“Karib dengizi qaroqchilari”ning 5-qismi haqida ayrim tafsilotlar oshkor etildi


Kapitan Jek Tullakning sarguzashtlari haqidagi “Karib dengizi qaroqchilari” filmining 2017 yilda katta ekranlarga chiqadigan 5-qismida bosh rollardan birini ijro etadigan aktrisa Kaya Skodelario film bilan bog'liq ayrim faktlarni oshkor qildi. 

Disney studiyasi film ustida 2011 yildan buyon ishlamoqda. 2015 yilga premerasi mo'ljallangan film stsenariy va moliyalashtirish bilan bog'liq muammolar tufayli 2017 yilga qoldirildi. 

Kinoseriya prodyuseri Jerri Brukxaymerning 2015 yilda Collider nashriga bergan intervyusida ta'kidlanishicha, film sahnalari maksimal darajada “qaroqchilar realligi”ga yaqinlashtiriladi, hech qanday sehr-joduga murojaat qilinmaydi. 
Syujetga muvofiq, Jek Tullak ketma-ket omadsizliklardan so'ng navbatdagi muammoga duch keladi: qo'rqinchli kapitan Salazar boshchiligidagi qaroqchilar arvohlari uning ketiga tushadi; ular Bermud uchburchagidan chiqib olib, barcha tirik qaroqchilarni, shu jumladan, ularning o'limida asosiy aybdor sifatida ko'rilayotgan Jekni yo'q qilishga bel bog'laydi. Qutulishning yagona yo'li dengizlar va okeanlarni boshqarish imkonini beradigan Poseydon uch ayrili nayzasini topishdir. 

Kaya Skodelarioning ishontirishicha, film atmosferasi franshizaning birinchi qismiga juda yaqindir. 
“Prodyuserlar voqeani boshiga qaytarishmoqchi. Buning uchun qahramonlar yangi sayohatga chiqishi, shuningdek, barcha voqealarni o'zaro bog'lab, tomoshabinlarni yangi syujetga tayyorlash talab etiladi”, — dedi u Movie Pilot nashriga bergan intervyusida. 

Kartinada Skodelario Karina Smit rolini ijro etdi. Movie Pilot’dagi intervyusida aktrisa o'z qahramonining taqdiriga ikki og'iz to'xtaldi. 
“Mening qahramonim – Karina – astronom, olima. U universitetda o'qish huquqi uchun kurashadi, negaki u paytlari ayollarga bunday imkon berilmagan. U Poseydon nayzasini topish uchun yo'lga tushadi, bunda o'ziga xos kundalikdagi ishoralardan foydalanadi. Yo'lda u Jek Tullakni uchratadi, qaroqchi esa, har doimgiday, hamma narsani buzadi va yo'ldan ozdiradi. Bu maroqli hikoya bo'ladi”, — ta'kidladi aktrisa. 

2015 yil dekabrida 5-qism s'yomkasi nihoyasiga etdi va post-prodakshn bosqichi boshlandi. Mart oyida blokbaster ijodkorlari Jonni Depp qo'lini jarohatlagani bois suratga olish jarayonini to'xtatib turishga majbur bo'ldi. Aprel oyining oxirida s'yomkalar yana boshlanib ketdi. Jarayonni bir-yo'la ikki rejissyor boshqarib bormoqda — bular norvegiyalik Xoakim Ronning va Espen Sandberglardir. 
Jonni Depp va Kaya Skodelariodan tashqari, kartinada Xaver Bardem (Kapitan Salazar) va Brenton Tueytes (Uill Tyornerning o'g'li) ko'rinadi. 

O'tgan yil yozida D23 Expo ko'rgazmasi chog'ida Disney studiyasi vakili Uill Tyorner rolini yana Orlando Blum ijro etishi aytgan edi. Kira Naytli esa loyihaga qaytmaydi. Shuningdek, Jeffri Rash yana kapitan Barbossa obrazida katta ekranlarga chiqadi.


Категория: KINO YANGILIKLARI | Теги: Karib dengizi qaroqchilari
Просмотров: 2619 | Рейтинг: 0.0/0

Похожие материалы

ПРОФИЛЬ
Время: 11:29
Добро Пожаловать, Гости
 
Логин:
Пароль:
Copyright © MP3LAR.COM 2016-2024 | Все права защищены | Реклама | Мы не несём ответственности за содержание. | Бесплатные произведения предназначены исключительно для предварительного ознакомительного прослушивания. Использование материалов сайта возможно только с письменного разрешения Администрации. | Сделать бесплатный сайт с uCoz