Главная » KINO YANGILIKLARI

Notanish qotil”: Azamat Ahrorovning burnini sindirgan 180 mln so‘mlik film



 


Sentabr oyida aktyor va rejissor Azamat Ahrorovning jangari janrda suratga olingan “Notanish qotil” nomli filmi premyerasi bo‘lib o‘tdi. Shu munosabat bilan jurnalist Feruz Muhammad film muallifi bilan suhbat uyushtirdi.
 “Notanish qotil” filmini tasvirga olish jarayonida juda ko‘p tan jarohati olgan ekansiz, shu rostmi?
— Bu jangari film bo‘lgani uchun, tasvirga olish jarayoni boshqa filmlarimga qaraganda qiyinroq kechdi. Yoshlikdan sport bilan shug‘ullanganman, shu sababli barcha sahnalarni kaskadyorsiz o‘zim bajardim. Jang sahnalaridan birida Alixan aka (Nurmuhammadxon Husniddinov) burnimni sindirib qo‘ydi. Ham burnim singani, ham o‘sha vaqtda qishning sovuq kunlari bo‘lgani sabab, tasvirga olish ishlari uzoq vaqtga to‘xtab qoldi.
 
— Gap-so‘zlarga qaraganda, bu filmni suratga olish uchun hatto uyingizni garovga qo‘ygan emishsiz.
— Haqiqatan ham, hech bir filmimga bu qadar katta mablag‘ ketmagan. Aktyorlarning gonarari, qimmat avtomobillar va uylarning ijara haqi, film 4K formatda suratga olingani, tasvirga olish jarayonining cho‘zilib ketgani uchun ham juda katta mablag‘ sarflandi. Film uchun, taxminan, 170—180 million so‘m ketdi. Buncha mablag‘siz bu filmni suratga olib ham bo‘lmasdi. O‘zimga yoqqan mavzuda film olish uchun bor narsamni o‘rtaga qo‘yib bo‘lsa-da ishga kirishaman. Ammo uyimni garovga qo‘yganim yo‘q. Aksincha, “Notanish qotil” homiylar ko‘magi bilan suratga olindi.
 
— Premyera kuni Alisher Navoiy nomli kinosaroyda juda katta tayyorgarlik bo‘ldi-yu, ammo o‘zingiz taqdimotga kech qoldingiz. Siz va aktrisa Shahzoda Muhamedovaning kechikkani sabab, sizlarni hatto kelmaydi, deb o‘ylashdi. Buning sababi nima?
— Bu mas’uliyatsizlik emas. Ham rejissorlik qilib, ham bosh rolda o‘ynaganim uchun tashkiliy ishlar o‘zimning bo‘ynimda qolib ketdi. Premyera kuni juda shoshib qoldim: viloyatdan kelgan mehmonlarni kutib olish, ularni ham premyeraga olib kelish kerak edi. Hammasini o‘rniga qo‘yib, premyeraga kelaman deganimda vaqt kech bo‘lgan edi. O‘zimga bog‘liq bo‘lmagan noqulayliklar uchun barchaga uzrimni aytib qolaman.
 
— Film saundtrekini nega aynan Shohrux reper kuyladi?
— Film xarakteri va mavzusini kuyda faqat Shohrux reper to‘la ochib berishi mumkin edi. To‘g‘risini aytsam, Shohruxning ijodi, uning yo‘nalishi o‘zimga ham juda yoqadi. U bilan ijodiy hamkorlik qilganimdan xursandman va bu hamkorlikni uzoq davom ettirmoqchiman. Film saundtrekiga ketgan pulni eshitganlar: “Bu pulga yana bir film olsa bo‘lardi”, degan fikrlarni ham bildirdi. Ammo har bir qilinayotgan ishning o‘z maqsadi, qadr-qimmati bo‘ladi. Saundtrekka ketgan pul o‘zini to‘la oqladi, deb o‘ylayman.
 
— Odatda, saundtrekni kuylagan xonanda film premyerasiga ham kelar, saundtrekni ham kuylab ketardi. Shohruxni esa premyrerada ko‘rmadik.
— Kelishuvimiz boshidan shunday bo‘lgan. Filmim Shohrux reperga yoqqani uchun, unga atab qo‘shiq kuylab, klipning trek joylariga videoga tushib berishlarini iltimos qilganmiz. Premyeraga kelish-kelmasliklari kelishuvimizda yo‘q edi. Agar premyera kuni gastrol safariga ketmaganida, menimcha, premyeraga ham kelgan bo‘lardilar.

Источник: Daryo.uz
Категория: KINO YANGILIKLARI | Добавил: AdminoFF (06.10.2016)
Просмотров: 523 | Теги: Notanish, Azamat Ahrorov | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar