Главная » TEXNOLOGIYA

O‘zbekistonda yangi telekanal ish boshlaydi

 
 

O‘zbekistonda yana bir ko‘ngilochar telekanal ish boshlashi kutilmoqda. Kuni kecha Instagram ijtimoiy tarmog‘i orqali tarqalgan suratlar shundan darak berdi.
 
“ZO’R TV” nomini olgan musiqiy kanal auditoriyasi asosan yoshlarga mo‘ljallanishi mumkin. Kanal logotipining dizayni shunday xulosa qilishimizga sabab bo‘ladi.
 
Surishtiruvlarimiz natijasida aniqlanishicha, telekanal butun O‘zbekiston bo‘ylab efirga uzatiladi. Telekanal efiri yuqori sifatli HD formatda bo‘lishi kutilmoqda. Dasturlar rejissyori esa xazilomuz qo‘shiqlari va kliplari bilan mashhur bo‘lgan hamda yoshlarning sevimli xonandasi Jahongir Poziljonov ekanligi ma’lum qilindi.
 
Ayni kunlarda bir necha dasturlar suratga olinmoqda. Shuningdek, musiqiy chiqishlar, ko‘ngilochar dasturlar suratga olish ishlari ham allaqachon boshlab yuborilgan. Hozircha kanal qachon efir yuzini ko‘rishi ma’lum emas.
 
“ZO’R TV” kanalining Instagram’dagi rasmiy sahifasida ilk post ikki kun avval joylangan bo‘lib, unda suratga olish jarayoni boshlangani haqida izoh qoldirilgan. Fotosuratda esa xalqimizning sevimli xonandasi Sevara Nazarxon ishtirokidagi dasturni suratga olish jarayoni tasvirlangan. Demak, yaqin kunlarda yana bir yorqin kanal ekran yuzini ko‘radi.
 
Ko‘ramiz, navbatdagi kanal bildirilayotgan ishonchni qanchalik oqlarkin... Bugungi kunda O‘zbekistonda nodavlat telekanallarga yaratib berilayotgan shart-sharoitdan kelib chiqadigan bo‘lsak, respublika miqiyosida efir yuzini ko‘rib kelayotgan “MY5”, “UzReport”, “MilliyTV” telekanallari o‘z auditoriyasini topishga ulgurdi. Bular orasida “UzReport” jiddiyligi bilan ajralib tursa, “MilliyTV” tasvirning sifati va yangi loyihalari bilan oldingi o‘rinlarda bormoqda. Bizningcha, “MY5” hamon o‘z yo‘lini topgani yo‘q. Kanalda loyihalar, yangiliklar ko‘p. Biroq ularda tomoshabinning me’dasiga tegadiganlari bisyor. Har holda “ZO’R TV” nomiga yarasha ish olib borishiga umid qilamiz.
 

Источник: qalampir.uz
Категория: TEXNOLOGIYA | Добавил: AdminoFF (26.10.2016)
Просмотров: 578 | Теги: ZO’R TV | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar