Chempionlikdan so‘ng: Milliy terma jamoani shu yoshlarga topshirish to‘g‘ri bo‘ladimi?

9-27 yanvar kunlari mobaynida Xitoy mezbonligida o‘tgan Osiyo chempionati finalida Vetnam terma jamoasini qo‘shimcha vaqtda urilgan gol evaziga 2:1 hisobida mag‘lub etib, Osiyo chempioni bo‘lgan O‘zbekiston U-23 terma jamoasi Toshkentga qaytib keldi. Quyida ushbu turnir yakunlariga xulosa qilinadi.

Ravshan Haydarov

Ravshan Haydarovni murabbiy sifatida kamida o‘n besh yildan beri bilamiz. «Traktor», «Paxtakor» va hatto unga o‘z vaqtida jahon chempionatida saralashida qatnashayotgan terma jamoamiz ham ishonib topshirilgandi. Ammo u doim kimningdir soyasida qolgan, avvaliga Agamurodov, keyin Yurgen Gyode yoki Viktor Jalilov unga, Haydarovga sherik bo‘lar, so‘nggi yillarda esa, u ko‘proq Samvel Babayanning «chizig‘idan chiqmaydigan mutaxassis» sifatida taassurot qoldirayotgandi.

Ushbu musobaqa Haydarovni aynan murabbiy sifatida qaytadan kashf etdi, deyish mumkin. Jamoa o‘yinida murabbiyning qo‘li yaqqol sezildi, ayniqsa, musobaqa davomida paydo bo‘lgan turli vaziyatlarga yoshlarni tayyorlash oson emas – guruhdagi chigal vaziyatda sovuqqonlik, yaponlarning bizdan yosh ekanini hisobga olib dastlabki daqiqalardan bosim uyushtirish, Janubiy Koreya bir o‘yinchi kam bo‘lib qolganda tashabbusni qo‘lga olish, finaldagi noqulay ob havo va ayniqsa, 1:1 hisobidagi o‘yinlarda o‘zini suvga tushgan baliqdek his qiladigan Vetnam jamoasini mag‘lub etish. Bularning barchasida bosh murabbiyning muhim va o‘z vaqtida chiqarilgan qarorlari turganini alohida ta’kidlash joiz.

Hujumkorlik

Futbolchilarimiz pley-offdan boshlab 3 o‘yinda jami 10 gol urishdi. Gollar standart vaziyatlardan ham, tezkor qarshi hujumlar yoki pozision hujumlardagi chiroyli kombinatsiyalar orqali ham kiritildi. Gol urgan futbolchilar ham har xil, ya’ni jamoa o‘yinida rang-baranglik va hujumkorlik ko‘zga tashlandi.

Eng asosiysi, Yaponiya va Koreyaga qarshi o‘yinlarda kerakli hisoblar qayd etilgandan keyin ham jamoa himoyaga o‘tib olmadi va yana gol urish, chiroyli o‘yin ko‘rsatishga bo‘lgan harakatlar sezilib turdi.

Bu U23!

Bu qanday musobaqa, bizga biror yo‘llanma beradimi, bu futbolchilar yakunda milliy terma jamoamizga qay darajada foydali bo‘ladi, bu omillardan qat’i nazar, g‘alaba bu – g‘alaba.

Ayniqsa, o‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi turli musobaqalarda umid baxsh etib, hatto jahon chempionatlarida to‘p surgan futbolchilarimiz vaqt o‘tib umuman yo‘qolib ketganliklari muxlislarda pessimistik qarashlarni ham yuzaga keltirishi tabiiy. O‘smir yoki yosh paytda iqtidorli yoshlarga ega bo‘lishimiz, ammo vaqt o‘tib, ular futbolimizda yo‘qolib, aksincha, koreys va yapon tengqurlari yulduz bo‘lib ketishlari hikoyasini ko‘p tinglaganmiz.

Ammo bu turnir 23 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasida bo‘lganini ham unutmaslik kerak. Ya’ni 16 yoki 19 emas, 23. Demak bu yoshda futbolchi shakllanib bo‘ladi, klubida o‘z o‘rnini topib olgan bo‘ladi. Hamdamov, Siddiqov, Yaxshiboyev va bu turnirda qatnasha olmagan Shukurov allaqachon oliy ligada ham yulduzga aylanib bo‘lishgan. Bu futbolchilarning endi birgalikda, xalqaro turnirda zafar quchganliklari tahsinga sazovor: ham o‘zi kabi raqiblardan ustunligini namoyish qilishdi, ham yangi bir tajriba, o‘ziga bo‘lgan ishonchni orttirishdi.

Endi biroz osmondan yerga tushamiz.

Chempionlik bizga olimpiya yo‘llanmasini bermaydi.

Ikki yil oldin Babayan boshchiligidagi U23 jamoamiz xuddi shunday musobaqada qatnashib, guruh bosqichida qolib ketgandi. O‘sha turnir, xuddi 2020 yilda bo‘ladigan musobaqa kabi, Olimpiadaga yo‘llanma beruvchi chempionat bo‘lgandi. Afsuski, biz kerakli natijaga erishgan bu safargi musobaqa hech qanday yo‘llanmani taqdim etmaydi.

Bu chempionlikning orqasidan, yoshlarimizning yanada yirikroq va kuchliroq musobaqalarda qatnashishlari juda ham foydali bo‘lardi. Bu yoshlarimiz esa, birgalikdagi oxirgi musobaqalarini o‘tkazishdi, endi tarqab ketishadi.

Strategiya yo‘q edi

Ana shu bolalar tug‘ilmasdan oldin, 1994 yilda Hirosimada chempion bo‘lganmiz va o‘zimizni Osiyoda tengsiz deb o‘ylay boshlagandik. Ammo bunday turnirlarga bo‘lgan munosabat borasida yaxshigina tajribaga ega bo‘lgan Yaponiya yoki Koreya kabi terma jamoalar turnirga ko‘proq yosh tarkibni jo‘natib, aslida, JCh-98 saralashi yoki Osiyo kubogi-96 ga tayyorgarlikni boshlab yuborganliklarini sezmaganmiz ham. O‘sha chempionlikdan ikki yil o‘tib Yaponiya bizni 4:0 hisobida yengdi, kelasi yilda esa, Koreya Toshkentga kelib, darvozamizga 5ta to‘p yo‘llab ketdi.

Misol uchun, yaponlar bu turnirga 19-20 yoshli bolalarini olib keldi. Nega? Chunki ikki yil o‘tib, bu jamoa yanada tajribaliroq bo‘lib xuddi shunday turnirga kelishadi. Yuqorida aytilganidek, 2020 yilda bo‘ladigan chempionatning bahosi yuqoriroq – olimpiadaga yo‘llanmani taqdim etadi.

Biz esa, bu turnirdan foydalanish uchun alohida strategiyaga ega bo‘lmadik. To‘g‘ri, chempionlik yaxshi. Ammo agar sovrin qo‘lga kiritilmaganda, ertaga tarqab ketadigan jamoani chempionatga olib kelish to‘g‘ri qaror deya olarmidik?

Xulosa

Bu muvaffaqiyatdan keyin, ko‘pchilik bu bolalarni jamoa sifatida saqlab qolishni va milliy terma jamoaga aylantirishni maslahat bermoqda. Go‘yoki, bu jamoa yanada ulg‘ayib, Osiyoning eng yaxshilaridan biri bo‘lishi mumkin ekan.

Menimcha, bu noto‘g‘ri.

Albatta, yaqin kelajakda terma jamoamiz Osiyoda yetakchilardan biriga aylanishiga umid qilaman va agar shunday bo‘lsa, o‘sha tarkibda kecha g‘alaba qozongan ko‘pgina futbolchilar ham bo‘lishi mumkinligi shubhasiz. Ammo milliy terma jamoaga mana shunday qarash prinsipial xatodir.

Milliy terma jamoada har doim, ayni o‘sha paytdagi eng kuchli futbolchilar to‘p surishi kerak. To‘g‘ri, bosh murabbiy bir necha yil keyin bo‘ladigan biror turnirga tayyorgarlik uchun strategiyani ishlab chiqishda, o‘sha vaqtda bugungi formasida bo‘lmaydigan ba’zi katta futbolchilardan voz kechishi va o‘rniga yoshrog‘ini tanlashi mumkin. Ammo bu murabbiyning qarori bo‘ladi. Yosh jamoani strategiya sifatida milliy terma jamoaga aylantirib olish, raqobatni pasaytirib yuboradi, futbolga zarar keltiradi. Aksincha, yoshlar Ahmedov, Denisov kabi tajribali futbolchilar bilan birgalikda o‘sib borishlari kerak.

Terma jamoada kimlar maydonga tushishini o‘sha jamoaning bo‘lajak murabbiyiga qo‘yib beraylik. Hech qaerda amalda qo‘llanmagan (balki qaysidir arab terma jamoalari qilgandir, lekin natijani ko‘rib turibsiz) qandaydir qarorlarga murabbiyni bog‘lab qo‘ymaslik kerak. Terma jamoaga nomzod bo‘lishga shu mamlakat pasportiga ega bo‘lgan 20 yoshdan 35 yoshgacha, balki undanam yoshroq va undanam kattaroq har qanday futbolchi haqlidir. Ularni tanlashda, qaysi kriteriyalarni ishga solishni ham bosh murabbiyga qo‘yib berilishi eng to‘g‘ri yo‘ldir, nazarimda.

Q.Aslanov



Категория: SPORT YANGILIKLARI | Теги: Milliy terma jamoa
Просмотров: 952 | Рейтинг: 0.0/0

Похожие материалы

ПРОФИЛЬ
Время: 08:12
Добро Пожаловать, Гости
 
Логин:
Пароль:
Copyright © MP3LAR.COM 2016-2024 | Все права защищены | Реклама | Мы не несём ответственности за содержание. | Бесплатные произведения предназначены исключительно для предварительного ознакомительного прослушивания. Использование материалов сайта возможно только с письменного разрешения Администрации. | Сделать бесплатный сайт с uCoz