Главная » SHOU-BIZNES habarlari

Bir dona-yu, yagona san`atkorlar reytingi



San`atga kirib kelgan har qanday ijodkor qaysidir yo`nalishda ijod qilishni istaydi. Kimdir bu borada omad qo`lini tutsa, kimdir ansincha... Ammo o`ziga xos yo`nalishga ega bo`lganlar sanoqli.  Ularga taqlid qiluvchilar, ularning yo`nalishida kuylovchilar doim topiladi, biroq san`at shohsupasining yuqori cho`qqilariga ko`pchilik eta olmaydi. “Sabo” gazetasi o`tkazgan so`rovnomada quyidagi natija ayon bo`ldi.

“Muhabbat kuychisi...”
Mavzu tanlash va uni klip orqali ta`sirli tarzda etkazib berish borasida Anvar Sanaev ilg`or. Garchi biror-bir unvon olmagan bo`lsa-da, jurnalistlar va muxlislar unga “Muhabbat kuychisi” deb ta`rif berishgan. Bugungi kunda sevgi va muhabbatni kuylovchilar bisyor, ammo Anvar Sanaevchalik emas. U allaqachon bu yo`nalishda cho`qqini “zabt etib” bo`lgan. Buni ko`pchilik hamkasblari ham tan olishadi. “Bir dona-yu, yagonalar” reytingida u “Muhabbat kuychisi” bo`lishga haqli deb topildi.

“Armonli ishq ovozi...”
O`zbekiston xalq artisti Zulayho Boyxonova qo`shiqlarini bir tinglab, o`sha paytdagi uning holatini kuzatganmisiz? Deyarli barcha qo`shiqlarida dard mujassam. Shuning uchun bo`lsa kerak uning konsertiga tashrif buyuruvchi muxlislarning yoshi chegara bilmaydi.  Xonandaning aksariyat taronalari ayollarning erisha olmagan ishqini armonli nola va ovozda tinglovchilarga etkazib berishi bilan ajralib turadi. Shuning uchun muxlislari unga “Armonli ishq ovozi...” yo`nalishida bir donalikni lozim topishdi.

“Hazil va bachkanalik qiroli...”
O`zbek estradasida jiddiy qo`shiq kuylash yarashmaydigan xonanda bu Jahongir Poziljonov bo`lsa ajabmas. Uning yo`nalishi ham o`ziga xos va mosligi qaysidir ma`noda haqiqat. Bu yo`nalishga o`zini urganlar topiladi, ammo “Bojalar”chalik ommalashmadi yoki ularga yarashgandek yarashmadi. Shuning uchun Jahongir Poziljonov reytingning “Hazil va bachkanalik qiroli” tojiga munosib ko`rildi.

“Folklor primadonnasi...”
O`zbekning etno-folklorini nafaqat diyorimizda, balki ko`plab xorijiy davlatlarda, tom ma`noda targ`ib etayotgan yagona ijodkor, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Hosila Rahimovadir. Liboslaridan tortib, 90 foiz ijod namunalarigacha milliy folklorimizga bag`ishlangan. Har bir yaratayotgan ijod namunasida ma`lum bir urf-odatimizni ko`rsatishga harakat qilayotgan, asori atiqa sanalgan taqinchoq va milliy bezaklarimizni ko`z-ko`z etayotgani tahsinga sazovor. Unutilayotgan tarixni kelajak va bugunga ko`prik sifatida etkazib berayotgani uchun u reytingimizda “Folklor primadonnasi” tojiga loyiq ko`rildi.

“Ona mavzusi egasi...”
Jonli konsert berish borasida peshqadamlardan sanalgan O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Shuhrat Qayumov ona mavzusida kuylash borasida ham yagona peshqadam. Har bir xonandaning repertuaridan ona mavzusi o`rin olgan, ammo Shuhrat Qayumovnikichalik yuraklarni larzaga soladigan, eshitganda yig`latadigan va o`ta ta`sirli emas. Ishonmasangiz farqlash uchun uning qo`shiqlarini tinglab ko`ring. Xonanda mashhur shoirlardan bu borada she`r izlamas ekan. Kitob va jurnallardagi she`rlar orasidan yaxshilarini saralab olishni afzal ko`rar ekan. U taniqlimi, havaskor shoirmi farqi yo`q. Muhimi dillarni titrata olishi kerak. Shuning uchun bugun unga “Ona mavzusi egasi...” nominasiyasida g`oliblik nasib etdi.

Источник: darakchi.uz
Категория: SHOU-BIZNES habarlari | Добавил: AdminoFF (29.07.2016)
Просмотров: 854 | Теги: Shou Biznes | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar