Главная » KINO YANGILIKLARI

“Maftuningman-2” kastingini Turg`un Azizov va Klara Jalilovalar o`tkazishdi


 

Albatta, barchamiz uchun qadrdon bo`lib qolgan “Maftuningman” kinofilmi nomini eshitishimiz bilanoq yuzimizga beixtiyor tabassum yuguradi. Salkam 60 yil avval yaratilgan ushbu bebaho san`at asari hozirgacha o`zbek kinosining noyob durdonalaridan biri hisoblanadi. 

Sof sevgi-muhabbatni, o`zbekona beg`ubor samimiyatni, bir biridan qiziqarli epizodlarni o`zida mujassam etgan bu musiqiy kino asardagi mashhur iboralar va qo`shiqlar qalbimizdan chuqur o`rin olgan.  
 

Klara Jalilova, Turg`un Azizov, Abbos Bakirov, Nabi Rahimov, Ra`no Hamroqulova, San`at Devonov kabi buyuk iste`dodlar rol ijro etgan “Maftuningman” kinofilmini takror va takror ko`rsakda, zerikmaymiz. 

Shunday mulohazalar bilan “Dono Productions” kinokompaniyasi ham shunday ulug`, mashaqqatli va mas`uliyatli ishga, ya`ni “Maftuningman-2” kinofilmini yaratishga yaxshi niyatlar bilan qo`l urdi. 

Telekanallar va internet saytlarida e`lon qilingan ishchi nomi “Maftuningman-2” kinofilmi uchun kasting o`tkazilishi haqida avval xabar bergandik.

Kastingning birinchi bosqichi 7 iyun sanasida Toshkent shahrida boshlab yuborildi. 8 iyun sanasidagi kastingga  “Maftuningman” filmi yulduzlari - O`zbekiston xalq artisti, professor Turg`un Azizov hamda O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Klara Jalilovalar “Maftuningman” filmini suratga olish jarayonlari, bu filmga qanday kelib qolganlari hamda yangitdan qo`l urilgan “Maftuningman - 2” filmiga o`z munosabatini bldirdi.

Turg`un Azizov:
— O`shanda 22-23 yoshlarda edim. Teatr bilim yurtini tamomlagach, aktyor sifatida o`z faoliyatimni boshlagan edim. Har kuni tramvayda ish joyim,  Hadrada joylashgan teatrga qatnardim. Bir kuni tramvayda ketayotsam, notanish kishi menga uzoq tikildi. So`ng bekatida tusha turib menga: "Teatrdan nechada bo`shaysan? Repetisiyadan so`ng mening oldimga, Shayxontohurdagi kinostudiyaga bir kirib ketgin, men Yo`ldosh aka bo`laman" dedi. Hayron bo`lib, "ha mayli" deb javob berdim. Repetisiyadan so`ng, teatrdagi rahbarimning meni yo`ldan qaytarishiga qaramay, kinostudiyaga yo`l oldim. Borsam, raqs sahnasi dekorasiyasi tayyor, filmdagi hamrohim ham o`sha erda ekan. Menga ssenariyni berishdi. Bir oz tayyorlangach, suratga olish ishlari boshlandi. Rolimni ijro etgach, uyga qaytdim. Oradan hech qancha vaqt o`tmay, meni rolga tasdiqlashgani haqida xabar qilishdi. Ammo teatrdan menga ruxsat berishmadi. "Ularga sen kerak bo`lsang, sening vaqtingga qarab ishlashsin, bu teatrdagi ijodingga halal bermasin" deyishdi. Yo`ldosh aka bu shartga ko`nib, men bilan kunduzi, teatrdan bo`sh vaqtimda ishlaydigan bo`ldi. Viloyatlarda suratga olish ishlari boshlanganda, meni ertalab 4 yarimda viloyatlarga gazeta, jurnallar tarqatadigan pochta samolyotda viloyatga etkazishardi. Kechki 5 larda yana o`sha samolyotda Toshkentga uchardim. Chunki soat 21:00 da spektaklim boshlanardi. 

Yana bir narsani aytib o`tishim kerak, men hayotimda qo`shiq kuylamaganman. Shu sababli menga bareton ovozli Nasimjon Hoshimovni biriktirishdi. Filmdagi qo`shiqlarim Nasimjon akaniki. Ha, shu sababli bir qiziq xolatga ham tushib qolganman. 1958 yilda ijodiy safar bilan Moskvaga borganmiz. Bo`sh vaqtimda Moskva do`konlarida yursam, bir kishi menga qaradida atrofidagilarga ruschada "O`rtoqlar, qaranglar, bu gastrolga kelgan "Maftuningman" filmi qahramoni-ku. Uning ovozi shunaqangi ajoyib-ki..." deb qoldi. Yana atrofiga odamlarni yig`ib, meni qurshab olishdi. O`shanda hozir ashula aytib ber, deb qolishmasinda deb yurak hovuchlab turganman (kuladi).

 

Klara Jalilova: 
— Afg`onistondan Xiyol ismli qo`shiqchi kelib, yoshlar orasidan bo`lajak qo`shiqchilarni saralagan. Ovozim va ko`rinishim unga manzur kelib, meni tanlab olgan. Shundan so`ng qo`shiqchi sifatida ijodimni boshlaganman. “Maftuningman” filmi suratga olinishidan ancha avvalroq men yaxshigina tanilib qolgandim. Lekin Yo`ldosh Agzamov meni bo`yi past va juda ozg`in deb filmga olishni istamagan. Anchagacha so`zida qat`iy turib olgan. Rostdan ham bo`yim past, juda ozg`in edim. "Do`ppi tikdim" qo`shig`ining muallifi Mutal Burxonov esa qo`shiqni aynan Klara uchun yozganman deb xarxasha qilgan. Oxiri Yo`ldosh aka meni qabul qilishga rozi bo`lgan. Oyog`imga baland poshna, ustimga qavat-qavat libos kiydirib suratga olish ishlarini boshlab yuborishgan.

Turg`un Azizov va Klara Jalilova “Maftuningman-2” filmini suratga olish juda yaxshi va ezgu ish ekanligini ta`kidlashdi. Yana filmni suratga olishda ko`proq zamonaviylikka e`tibor qaratishni aytib, ijodkorlarga omad, ishlarining rivojini tilab oq fotiha berishdi.

Shundan so`ng ular kastingda o`z navbatini kutayotgan ishtirokchilar chiqishlariga xolis baho berishdi.

Eslatib o`tamiz, film kastingi 15 iyunga qadar davom etadi.


Источник: darakchi.uz
Категория: KINO YANGILIKLARI | Добавил: AdminoFF (10.06.2016)
Просмотров: 455 | Теги: Kasting, Maftuningman-2 | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar