu gaplarini eshitgan Nazira hozir 1200 AQSh dollarini olib kelib bersa, ertaga turmushga chiqib ketadiganday, shoshilib yo‘lga tushdi. Uyga borib, ayol aytgan miqdordagi pulni oldi-yu, zudlik bilan orqaga qaytib, pulni Gavharning qo‘liga topshirdi. Gavhar pulni oldida turgan eskicha kitobning ichiga soldi.
– Xavotirlanmang, pullaringizga dam solib, o‘qib qo‘yaman. Bir haftadan keyin kelasiz.
Nazira ataganini uning oldiga tashladi va yelkasidan tog‘ ag‘darilganday,  uyi tomon yo‘l oldi. Oradan bir hafta o‘tgach, Gavhar unga “Keling, pullaringizni olib keting, o‘qib bo‘ldim” deb qo‘ng‘iroq qildi. Nazira hayajonlanib yo‘lga otlandi. Shirin xayollarga berilib, atrofga qaramay, ko‘chani kesib o‘tayotganda uni mashina turtib ketdi. U Gavhar opa kutib qolmasin degan maqsadda unga qo‘ng‘iroq qilib, “Oldingizga borolmayman, mashina urib yubordi” deb bo‘lgan voqeani aytib berdi. Buni eshitgan Gavhar “Amallab yetib keling, bugun o‘qimasam bo‘lmaydi, sizni bekorga mashina urmagan, demak bergan pulingiz kamlik qilgan” deb uning yuragiga g‘ulg‘ula soldi.
– Gavhar opa, hozir 102 ga qo‘ng‘iroq qilgandim...
–Nima, 102 dagilar darrov uchib kelarmidi? Yana biror falokatga yo‘liqmay desangiz tezda 5000 AQSh dollarini olib, zudlik bilan oldimga yetib keling, – deb buyruq berdi Gavhar.
– Opa, ta’sir qilarmikan?
– Nimaga ta’sir qilmas ekan? Ustozim Aziz qori bilan yetti kishi birga yetti kecha-yu, yetti kunduz dam solib, qaytarib beramiz.
Nazira Gavharning oldiga borishga ulgurmadi. Qicqa fursat ichida yetib kelgan YHXB xodimlari uni kasalxonaga olib ketishdi. Nazira bir qancha vaqt sog‘ligini tiklash bilan ovora bo‘lib, Gavharning oldiga borolmadi. Gavhar bir necha marotaba “Qachon pulni olib kelasiz?” deb qo‘ng‘iroq qildi.
Nazira o‘zini yaxshi his qila boshlagach, bayram bahona Gavharni tabriklash va va’da qilingan 5000 AQSh dollariga dam soldirish maqsadida uning oldiga yo‘l oldi. Gavhar u olib kelgan pullarni odatdagiday eski kitobining orasiga soldi. Oradan ikki kun o‘tgach, Naziraga qo‘ng‘iroq qildi.
– Nazira, ustozim Aziz qori bilan maslahatlashdim. Olib kelgan pulingiz sizga yopishgan balo-ofatlarni qaytarishga ojizlik qilarkan. Yana 5000 AQSh dollari olib kelmasangiz, ishlaringiz pachava, – dedi Gavhar vahimali tarzda.      
 Nazira yana 5000 AQSh dollarini qo‘ltiqlab, Gavharning oldiga yo‘l oldi.
– Aslida yana 10.000 AQSh dollari kerak edi. Ustozim “Mayli, 10.000 AQSh dollarini savob uchun o‘zimdan qo‘shib o‘qib turaman” dedi, u juda bag‘rikeng inson, – deb ustozini maqtab, Naziradan pulni olib qoldi.
Oradan taxminan uch-to‘rt kun o‘tgach, Gavhar yana Naziraga sim qoqdi:
– Nazira, ustozim yana 10.000 AQSh dollari olib kelmasa bo‘lmaydi deyapti.
– Gavhar opa, axir ustozimning o‘zi 10.000 AQSh dollari  qo‘shib o‘qiydi degandingiz-ku, – hayron bo‘ldi Nazira.
– Men sizga ustozim juda mehribon va bag‘rikeng inson degandim-u, u bor pulini yordam tariqasida bir nogiron odamning puliga qo‘shib o‘qiyapti ekan. Shuning uchun sizga pul qo‘sholmas ekan. Onangizdanmi yo birortasidan qarz olib tura qoling. Pul topiladigan narsa, joningizni o‘ylasangiz-chi, joningiz omon bo‘lsa istaganingizcha pul topasiz, Naziraxon... – deb avradi Gavhar.
Nazira onasidan pul so‘radi. Ammo onasi “Uy olaman deb yemay-ichmay yiqqan 20.000 AQSh dollaringdan yarmini berib kelding, qolganini bermayman”, deb pul berishga unamadi.  Nazira bo‘lgan voqeani Gavharga qo‘ng‘iroq qilib, aytib berdi. Gavhar shunda ham so‘zidan qaytmay, “Meni onangiz bilan gaplashtiring, o‘zim hammasini yotig‘i bilan tushuntiraman” dedi. Nazira  go‘shakni onasiga berdi. Gavhar bilan gaplashgan onasining rangi-quti o‘chib, lom-mim demay, 10.000 AQSh dollarini qizining qo‘liga tutqazdi. Nazira shu zahotiyoq pulni Gavharga yetkazdi. Ammo Gavhar bu safar pulni kitobning ichiga emas, uyning burchagiga yashirdi.  
– Gavhar opa, pullarni qachon olib ketaman? – so‘radi Nazira.
– Siz ularni bo‘lib-bo‘lib olib keldingiz, demak bo‘lib-bo‘lib olib ketasiz. Telefoningiz o‘chib qolmasin, o‘zim qo‘ng‘iroq qilaman,– dedi Gavhar.
Bir hafta vaqt o‘tgach, Nazira Gavharga qo‘ng‘iroq qildi, ammo u “Yo‘l kira sarflab ovora bo‘lmang, hali o‘qiyapmiz, qachon kelishingizni o‘zim aytaman” deb javob berdi. Oradan bir oylar o‘tgach, Nazira yana Gavharga qo‘ng‘iroq qilib, pullarini so‘radi. Gavhar unga “Sizga kuchli issiq-sovuq qilingan ekan, qaytariq qilishimiz qiyin bo‘lyapti. Nimaga menga ishonmayapsiz? Pulingizni qaytarib beraman, qochib ketayotganim yo‘q. Uyimni bilsangiz, doim qo‘ng‘iroqlaringizga javob bersam”, deb bobillab berdi.
Oradan kunlar, haftalar, oylar o‘tsa-da, Gavharning bahonalari tugamadi. Uning yolg‘onlaridan toqati-toq bo‘lgan Nazira oxiri yordam so‘rab ichki ishlar idorasiga murojaat qildi. O‘tkazilgan surushtiruvlar natijasida Gavhar yana dam solib, qaytaraman, deb fuqarolar — er-xotin H.larning 500 AQSh dollarini, Dilbar D.ning 7000 AQSh dollarini, Javhar U.ning 1000 AQSh dollarini, Halima G.ning 3.100.000 so‘mlik tilla taqinchoqlarini olib, qaytarib bermaganligi aniqlandi.
Bu voqeani o‘qigan o‘quvchi voqealar biror chekka viloyatda ro‘y bergan, pullarini dam solishga bergan odamlar ham sodda qishloq odamlari bo‘lsa kerak, degan xayolga borishlari mumkin. Ming afsuski, barcha jabrdiydalar oliy ma’lumotli, ziyoli insonlar. Voqea ham chekka viloyatda emas, naq poytaxtdagi markaziy tumanlardan birida ro‘y bergan. Oq-qoraning farqiga boradigan, o‘qimishli insonlarning bir firibgar ayolning nayranglariga chuv tushib o‘tirganiga nima deysiz? Bejizga sevimli shoirimiz — G‘afur G‘ulom: “Taqdirni qo‘l bilan yaratur odam, g‘oyibdan kelajak baxt bir afsona...” demagan.
 Lola Shoimova


Категория: DUYNO XABARLARI | Теги: AQSH dollar, 20 ming, Baxt
Просмотров: 2197 | Рейтинг: 0.0/0

Похожие материалы

ПРОФИЛЬ
Время: 15:46
Добро Пожаловать, Гости
 
Логин:
Пароль:
Copyright © MP3LAR.COM 2016-2024 | Все права защищены | Реклама | Мы не несём ответственности за содержание. | Бесплатные произведения предназначены исключительно для предварительного ознакомительного прослушивания. Использование материалов сайта возможно только с письменного разрешения Администрации. | Сделать бесплатный сайт с uCoz