Главная » MAXALLIY YANGILIKLAR

Atoqli o‘zbek shoiri Erkin Vohidov olamdan o‘tdi



O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq shoiri, mashhur ijodkor Erkin Vohidov uzoq xastalikdan so‘ng 30-may kuni kechga yaqin vafot etdi.

O‘zbekiston xalq shoiri (1987), O‘zbekiston Qahramoni (1999), dramaturg va jamoat arbobi Erkin Vohidov 1936-yil 28-dekabr kuni Farg‘ona viloyati Oltiariq tumanida tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining filologiya fakultetini tugatgan (1960).

“Yosh gvardiya” nashriyotida muharrir, bosh muharrir (1960–1963; 1975–1982), G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotida muharrir, bosh muharrir (1963–1970), direktor (1985–1987), “Yoshlik” jurnali bosh muharriri (1982–1985) bo‘lib ishlagan.

Ilk she’riy to‘plami — “Tong nafasi” 1961-yilda nashr etilgan. Keyinchalik “Qo‘shiqlarim sizga” (1962), “Yurak va aql” (1963), “Mening yulduzim” (1964), “Muhabbat” (1976), “Kelajakka maktub” (1983), ikki jildli saylanma (“Muhabbatnoma” va “Sadoqatnoma”, 1986), “Kuy avjida uzilmasin tor” (1991), “Yaxshidir achchiq haqiqat” (1992) singari kitoblari dunyo yuzini ko‘rgan.

Shuningdek, U Gyotening “Faust” asarini, Sergey Yeseninning she’rlarini o‘zbek tiliga tarjima qilib, alohida kitob holida nashr ettirgan, Shiller, Iqbol, Ulfat, Rasul Hamzatov, Lesya Ukrainka, Aleksandr Blok va boshqa turli xalqlar shoirlari asarlarini ham o‘zbek tiliga tarjima qilgan.

Erkin Vohidov “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni bilan mukofotlangan (1997). Hamza nomidagi O‘zbekiston Davlat mukofoti laureati (1983). Shuningdek, 2016 yili shoir haqida “Erkin Vohidov zamondoshlari nigohida” to‘plami ham nashr etilgan edi.


Источник: daryo.uz
Категория: MAXALLIY YANGILIKLAR | Добавил: AdminoFF (30.05.2016)
Просмотров: 457 | Теги: Erkin Vohidov | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar