Главная » DUYNO XABARLARI

Qozog‘istonliklarga O‘zbekistonga tashrif buyurish uchun 8 ta sabab keltirildi



 

Ta’til vaqtida safar qilmoqchimisiz? Quyida uni qo‘shni O‘zbekistonda o‘tkazish uchun sabablar keltirilgan, u yerga safaringiz arzon, ammo qiziqarli va to‘kin-sochin bo‘ladi”, — deb boshlanadi “365info.kz” nashri e’lon qilgan maqola.

1.Toshkentdagi Qaldirg‘ochbiy maqbarasi
 

Qozog‘iston janubi va Toshkent viloyatida yashovchi qozoqlar Toshkentdagi Qaldirg‘ochbiy (u Tolebiy deb ham ataladi) maqbarasini juda qadrlaydi. Bino XV asrda pishiq g‘ishtdan qurilgan bo‘lib, u qozog‘istonlik biy Tolebiy sharafiga nomlangan. U Katta O‘rda hukmdori bo‘lgan va xalq orasida “Qaldirg‘och” ismiga ega bo‘lgan.

2. Samarqanddagi Yalangto‘sh bahodir madrasasi

Qozoqlar uchun eng ahamiyatli ziyoratgoh Samarqand markazidagi Registon majmuasida joylashgan, bu XVII asrga tegishli Tillaqori madrasasidir. Uning qurilishi 1646-yilda Samarqand hokimi Yalangto‘shbiy bahodir buyrug‘i bilan boshlangan. Yalangto‘shbiy qozoq va o‘zbek xalqlari tarixining bir bo‘lagi hamda ularning faxri hisoblanadi.

3. Samarqanddagi imom Ismoil al Buxoriy majmuasi

Samarqanddan 12 km masofada ilohiyotchi, hadisshunos olim imom Ismoil al Buxoriyning tarixiy majmuasi joylashgan. Majmua ichidagi muzeyda dunyoning qator mamlakatlari rahbarlari tomonidan hadya etilgan muqaddas Qur’on namunalari ko‘rgazmaga qo‘yilgan. Qozoqlarga Nursulton Nazarboyev tomonidan sovg‘a qilingan Qur’onni ko‘rish qiziq bo‘lsa, ajab emas.

4. Buxoroning yetti piri

Buxorodagi mahalliy gidlar qozog‘istonlik sayyohlar Buxoro yetti piri murshidini ziyorat qilishni juda yoqtirishini aytadi. Bu Naqshbandiya ta’limoti buyuk sufiylarining yettita qabri ziyoratidan iboratdir.

5. Xo‘ja Nasriddin — qozoqlarning Aldar Ko‘sasi

Buxoroda Xo‘ja Nasriddin haykalini ko‘rish mumkin. Sinchiklab qarasangiz, u o‘zining qozoq “kasbdoshi” Aldar Ko‘saga juda o‘xshashini payqash mumkin. Xo‘ja Nasriddin va Aldar Ko‘sa haqidagi latifalarning mazmuni ham bir-biriga juda o‘xshaydi.

6. Nurotadagi Aytekiy Biy maqbarasi
 

Navoiy viloyatining Nurota shahrida joylashgan Aytekiy Biy maqbarasi ziyoratchilar orasidagi eng mashhur joylardan biri. Bu yerga qozoqlarning Kichik Juz xonligi Alchin qabilasidan bo‘lgan Aytekiy Biy dafn etilgan. U o‘z davrining eng savodli kishisi hisoblangan. Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasida, so‘ng Sherdor madrasasida o‘qigan. 20 yoshida Buxoro va Samarqandda qozoq, o‘zbek va qoraqalpoqlarning bir qismiga biylik qilgan.

7. Nukusdagi Savitskiy muzeyi

 

Qoraqalpog‘iston poytaxtidagi Savitskiy muzeyida XX asrning 20—30-yillariga tegishli rus avangardining ahamiyati bo‘yicha ikkinchi o‘rinda turuvchi kolleksiyasi saqlanadi. Shuningdek, muzeyda qozoqlar bilan qarindoshlik aloqalariga ega bo‘lgan qoraqalpoq xalqi san’ati va madaniyatiga bag‘ishlangan noyob ekspozitsiya mavjud.

8. Qaysi qozoq oshni sevmaydi?

Toshkentga kelgan qozog‘istonlik darhol haqiqiy palovni qayerda tatib ko‘rish mumkinligi bilan qiziqadi. Toshkentda qozog‘istonlik mehmonlarni eng yirik “osh markazi” kutib oladi. U yerda beshta ulkan qozonda poytaxtning besh nafar mahoratli oshpazi osh pishiradi.

 


Источник: daryo.uz
Категория: DUYNO XABARLARI | Добавил: AdminoFF (01.06.2016)
Просмотров: 741 | Теги: Qozog'iston, sayyoh, o'zbekiston | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar