Rayhonning Uch Orzusi...


Har yili minglab yoshlar kutadigan bir shou-konsert bor. Bu shou bir necha yillarki, o‘z reytingini eng yuqori darajada ushlab keladi. Muhtasham sahna dekoratsiyasi, ajoyib liboslar, bir necha shou-balet, yuzlab chiroqlar, kutilmagan sahna ko‘rinishlari, professional rejissyorlik ishi... Ha, angladingiz! Bu sifatlar, so‘ssiz, Rayhonning konsertlariga tegishli! Fevralning 5 kuni yodingizda qoladi. Axir, salkam 300 kundan beri tayyorgarlik ila pishayotgan yangi dastur yana hayratlar ulashishga hozirlanmoqda! Bugungi eksklyuziv suhbat Rayhonning nafaqat ijod olami, balki uning qalb dunyosiga oshno etadi.
-Yil davomida o‘nlab konsertlar o‘tadi. Biroq, Rayhonning shousini uning muxlislari hayajon bilan kutadi. Qiziq, bu yil “Shoular Qirolichasi” yangi konsertida nimalar bilan tomoshabinlarni hayratga soladi?  
-Xabaringiz bor, xar kuni repetisiya. Jarayon o‘tgan yildan boshlandi. Konsert – bu mas’uliyat. Har yili tajriba ortgani bilan mas’uliyat kamaymaydi. Yaxshidan yaxshi qilish kerak. Tomoshobinga yangidan yangi narsa kerak. Men esa ball yo‘qotishni istamayman. Yaratgan ijod bersin, kuch bersin deyman. O‘tgan yil konsertimni taqdim etgach, yangi shou haqida g‘oyalar tug‘ila boshladi. Ularni sekin-asta boyitib, yoz oyidan boshlab, fevral konsertlarimga kirishib ketdik. Ijodiy jamoa oldidagi birinchi savol: nima bilan hayratga solish mumkin? Nimadir o‘ylab topdik. Xulosa esa shunday bo‘ldi: yo‘q, buni qilganmiz. Yana yangilik topgandek bo‘ldik. Yo‘q, uni ham amalga oshirganmiz...Xullas, boshga kelgan har yangi g‘oya aslida o‘tgan konsertlarimda takrorlangan bo‘lib chiqaverdi. Yangi shou tomoshabin uchun yangilik bo‘lishi kerak! Va uni topdik ham! Eski ommabop qo‘shiqlarimga yangi nafas berdik. Musiqiy yangilanish! Vokal bo‘yicha ko‘p shug‘ullandim. Chunki, bu yilgi dasturimda ko‘p qo‘shiqlarimni jonli kuylayman.
-Ko‘chada qor. U nimani eslatadi sizga?
-Bizni tark etganlarni eslatadi... Bir tomondan shukrona hissi tug‘iladi. Yo‘qotganlarim aslida hayotimda bo‘lgani uchun! Shirin xotiralar va yorug‘likdir, qor! Farzandlarimga qorni ko‘rsataman. Quvonch, baxtni tuyamiz.
-O‘tgan yil hayotingizdagi eng esda qolarli voqealar nima bo‘ldi?
-Hammasi farzandlarim bilan bog‘liq. Ularning ilk qadam bosganini kuzatish naqadar yoqimli! Bu baxtli lahzalarni faqat ota-onalar tushunadi. Istanbuldagi muvaffaqiyatli o‘tgan konsertlarim ham esda qolarli bo‘ldi. O‘zbek xonandalarining dunyo sahnalarida olqish ila kutib olinayotgani quvonarli hol.   
-So‘nggi paytda sizni nima yig‘latdi?
-Bunday savolni oldin bergansiz.
-Dunyo hayotidagi salbiy o‘zgarishlarga qarshi bir san’atkor sifatida qanday kurashishingiz mumkin?
-Aynan shu borada yangi qo‘shiq kuylashni rejalashtirganmiz. Biz san’atkorlar siyosatchilardan farqli o‘laroq, bu borada qo‘shiq orqali qandaydir hissa qo‘shishimizga umid qilaman. Xudoga shukur, biz shunday mamlakatda yashayapmizki, farzandlarimiz osuda tun bag‘rida uxlab, kulib turgan quyosh mehri ila uyg‘onmoqda. Har bir vatandoshimiz o‘z sevimli kasbi bilan shug‘ullanib, yurt farovonligiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. Bunday yorqin hayot baxtdan jo‘shib kuylashga zamin yaratadi!
-Imijingiz o‘zgarmoqda... Ayniqsa, sochingiz ranglari. Nimaga qarab o‘zgargingiz keladi?
-Sochlarim rangi o‘zgarar, biroq, tashqi ko‘rinishimni, yuzimni o‘zgartirish istagim yo‘q. Imijim o‘zgarishini - muxlislarimga zerikarli ko‘ringim kelmasligi bilan izohlayman.
-Har doim bir xil - ozg‘inginasiz. Bunday sarvqomatlikning siri nimada?
-Shirinliklardan tiyilaman. Sport zalda vaqtim ko‘proq o‘tadi. O‘zimga e’tiborli bo‘lishimda tomoshabinlar kuch beradi. Agar sevimli ishim bo‘lmaganida, vaznim 100 kgdan oshim ketardi. (Kuladi).
-Sahnadagi Rayhon to‘ylardagi Rayhondan farq qiladi. Nega to‘ylarda raqsga tushmaysiz?
-To‘ylarda ham raqsga tushaman. Biroq, joy kichiklik qiladi. Harakatlanishga qulay libosda bo‘lmaymiz ham. Biroq, to‘ydagi ommaga imkon qadar energiya berishga harakat qilaman.
-Ko‘p hamkasblaringiz yangi odat chiqargan: yakkaxon konsert berganidan keyin gonorarini oshiradi. Siz-chi?
-Uzoq yillardan beri gonorarim bir xil. Yuqorida siz aytmoqchi bo‘lgan bog‘liqlikni men tushunmayman. Chunki, konsert - bu konsert. Uni gonorarni oshirishga umuman dahli yo‘q.
-Yangi bannerlaringiz tilga tushdi. Antiqa surat! Kim o‘ylab topdi?
-Asosiy g‘oyani fotosuratchi Svetlana berdi. Fotojamlanmani avgustda yaratdik. Fan-klubim ham bu borada so‘radi. Nima demoqchi bo‘ldingiz deb. Mona Liza yaratilganida, Da Vinchiga “Jokonda” orqali nima ko‘rsatgansiz deb savol berishmagan deb o‘ylayman. Shunday ekan, bannerdagi qiyofamdan har bir muxlis o‘ziga kerakli nimanidir topishini va o‘z dunyoqarashi bilan tushunib olishini istayman.
-Eng sodiq fan-klub sizda. Siz ham qaysidir xonandaga shunlay sadoqatda bo‘lganmisiz?
-Maykl Jekson musiqasi, insoniy pozisiyasi hamisha o‘ziga rom etib keladi. Qo‘shiqlaridan ezgulik ufuradi.
-Konsertingiz bosh tematikasini aniqlab oldingizmi?
-Albatta. Xalqimiz, millatimiz haqida ko‘proq kuylayman. Ajdodlarimiz bilan faxrlanamiz. O‘sib kelayotgan yangi avlodlar ham bugungi insonlar bilan faxrlanishini istayman. Millat ayirmayman. Men uchun ikki toifa odamlar bor, xolos. Yaxshi yo yomon. Umuman, dunyodagi turli millat egalariga boqib, bir xulosa qilish mumkin: o‘zbeklar baribir boshqacha! Konsertimdagi bosh tematika – millatimizga xoslikdir!  
-Malika Dianadan eng katta orzusi haqida so‘ralganida, u “Qalblar malikasi” bo‘lish – eng katta niyati ekanligini aytgandi. Eng katta orzuingiz?
-Menda ikkita orzu bor. Musiqam insonlarni yaxshilikka chorlasin. Farzandlarim baxtini ko‘rish. Yo‘q, yana bir orzuim bor. Uchinchisi!  Dunyo tinch bo‘lsin! TVni yoqishga qo‘rqib qolganman. Ayniqsa, Yerimizning ayrim mamlakatlarida bolajonlar jabr ko‘rmoqda. Shunda zulmkorlar odam emas degan fikrga boraman.
(Davomi bor!)
Jasur HAMROYEV


Категория: SHOU-BIZNES habarlari | Теги: Rayhon
Просмотров: 2586 | Рейтинг: 0.0/0

Похожие материалы

ПРОФИЛЬ
Время: 12:04
Добро Пожаловать, Гости
 
Логин:
Пароль:
Copyright © MP3LAR.COM 2016-2024 | Все права защищены | Реклама | Мы не несём ответственности за содержание. | Бесплатные произведения предназначены исключительно для предварительного ознакомительного прослушивания. Использование материалов сайта возможно только с письменного разрешения Администрации. | Сделать бесплатный сайт с uCoz