Главная » SHOU-BIZNES habarlari

Munisa Rizaeva: “Hech qachon Kanizaning uslubida kiyinmayman”




Darakchi” gazetasining “Qisqa va lo`nda” loyihasida ishtirok etgan xonanda Munisa Rizaeva qiziqarli savollarga qisqa va lo`nda javob berdi. 
 
Mavsum yangiligi
— Ayni kunlarda Mustaqilligimizning 25 yilligi munosabati bilan O`zbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assosiasiyasi, "Mening yurtim" telekanali hamda “Sevimli-TV.UZ” onlayn internet kanali “Mening yurtim – mening faxrim!” aksiyasiga tayyorgalik ko`ryapmiz. Bugun loyiha prodyuseri bilan gaplashdim. U erda “Lol qolaman” qo`shig`im bilan ishtirok etishni kelishib oldik. Shuningdek hozirda yirik prodyuserlik markazi tashkil etishga tayyorgarlik ishlari ham ketmoqda. Prodyuserlik markazi qoshida bolalar 5-6 yoshdan qabul qilinib musiqiy bilim olishlari va katta sahnaga qadam qo`yishga tayyorlanishlari mumkin. Markaz qoshida yana, kinostudiya tashkil etish ham rejalashtirilgan. U studiya suratga oladigan filmlarning bosh rollarida faqat o`zim bo`laman. Bundan tashqari raqs, klipmeykerlik kabi bir qancha sohalar bo`yicha faoliyat yuritiladi. Tez kunlarda esa “Gulg`uncha” qo`shig`ini klipi bilan birgalikda premera qilmoqchiman. Yana bir muhim yangilik, 20 avgust kuni “Munis” nomli liboslar kolleksiyasining namoyishi va do`konimning rasman ochilish marosimi bo`lib o`tadi. 

Yolg`on
— Suhbatdoshim aldayotganini sezsam, sabr bilan gaplarini eshitaman. Keyin gaplari noto`g`ri ekanligini isbotlovchi dalillarni o`ziga ko`rsatib, indamay ketaman. Masalaga oydinlik kiritib, vaqtimni ketkazishim shartmas. Bunday insonlar bilan qaytib gaplashmayman. 

Rol
— Filmlarda ham, kliplarda ham, har qanday obrazda ko`rinishim mumkin. Rejissyor menga qo`ygan talabni to`laqonli bajaraolishimga ishonaman. Ammo ssenariy bo`yicha qahramon vafot etadigan bo`lsa, bunday rolni hech qachon o`ynamayman. Rollar hayotimizda qaytarilishi mumkinligidan qo`rqaman. 

Stil
— Doim o`zimga qulay libos tanlashga harakat qilaman. Hatto sahnaga chiqqanda ham, to`y-marosimlardagi xizmatlarda ham. Lekin shu bilan birga noodatiy, boshqalarda qaytarilmagan va antiqa usullarni tanlayman. Lekin hech qachon Kanizaning stilida kiyinmayman!

Sevgi
— Agar sevib qolsam, munosabatimni birinchi bo`lib izhor qilishdan uyalmayman. Aksincha, ko`nglim bo`lmagan odamga seni sevmayman, deb aytishdan qo`rqmayman. 

Ojiza
— Tabiatdan juda irodaliman. Hatto ba`zida men qiz bola emas, o`g`il bola bo`lib tug`ilishim kerak edi deb o`ylab qolaman. Ammo ota-onamning oldida ojiza, himoyasiz bolaga aylanib qolaman. 

Tasavvurimdagi oilaviy surat
— Turmush o`rtog`im gavdali, kelishgan yigit bo`lishini orzu qilaman. Xudo xohlasa, uch o`g`il, ikki qizimiz bo`ladi. Men o`sha paytda ham ishbilarmon ayol bo`lib yursam kerak. 

Aliya SULAYMANOVA tayyorladi

Источник: darakchi.uz
Категория: SHOU-BIZNES habarlari | Добавил: AdminoFF (16.08.2016)
Просмотров: 832 | Теги: Munisa Rizaeva | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar