Главная » SHOU-BIZNES habarlari

Farhod Alimov: “Rayhon bilan dardimiz bir






Rayhon G‘aniyeva va Farhod Alimov 29 oktabr kuni turmush qurishyaptimi?”, degan savol ayni damda shou-biznes olamini kuzatib boradigan millionlab muxlislarni qiynamoqda, desak adashmagan bo‘lamiz.
 
Bir necha kundan beri Telegram messenjerida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyevaning bugungi kunda to‘ylar, turli nufuzli tadbirlarda boshlovchilik qilayotgan Farhod Alimov bilan tushgan surati ko‘plab mish-mishlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda. Bugungacha bu gap-so‘zlarga nisbatan Rayhon G‘aniyeva ham, Farhod Alimov ham izoh berishmagan edi.
 
Biz to‘y haqidagi gaplarga oydinlik kiritish maqsadida boshlovchi Farhod Alimov bilan bog‘landik va xonanda Rayhon G‘aniyeva  bilan munosabatlari, to‘y kuni, umuman olganda, ular o‘rtasidagi munosabatlar haqida izoh so‘radik.
 
Odatda mashhur insonlar orasida shunday mish-mishlar tarqalganda, ular OAV xodimlaridan qochishga, izoh bermaslikka harakat qilishadi. Farhod Alimov bilan telefon orqali suhbat esa bunday kechmadi, u barcha savollarimizga hech qanday bahonalarsiz javob berdi.
 
— Farhod aka, bizga berilayotgan ma’lumotlarga ko‘ra, siz va Rayhon 29 oktabr kuni turmush qurayotgan ekansizlar, shu rostmi? Bundan tashqari, to‘y Toshkentda emas, boshqa davlatda bo‘lishi ham rejalashtirilayotgan ekan, buning sababi nima?
 — Aytishim kerakki, biz Rayhon bilan hozircha shunchaki do‘stona munosabatdamiz. Bir-birimizni 20 yildan beri taniymiz. 29 oktabr kuni to‘yimiz bo‘lishi, to‘yning Toshkentda emas, chet davlatda bo‘lishi haqidagi ma’lumotlar noto‘g‘ri. Hozircha bu haqda biror nima deyishim qiyin.
 
— Sizga hazilomuz bir savolim bor: 29 oktabr kuni nima bilan band bo‘lasiz?
— Ha, albatta! 29-oktabr kuni “Yakkasaroy” to‘yxonasida bo‘ladigan to‘y tadbirida boshlovchilik qilaman.
 
— Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan suratlarchi? Ular haqida nima deya olasiz?
 — To‘g‘risini aytganda, suratlarni hali o‘zim ham ko‘rganim yo‘q. Biz turli tadbirlarda birgalikda suratga tushgan bo‘lishimiz mumkin, ammo uzuk izlab yurgan suratlarimiz qayerdan olinganini tushunmadim. Bu fotoshop bo‘lsa kerak.
 
— Muxlislarimiz orasida oilangiz haqida ma’lumot berishimizni so‘rayotganlar talaygina. Rayhon bilan munosabatlaringiz haqidagi fikrlar paydo bo‘lgach, ko‘pchilik sizning oilali inson ekaningizni aytdi. Biroq bizda boshqacha ma’lumot bor...
 — Men, biz haqimizda, xususan to‘yimiz bo‘layotgani haqida yozilgan maqolalarda “Farhod uylangan yigit-ku”, degan fikrlarni ham o‘qidim. Men ajrashganman. Bir necha yillik turmushdan so‘ng, sobiq rafiqam bilan bir-birimizga to‘g‘ri kelmasligimizni tushunib yetdik. Farzandlarim bilan haftada 2-3 bor ko‘rishib turamiz. Ajrashgan bo‘lsak-da, sobiq rafiqam bilan do‘stona munosabatlarni saqlab qolganmiz.
 
— Agar erkin bo‘lsangiz ayni vaqtda Rayhon bilan munosabatlaringiz qanday? Balki mish-mishlar bir kuni rostga aylanar?
— Biz yaqin do‘stlarmiz. Ayni vaqtda bizning dardimiz bir. Rayhon bilan munosabatlarimiz haqida biror fikr aytishga hali erta. Hamma narsa ayni vaqtda muhokamada.
 
Avvalgi maqolalarimizda aytganimizdek, 2015 yilning yanvar oyida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyeva turmush o‘rtog‘i, aktyor Yigitali Mamajonov bilan ajrashayotgani haqida rasman xabar qilgandi. Shu bugunga qadar Rayhon va Yigitali oilaviy ajrim sabablarini OAVga va muxlislariga oshkor qilishgani yo‘q. Biroq, Rayhonning intervyulari va ijtimoiy tarmoqlarda yozib qoldirgan izohlarida sobiq  turmush o‘rtog‘i Yigitali Mamajonovdan qattiq ranjiganini sezish qiyin emasdi.
 
Garchi Rayhon ajrashayotgani haqida 2015 yilning yanvar oyida rasman e’lon qilgan bo‘lsada, Rayhon va Yigitali o‘rtasidagi munosabatning darz ketgani 2014 yildayoq barchaga ma’lum bo‘lib ulgurgandi. 2014 yil “Izlama” qo‘shig‘ini kuylagan Rayhon ayni qo‘shiqqa ishlangan klipda boshlovchi Farhod Alimov bilan suratga tushgan.
 
Balki, Rayhonning
“Qani edi sarob bo‘lsa,
Bu azoblar unut bo‘lsa,
Yolg‘izlikka yurak ko‘nsa,
Afsus endi kech. Izlama...”, deya kuylagan qo‘shig‘iga ishlangan klipda aynan Farhod Alimovning suratga tushgani bejiz emasdir. Taqdir ularni shu tarzda yaqinlashtirgandir
 

Источник: qalampir.uz
Категория: SHOU-BIZNES habarlari | Добавил: AdminoFF (27.10.2016)
Просмотров: 917 | Теги: Rayhon G‘aniyeva, Farhod Alimov | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar