Главная » SHOU-BIZNES habarlari

Aktrisa Sitora Farmonova: “Aziya Miks”ning chiqishida O‘zbekistonning ustidan kulingani yo‘q



Aktrisa va xonanda Sitora Farmonova “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi tomonidan 19-iyul kuni konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi litsenziyasidan mahrum etildi. Birlashma vakilining ma’lum qilishicha, Farmonova xorijga chiqish tartib-qoidalarini buzgani uchun, litsenziyasidan mahrum etilgan.
Ayni vaqtda, 2015-yildan beri Bishkekning “Aziya Miks” jamoasi tarkibida Rossiyada tashkil etiladigan KVN musobaqalarida qatnashib kelayotgan Sitora Farmonovaning “Ovozli KiViN—2016” festivalidagi so‘nggi chiqishi ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘layotgan edi.
 
“Sayyod.com”ning yozishicha, ijtimoiy tarmoqlarning ba’zi foydalanuvchilari aktrisa o‘z chiqishi davomida O‘zbekistonni mazax qilgan, deb hisoblab, e’tirozlar bildirmoqda.
 
“Men Qirg‘iziston nomidan chiqish qilganim yo‘q. ‘Aziya Miks’ ishtirokchilari butun Osiyodan — Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va hokazo mamlakatlardan yig‘ilgan guruh. Men O‘zbekiston nomidan qatnashaman va dastlabki chiqishlarimiz vaqtida meni: ‘O‘zbekistonlik aktrisa Sitora Farmonova’, deb tanishtirishar edi. Guruh Qirg‘izistonda tuzilgani, shtabi o‘sha yerda bo‘lgani uchungina uni “Bishkek, Qirg‘iziston”, deb chaqirishadi”, — dedi aktrisa.
 
“O‘zbekistonning ustidan kulingani yo‘q. Mening chiqishimda shunday gap bor edi: ‘Kaliningrad menga yoqdi, ayniqsa, shaharning markazi. U menga Toshkentga eslatdi, juda ham chiroyli Kaliningrad!’. Bu O‘zbekistonning ustidan kulish emas, aksincha, bu o‘rinda shaharning chiroyli qismi menga Toshkentni yodga solgani aytilgan. U yerda juda ko‘p o‘zbeklarni, yurtdoshlarimni uchratdim, o‘zimni xuddi O‘zbekistonda yurgandek his qildim”, — dedi Sitora Farmonova.
 
“Litsenziyamning muddati esa tugagan. O‘zbekistonga endi keldim va, Xudo xohlasa, yana litsenziya olaman. Litsenziya bir yil muddatga beriladi va mening litsenziyam muddatidan avval tugatilganidan xabarim yo‘q. Shunchaki, litsenziyam muddati tugaganini bilaman”, — deya qo‘shimcha qildi aktrisa va xonanda Sitora Farmonova.

Источник: daryo.uz
Категория: SHOU-BIZNES habarlari | Добавил: AdminoFF (20.07.2016)
Просмотров: 1168 | Теги: Sitora Farmonova | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar