Главная » BILASIZMI?

Er-xotin o`rtasidagi sovuqchilikka jinsiy munosabatlarning ta`siri




 

Mutaxassislar fikricha, er-xotin o`rtasidagi sovuqchilikka jinsiy munosabatlarning ta`siri beqiyos ekan. Zero, erkak va ayol bir-birining xohish-istaklarini to`g`ri tushunmasa, kundalik hayotda ham «til topishishlari» oson bo`lmaydi. Xo`sh, muammolarga oydinlik kiritish uchun juftliklar jinsiy hayot va nozik muomila sirlari haqida o`zaro fikr almashishlari zarur(!)mi? Keling, shu haqda sirlashamiz.

Vaziyatni o`rganing...

Er-xotin bir tanu bir jon ekan, har qanday mavzudagi suhbatni ochiq-oydin muhokoma qilishi mumkin.

To`g`ri, kezi kelganda, turmush o`rtog`ingiz bilan jinsiy hayot sifati to`g`risida suhbat qurishingiz mumkin. Zero, bunga haqlisiz! Ammo bunday suhbatlar uchun vaziyat, sharoit va juftingiz munosabatini ham hisobga olganingiz ma`qul. Sababi ayrim erkaklar uchun nozik munosabatlar mavzusi «pardaga o`rog`liq» qolishi shart bo`lsa, ba`zilar o`zaro fikr almashishni ma`qullashadi. Agar juftingiz fe`l-atvorini yaxshi bilsangiz, bu borada to`g`ri qaror qabul qila olasiz.

Gapni kim boshlaydi?

Bu haqda kim avval so`zlashi kerak, erkakmi yoki ayol?

Mutaxassislar fikricha, bu mavzudagi savollar ko`proq erkaklar tarafidan «muhokama»ga qo`yilib, ular rafiqasining qanday munosabat bildirishiga qiziqishadi. Mana shu vaziyatda sergak bo`lmasangiz, juftingizga sovuqqon malikadek ko`rinib qolishingiz ham mumkin. Chunki erkaklar uchun jinsiy hayot qanchalik muhim bo`lsa, ular ayolidan ham shu qadar ma`suliyat va hayrixohlikni kutishadi.

Istaklarimizni aytamizmi?..

Er-xotin qachon bir-birining xohish-istagini tushuna oladi?

Qachonki, juftliklar bu haqda etarlicha ma`lumotga ega bo`lib, bir-birining ko`nglini olishga og`rinmasa... Bilsangiz, ba`zi erkaklar o`z xohish-istaklari haqida rafiqasiga so`zlashni yoki  piching qilishni uyat bilishmaydi. Aksincha, ayoli ham uni qo`llab-quvvatlashini istashi mumkin. Demak, er-xotin suhbatida o`zaro xohish-istaklarni bildirib turish nojo`ya ish emas. Bunday nozik suhbatlar munosabatlaringizni yanada mustahkamlab, o`zaro ishonch va hurmatni oshiradi.

Qaydasan «romantika»?

Balki sizga erish tuyular, ammo oilaviy munosabatlarda romantik muhitning ham o`z o`rni katta. Buning uchun alohida tayyorgarlik yoki allaqanday xaridlar shart emas. Shunchaki, kundalik turmushingizga ozroq o`zgarish kiritsangiz bas. Qarshi jins vakillari ko`rkamlik va rang-baranglikni yoqtirishadi. Garchi bu haqda ochiq-oydin so`zlashmasa-da, odatiy muhitning o`zgarishida gap ko`p. Ba`zi erkaklar aynan ayoli tomonidan e`tibor kuchayganini his qilsalar, o`zlari ham rafiqalariga nisbatan xushmuomala bo`lishadi.

Sham yonmasa, parvonasi bo`lmaydi…

Turmush o`rtog`ingiz  uchun qanday ko`rinasiz?

«Hamma qatori» deyishga shoshmay, kiyim javoningizdagi tungi yotoq liboslarini ham bir sidra ko`zdan kechirib ko`ring. So`nggi marta qachon ularni yangiladingiz? Eslaysizmi? Garchi siz uchun ahamiyatsizdek ko`rinar, ammo mana shu omil ham juftingiz bilan nozik munosabatlaringizda muhim rol o`ynaydi. Erkaklar nazdida  uning ayoli hammadan go`zal va maftunkor. Shunday ekan, mana shu e`tirofni bardavom etish ham o`z qo`limizda!

Maqtov erkakni ko`klarga ko`taradi!

Avvallari turmush o`rtog`ingizga erkalovchi so`zlar bilan murojaat qilgansiz. To`g`rimi? Xo`sh, o`sha kayfiyat nega hozir ko`rinmaydi? Bilsangiz, erkaklar o`z juftidan faqat ungagina atalgan va hech kim bilmaydigan so`zni eshitishni istashadi. Bu go`yoki juftliklarni ko`rinmas ip bilan bog`lovchi va munosabatlarni go`zallashtiruvchi rishtadir.

Xatti-harakatlar «til»ini bilasizmi?

Kayfiyatingiz yoki sog`ligingiz yaxshi bo`lmasa, bu haqda juftingizga qanday bildirasiz? Tabiiyki, erkaklar nazdida bunday vaziyatlar «ayollar bahonasi» xolos. Agar holatingizni qo`rs harakat bilan oshkor qilsangiz, albatta, juftingiz biror achchiq gap bilan sizni «siylashi» aniq. Yaxshisi, muloyim ohangda vaziyatni shunday tushuntiringki, go`yo uning uchun antiqa sovg`a tayyorlagandingiz-u, qurib ketgur bosh og`rig`ini deb, amalga oshirolmayapsiz. Ishoning, erkaklar bu borada qiziquvchan bo`lib, albatta,  kelasi safar uchun imkoniyat berishadi.

Hullas, oilaviy hayotingiz ko`ngildagidek bo`lishi uchun juftingiz istaklarini tinglashga, hurmat qilishga, o`z fikr-mulohazangiz, qarashlaringizni yashirmaslikka harakat qiling. Eng asosiysi, hayotingizning ushbu «sahna»sida bosh rol ijrosi faqat U va SIZga tegishli ekanligini esda saqlang.

Oliy toifali shifokor androlog-seksapotolog Ramazon NAZAROV tavsiyalari asosida

MARJONA tayyorladi.


Источник: darakchi.uz
Категория: BILASIZMI? | Добавил: AdminoFF (04.10.2016)
Просмотров: 1336 | Теги: er-xotin | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar