Bloger Miraziz Bozorovga nisbatan ayblov e’lon qilindi

29-apreldan buyon uy qamog‘ida bo‘lgan bloger Miraziz Bozorovga Jinoyat kodeksining 139-moddasi 3-qismining “g” bandi (g‘arazgo‘ylik yoki boshqa past niyatlarda tuhmat qilish) bilan ayblov e’lon qilindi. Bu haqda “Gazeta.uz” uning advokati Sergey Mayorovga tayanib xabar qildi.


Toshkent shahar IIBB ma’lum qilishicha, 1-aprel kunidan 20-aprelga qadar fuqarolardan 28 ta ariza, shuningdek, Mirobod tumani 110-son umumta’lim o‘rta maktabi o‘qituvchilaridan jamoaviy ariza kelib tushgan hamda unda Miraziz Bozorovga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni talab qilishgan.

Bayonotga asosan, bloger internetda joylagan videolarida “ushbu fuqarolarni va ularning qarindoshlarini haqorat qilgani, ularni terroristik tashkilotlar bilan hamkorlikda ayblab tuhmat qilgani, milliy an’analarni oyoqosti qilib, ayollarning sha’niga putur yetkazayotgani hamda millatlararo nizo uyg‘otgani” aks etgan.

Advokat Sergey Mayorovning aytishicha, Miraziz Bozorovga uchta bloger ishi bo‘yicha ham ayblov qo‘yilgan.

“Dastlab 28-aprelda unga nisbatan ayblov e’lon qilindi. Unda Bozorov tuhmat qilganlikda gumon qilinayotgani aytilgan. U hozirda gumon qilinuvchi maqomida. Arizada faqat 110-maktab o‘qituvchilari tilga olingandi. Qonunga binoan ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lsa, unga nisbatan 10 kun ichida ayblov e’lon qilinishi kerak edi.

Keyinroq 8-may kuni unga nisbatan 110-maktabning o‘qituvchilari hamda Bozorovga ta’qib boshlagan uchta blogerning arizasiga binoan tuhmat qilish bo‘yicha ayblov e’lon qilindi”, – dedi uning advokati.

Miraziz Bozorovning o‘zi Telegram-kanalida uchta bloger nomini ta’kidlab o‘tgan. Ular – Abror Abduazimov (Abror Muxtor Aliy), Shuhrat Musayev va Abusolih Salimov (AbuSolih Fox). Bozorovning ta’kidlashicha, ushbu uch bloger o‘z obunachilarini unga qarshi “qo‘zg‘agan”.

U, shuningdek, aytilgan blogerlardan biri uning manzilini “o‘ldirishga chaqiriq bilan” e’lon qilganini da’vo qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, tahdidlar to‘g‘risida huquqni muhofaza qilish idoralariga qilgan murojaatlariga e’tibor berilmagan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda bir jinsli munosabatlarning qonuniylashtirilishiga qarshi bo‘lgan faollar 28-mart kuni o‘z noroziliklarini bildirish maqsadida Toshkent markazidagi Amir Temur xiyoboni oldida to‘plangandi. Keyinroq Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati LGBT faollariga qarshi norozilik holatidan so‘ng 12 kishi ushlanganini ma’lum qildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari Sherbek Bo‘ronov, Gulbahor Saydg‘aniyeva va Gulruh Agzamova so‘nggi kunlarda Toshkentda yuz bergan voqealarga o‘z munosabatlarini bildirdi.

Deputat Alisher Qodirov LGBT targ‘ibotiga qarshi “yumshoq jazo”ni kuchaytirishga, Rasul Kusherbayev esa provokatorlarga chora ko‘rishga chaqirdi. Keyinroq LGBT huquqlarini himoya qilgan bloger Miraziz Bozorov o‘z uyi oldida do‘pposlab ketilgani ma’lum qilindi.

Ushbu mojarolar haqida 30-mart kuni Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ham munosabat bildirib, xalqaro tashkilotlarni O‘zbekiston yoki boshqa har qanday davlatga biror talab qo‘yishdan oldin millatning mentaliteti, dini, madaniyati, urf-odatlarini inobatga olishga chaqirdi. AOKA esa LGBT mojarolari hamda shu bilan bog‘liq voqealar yuzasidan bloger va ijtimoiy tarmoq faollariga murojaat qildi.

Bundan tashqari, BMT Toshkentda sodir bo‘lgan “xavotirli voqealar”ni xolis tergov qilishga chaqirdi.


Категория: MAXALLIY YANGILIKLAR | Теги: Bloger, LGBT, qilindi, e’lon, nisbatan, Miraziz Bozorov, ayblov
Просмотров: 3067 | Рейтинг: 0.0/0

Похожие материалы

ПРОФИЛЬ
Время: 18:10
Добро Пожаловать, Гости
 
Логин:
Пароль:
Copyright © MP3LAR.COM 2016-2024 | Все права защищены | Реклама | Мы не несём ответственности за содержание. | Бесплатные произведения предназначены исключительно для предварительного ознакомительного прослушивания. Использование материалов сайта возможно только с письменного разрешения Администрации. | Сделать бесплатный сайт с uCoz