Главная » SHOU-BIZNES habarlari

Aktyor Azamat Ahrorov va aktrisa Shahzoda Muhamedova Xitoyda muammoga duch keldi





Rejissor va aktyor Azamat Ahrorov aktrisa Shahzoda Muhamedova bilan “Sen uchun” nomli filmni suratga olish uchun Xitoyga jo‘nab ketgani haqida xabar berilgan edi. Ma’lum bo‘lishicha, ular Xitoyda muammoga duch kelgan.
Masalaga oydinlik kiritish maqsadida jurnalist Feruz Muhammad Azamat Ahrorov bilan suhbat uyushtirdi.
 
— Avvalgi suhbatimizda Xitoyda “Sen uchun” filmini tasvirga olib qaytaman, degan edingiz. Shou-biznes vakillari esa siz va aktrisa Shahzoda Muhamedovani Xitoyga to‘y love-story’sini suratga tushirish uchun ketgan, deb aytmoqda.
— Xitoyga safarimizdan asosiy maqsadimiz film suratga olish edi, bundan tashqari, Xitoydagi film olish jarayonlari va texnikasini o‘rganish hamda sayohat qilish niyati ham bor edi. Biroq kichik muammoga duch keldik — s’yomka uchun zarur texnika masalasida Xitoydagi do‘stlarimizga ishongan edik, ular hozircha bu borada yordam berolmayapti. Mening ham, ijodiy jamoamizning ham boshi qotgan. Hozircha kunimiz faqat sayohat bilan o‘tmoqda. Agar texnika topa olsak, filmni ham albatta suratga olamiz.
 15-sentabr kuni rejissorlik faoliyatingizdagi to‘rtinchi film — “Notanish qotil” premyerasi belgilangan. Filmda bosh rollarni siz va Shahzoda Muhamedova o‘ynagan. Savol tug‘iladi — sayohat tufayli premyera qoldiriladimi yoki premyera tufayli sayohat?
— Sayohat ham, premyera ham o‘z vaqtida bo‘ladi. Xitoydagi sayohatimiz uzog‘i bilan yana 10—12 kun davom etishi mumkin. 15-sentabr kuni biz ham, filmda rol ijro etgan bizdan boshqa barcha aktyor-aktrisalar premyerada qatnashadi.
 
— “Notanish qotil”ning qisqa roligi uning ham ajoyib, ayni vaqtda vahimali film ekanligidan dalolat beryapti. E’tiborga molik tomoni, rolikning boshiga “16+” deb yozib qo‘yilgan. Bu filmni 16 yoshdan kichik bo‘lgan tomoshabinlar ko‘rishiga ruxsat berilmaydimi?
— “Notanish qotil” — rejissorlik faoliyatimdagi eng ko‘p vaqt, kuch va mablag‘ sarflangan film. “16+” degan yozuvning boisi — filmda qo‘rqinchli jang sahnalari, effektlar juda ko‘p. Filmda giyohvandlikka qarshi kurash, bu yo‘ldagi sa’i-harakatlar va ukasining qasosini oladigan aka taqdiri haqida hikoya qilinadi. “Notanish qotil” haqiqiy erkaklar ko‘radigan film bo‘lgan, deb o‘ylayman. Nima bo‘lganda ham, haqqoniy bahoni muxlislar beradi.
 Hozirdan: “Shahzoda va men bilan bog‘liq savollarni bermanglar”, deyapsiz. Hali to‘y bo‘lmasidan bu kabi savollar joningizga tegdimi?
— Chindan ham, bunday savollar hozirdanoq jonimga tegdi. Shahzoda bilan hayotimiz, shaxsiy ishlarimiz iloji boricha shaxsiyligicha, faqatgina o‘zimiz va o‘zimizga aloqador bo‘lgan insonlarga tegishli bo‘lib qolishini xohlardim. Ikkalamiz ham san’at yo‘lidamiz, muxlislar imkon qadar ijodimizga, filmlarimizga qiziqish bildirishlarini xohlardik. Shu o‘rinda, ijtimoiy tarmoqlarda bizni kuzatib borayotganlarga ham bir og‘iz so‘zim bor: agar ijtimoiy tarmoqlardagi bizning sahifalarimizga noo‘rin, shaxsiyatimiz bilan bog‘liq nomaqbul gap-so‘zlarni yozmoqchi bo‘lishsa, sahifalarimizga kirmay qo‘yaverishlarini iltimos qilmoqchiman. Har xil uydirma, qochirimli gap-so‘zlar, noo‘rin savollar jonimizga tegdi.
 

Источник: Daryo.uz
Категория: SHOU-BIZNES habarlari | Добавил: AdminoFF (24.08.2016)
Просмотров: 805 | Теги: Shahzoda Muhamedova Azamat Ahrorov | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar