Majnun” filmi: rejissor Jahongir Ahmedov Ulug‘bek Qodirovning premyeraga kelmasligi, “videoqaroqchilar” va film haqida

Yaqin vaqt ichida rejissor Jahongir Ahmedovning “Majnun” filmi katta ekranlarga chiqishi kutilmoqda. Film taqdimoti arafasida uning atrofida mojaro yuzaga keldi — “Majnun”da bosh rolni ijro etgan Ulug‘bek Qodirov film premyerasiga bormasligini Instagram’dagi sahifasi orqali e’lon qildi. Uning bu bayonotiga javoban Jahongir Ahmedov: “Bu ikkimiz o‘rtamizdagi muammo, o‘zaro hal qilib olamiz”, — qabilida izoh qoldirgan.

Jurnalist Feruz Muhammad rejissor va aktyor o‘rtasida yuzaga kelgan tushunmovchilikka aniqlik kiritish va umuman film haqida batafsil ma’lumot olish maqsadida, Jahongir Ahmedov bilan suhbatlashdi.

— Ulug‘bek Qodirov nima demoqchi bo‘lganiga o‘zi javob berishi kerak. Men hali u bilan yuzma-yuz gaplashmadim, balki oramizdan premyeraga kelmaydigan darajada biror narsa rostdan ham o‘tgandir. Ammo premyeraga kelmasligiga ishongim kelmaydi. Chunki “Majnun” uning ham katta umid bog‘lagan filmi ekanligini bilaman. Keyin, bu gap-so‘zlar — filmoldi soxta piar ham emas. To‘g‘risi, hali piar haqida o‘ylashga ham imkoni bo‘lgani yo‘q, — dedi Jahongir Ahmedov.

Ulug‘bek Qodirovning “Majnun”dagi ishtiroki haqida

“Oldindan ogohlantirishgan edi: ‘Ulug‘bek Qodirov bilan ishlash qiyin, ba’zida tasvirga olish maydonchasiga kelmaydi, kelsa ham kechikadi’. Men bosh rolda Ulug‘bekni ko‘rganim uchun, unga murojaat qildim. Ssenariy unga juda ma’qul keldi. Biror marta syomkaga kech kelganini, kelmaganini, so‘zini yodlamaganini eslay olmayman. U film olinishi uchun eng katta jonbozlik ko‘rsatgan aktyorlardan biri bo‘ldi. Ot minish lavhalarida men: ‘Kaskadyordan foydalanaylik, ehtiyotsizlik qilmaylik’, — deganimda Ulug‘bek: ‘Menga bir oy vaqt beringlar’, — dedi va shu vaqt mobaynida ot minishni o‘rganib, ot bilan bog‘liq sahnalarda ham o‘zi o‘ynadi. Ovozlashtirish jarayonida ham muammoga duch kelmadik. U haqida eshitgan gaplarimni o‘ziga aytganimda: ‘Yaxshi ssenariy bo‘lsa, maza qilayotgan bo‘lsang, qanday qilib suratga olish maydonchasiga kelmaslik mumkin?!’, — deb javob qaytargan edi”.

Aktyorlar jamoasi, sifat darajasi, saviya haqida

“Zamonaviy ham sifatli film suratga olish uchun nima kerak bo‘lsa, hammasi qilindi. Ulug‘bek Qodirov, Asal Shodiyeva, Matyoqub Matchonov, Ra’no Zokirova, Muhammadiso Abdulxairov, Elyor Nosirov, Ra’no Shodiyeva singari aktyorlar jamoasi yig‘ilgan. Aktyorlar tarkibidan tortib, operatorlik ishi, montaj, grimchilar, texnika, liboschilar, rassomlar masalasida ham alohida ish olib borildi. Filmga katta mablag‘ sarflangan, gonorar masalasida muammo bo‘lgani yo‘q, lekin, ochig‘i, men moliyaviy masalalarga aralashmayman, bu tomoni prodyuserlarga havola”.


Matyoqub Matchonov va Muhammadiso Abdulxairovning ishtiroki haqida

Matyoqub Matchonov va Muhammadiso Abdulxairov ‘Majnun’ filmida umuman kutilmagan — vajohatli, og‘ir, to‘pori odamlar obrazini yaratgan. Ularga xos komedik unsurlarni ‘Majnun’da ko‘rmaysiz, ular 100 foiz o‘zgargan. Dublyaj jarayonida ular o‘zlarini ko‘rib: ‘Bu aktyorlarni qayerdan olyapsizlar?’, degan hazillar ham qilishdi”.

“Videoqaroqchilar”ga qarshi choralar haqida

“‘Baron’ bilan yuz bergan holat men uchun katta dars bo‘ldi. Avvallari o‘zim bilan ham shunday hodisalar bo‘lgan — ‘Tundan tonggacha – 2’, ‘Tilim qursin – 2’ filmlari hali kinoteatrlarda namoyish etilayotgan vaqtda, ‘videoqaroqchilar’ tomonidan bozorlarga chiqarib yuborilgan. Tomoshabinlardan filmlarni ‘videoqaroqchilar’ning qo‘lidan olib ko‘rmaslikni so‘rab qolardim. Tomoshabin kinoijodkordan sifatli film ishlashni talab qilyaptimi, uning talabini bajarganlarga ham munosib javob qaytarsin. Katta mablag‘ tikib, katta jamoa bilan ishlayotgan rejissorlar bor, qilingan mehnatning qadriga yetish kerak.

Premyera qachon?

“Hozirgi vaqtda filmning so‘nggi sayqal berish ishlari davom etmoqda. Kartina ko‘rik uchun ‘O‘zbekkino’ Milliy agentligiga topshirilgan, premyera uchun deyarli tayyor. ‘Majnun’ — xususiy kinostudiyalar orasida eng uzoq vaqt suratga olingan film bo‘ldi, chamamda. Har bir kadr ustida uzoq vaqt fikr yuritilgan, filmning nuqta, vergullarigacha ahamiyat berilgan”.



Категория: SHOU-BIZNES habarlari | Теги: Majnun, o'zbek kino
Просмотров: 1819 | Рейтинг: 0.0/0

Похожие материалы

ПРОФИЛЬ
Время: 19:10
Добро Пожаловать, Гости
 
Логин:
Пароль:
Copyright © MP3LAR.COM 2016-2024 | Все права защищены | Реклама | Мы не несём ответственности за содержание. | Бесплатные произведения предназначены исключительно для предварительного ознакомительного прослушивания. Использование материалов сайта возможно только с письменного разрешения Администрации. | Сделать бесплатный сайт с uCoz