Islom quyoshining botishi. Bag‘dodning mo‘g‘ullar tomonidan egallanish tarixi

1258-yil 10-fevral kuni bir necha kunlik qamaldan so‘ng, Hulaguxon boshliq mog‘ullar qo‘shini Islom xalifaligi poytaxti, ilm markazi Bag‘dod shahrini egalladi va shaharning kulini ko‘kka sovurdi. “Daryo” sana munosabati bilan mazkur voqea haqida hikoya qiladi.

Tarixiy sharoit

Bu davrda Islom xalifaligi boshida Abbosiylar sulolasidan bo‘lgan xalifa al Mustasim edi. Umuman, Abbosiylar xalifalik boshiga 750-yilga kelgan va IX asrdan boshlab o‘zining asosiy katta hududlaridan ayrilib qolgan edi. Jumladan, 801-yilda Tunis va Trablus (Tripolitaniya), 825-yilda Ozarbayjon, 850-yilda Yaman, 864-yilda Tabariston, 870-yillarda Sind va Fors, 875-yilda Movarounnahr, 879-yilda Kipr, 884-yilda Armaniston hududlari, 889-yilda Eron Ozarbayjoni, 899-yilda Arabiston yarimorolining bir qismi (Hijozdan tashqari), 907-yilda esa yuqori Mesopotamiyani qo‘ldan boy berdi.

Eng yomoni 945-yilda xalifalik taxtiga shialarning Buvayhiylar sulolasining vassal sifatida al Muti o‘tirdi. Shu tariqa xalifa o‘zining siyosiy huquqlaridan mahrum bo‘lib, faqat diniy huquqlarni o‘zida saqlab qoldi. 1055-yildan xalifalik Saljuqiylar hukmronligi ostiga o‘tdi va bu 1157-yilgacha davom etdi. Ammo mustaqillikka erishganiga qaramay, uning hududi faqatgina quyi Mesopotamiya bilangina cheklanib qolgan edi. Shunga qaramay, uning ramziy ahamiyati yuqori edi va poytaxt Bag‘dod hamon ilm-fan markazi edi.

XIII asr boshida Gobi sahrosida yangi bir kuch paydo bo‘ldi. Bu Chingizxon asos slogan mo‘g‘ullar imperiyasi edi. Qisqa vaqt ichida Forsgacha yetib kelgan mo‘g‘ullar 1257-yilga kelib Bag‘dod ostonalariga keldi. Bu vaqtga kelib ular Markaziy Osiyo, Xuroson, Fors, Kavkaz va Kichik Osiyoni zabt etib ulgurgan edi.

Chingizxon vafotidan keyin uning taxtida uchinchi o‘g‘li O‘qtoy o‘tiradi. Fors va Xuroson hududlari Chingizning to‘rtinchi o‘g‘li Tuluning ixtiyorida edi. Keyinchalik bu yerda Ilhoniylar sulolasiga asos solinadi. Ilhoniylarning eng yirik hukmdori esa Hulaguxon edi. Ilhoniylar ham, Jo‘ji ulusi ham, Chig‘atoy ulusi ham markaziy hokimiyatga bo‘ysunar edi. Shu sababdan, Hulaguxon Bag‘dodga yurish haqidagi amrni Pekindan, ya’ni ulug‘xon Mo‘nkexondan oladi.

Shunday qilib, Mo‘nkexon buyrug‘i bilan Hulaguxon katta qo‘shin to‘plab Bag‘dod ustiga yuradi. Otamalik Juvayniyning ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘shin tarkibida mingta Xitoy to‘plari, shuningdek, armanlar, gurjilar, turklar va forslardan iborat birliklar ham bor edi. Hulaguxon qo‘shinining soni 120 mingdan 150mingacha kishini tashkil qilgani manbalarda qayd etilgan. Qo‘shinga bosh qo‘mondon Hulaguxonning o‘zi bo‘lsa, undan tashqari Arg‘un og‘a, Bayju No‘yon, Buqa Temur, Ketbo‘g‘a singari mashhur mo‘g‘ul qo‘mondonlari ham o‘z birliklari bilan yetib kelgan edi.

Xalifaning esa 80 mingga yaqin qo‘shini bor edi. Bu paytga kelib, islom olami tushkun bir vaziyatda edi. Bir tomondan salib yurishlari, ikkinchi tomondan Markaziy Osiyodagi kuchli islom davlatlarining mo‘g‘ullar tomonidan zabt etilgani xalifani yolg‘izlatib qo‘ygan edi. Unga yordamga faqatgina Ayyubiylar yordamga yetib kelgan edi. Bular Xums amiri al Ashraf al Musa va Kurdiston amiri Shahobiddin Sulaymonshohlar edi.

Bag‘dod qamali

Tayyorgaliklar nihoyalangach, mo‘g‘ullar 1257-yilning noyabr oyida Bag‘dodga yetib keldi. Hulaguxon dastlab Xalifaga taslim bo‘lishni taklif qiladi. Ammo xalifa buni rad etadi. Manbalarning guvohlik berishicha, xalifaning qo‘shini yaxshi tayyor emas edi va shaharning mudofaa devorlari ham mustahkamlanmagan edi.
 

Bag‘dod yaqiniga yetib kelgan mo‘g‘ullar ikki qismga bo‘lindi. Shu tariqa ikki asosiy chiqish nuqtasi to‘sib qo‘yildi. Qo‘shinning bir qismi Dajla daryosining o‘ng qirg‘og‘iga, qolgan qismi esa chap qirg‘ogiga joylashdi. Xalifa qo‘shinlarining birinchi chiqishi g‘alaba bilan yakunlandi. Ular mog‘ullarning o‘ng qirg‘oqdagi qismlarini chekinishga majbur qildilar. Ammo ikkinchi hujum muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Daryodan chiqqan kanallar buzib tashlandi. Shu kuni davom etgan janglarda Abbosiylar qo‘shini qirib tashlandi. Jang davom etayotgan bir paytda, mo‘g‘ullar katapultalar ham yasashga kirishdi.

Shunga o‘xshash janglar 1258-yilning yanvar oyi oxiriga qadar davom etdi. 29-yanvar kuni Bag‘dod shahrining haqiqiy qamali boshlandi. Aytish mumkinki, Bag‘dod qamali o‘sha davr uchun juda qisqa davom etgan qamal hisoblanadi. Taqqoslash uchun aytadigan bo‘lsak, u davrlarda qamallar bir necha oylar va hatto yil davom etgan. Shunday qilib, mog‘ullar 5-fevralga kelib shahar devorlaridan kiradigan yoriqlar ochishga muvaffaq bo‘ldi. Xalifaning sulh borasidagi takliflari rad etildi. 10-fevral kuni shahar taslim etildi. Ular shaharga g‘olib sifatida kirib keldi. 13-fevraldan boshlab shahar uchun qonli hafta boshlandi.

Shaharning qay tariqa vayron etilgani haqida ko‘plab tarixiy manbalarda yetarlicha tasvirlar mavjud. Shahardagi eng katta kutubxona ichidagi ilm-fanning turli sohalariga oid minglab kitoblari bilan birga yoqib yuborilgani haqida tarixchilar afsus bilan yozib qoldirgan.

Mog‘il bosqini paytida halok bo‘lgan aholi haqida turli manbalarda turlicha ma’lumotlar keltirilgan. Xususan, xalifaning askarlaridan 50 ming kishi halok bo‘lgan bo‘lsa, Martin Siker 90 ming tinch aholi halok bo‘lganini yozadi. Bundan tashqari, bir qator g‘arb mualliflari shu kuni 200 mingdan, 800 mingacha tinch aholining qirib tashlangani haqida yozgan bo‘lsa, arab mualliflari asarlari bu raqamlar ikki million deb ko‘rsatiladi. Albatta, zamonaviy hisob-kitoblar bu raqamlardan ancha pastdir. Bizningcha, Martin Sikerning hisob-kitoblari ancha haqiqatga yaqin.

Mog‘illarning bu darajada qattiqqo‘llik ko‘rsatishlarining sababini, mutaxassislar Chingizxonning mahalliy xalqlar ruhiyatini sindirish va shu orqali qarshilik harakatlarining oldini olishga qaratilgan strategiyasi sifatida baholaydi.
 

Siyosiy natijasi

Mo‘g‘ullarning yengilmaslik shuhrati Bag‘dod qamalidan keyin yanada ortdi. Bungacha ular Alamutni ham jangsiz egallagan edilar. Alamutda, tarixda  Hashshoyilar nomi bilan mashhur suiqasdchilar guruhi joylashib olgan bo‘lib, o‘zlarining Nizoriylar deb ataluvchi davlatlariga ham ega edilar. Alamut va Bag‘dod egallanganidan keyin, mog‘illar Misr va Suriyaga ko‘z tikdi. Bu paytda Misrda Mamluklar davlati hukmronlik qilar, ularning sultoni esa Xorazmshohlar avlodidan bo‘lgan Sayfiddin Qutuz edi. 1259-yilda Hulaguxon Qutuz huzuriga elchilar yuborib, uni taslim bo‘lishga chaqirdi. Ammo Qutuz buni rad qilib, elchilarni o‘ldirdi.

1260-yil avgust oyida Qutuz katta qo‘shin to‘plab mog‘ullarga qarshi jihodga otlandi. Shu yilning sentabr oyida Ayn Jalutda ikki qo‘shin to‘qnashdi. Mo‘nkexonning vafoti ortidan Hulaguxon qo‘shinni tark etishga majbur bo‘ldi. Qo‘mondonlik esa Ketbug‘aga o‘tdi. Mazkur jangda Qutuz va Boybars qo‘shini g‘olib bo‘ldi va mog‘illarning shu paytgacha qabul qilgan eng yirik mag‘lubiyatiga sabab bo‘ldi.

Misrga qaytgan Boybars Qutuzni taxtdan ag‘darib tashladi. 1258-yilgi Bag‘dod qirg‘inidan omon qolgan Abulqosim Ahmad Qohirga yetib keldi va u navbatdagi xalifa deb e’lon qilindi va u ham al Mustansir deb nom oldi. Bag‘dodning so‘nggi xalifasi bo‘lgan al Mustansir esa, shahar taslim bo‘lgach, kigizga o‘ralib otlar oyog‘i ostiga tashlandi.

Shu tariqa, Bag‘dodning mog‘illar tomonidan ishg‘ol etilishidan so‘ng Bag‘dod endi xalifalik markazi bo‘lmay qoldi. Xalifalik markazi bundan buyon Qohira bo‘ldi va XVI asrgacha Islom xalifasining shahri bo‘lib qoldi. XVI asrdan boshlab esa xalifalik Istanbulga ko‘chdi va Usmonli sultonlari bir paytning o‘zida Islom xalifasi ham hisoblanadigan bo‘ldi.



Категория: DUYNO XABARLARI
Просмотров: 1165 | Рейтинг: 0.0/0

Похожие материалы

ПРОФИЛЬ
Время: 16:03
Добро Пожаловать, Гости
 
Логин:
Пароль:
Copyright © MP3LAR.COM 2016-2024 | Все права защищены | Реклама | Мы не несём ответственности за содержание. | Бесплатные произведения предназначены исключительно для предварительного ознакомительного прослушивания. Использование материалов сайта возможно только с письменного разрешения Администрации. | Сделать бесплатный сайт с uCoz