«Real» yarim finalga haqli edimi?


Sarlavha «odam chaqirish»uchun tanlandi, aslida adolat tarozisi emasman. Men shunchaki, kechagi o‘yin kayfiyati va nega so‘nggi daqiqadagi penalti va qizil bu qadar rezonans keltirib chiqargani haqida yozmoqchiman. Aslida, bunday kayfiyatni faqat «Yuventus» va «Barselona» muxlislari keltirib chiqarmagani, aksariyat neytral muxlislar ham turinliklarga achinganliklari bor gap, to‘g‘rimi?

«Real» muxlislarining jig‘ibiyron bo‘lishlarini ham tushunaman. Penalti berildi, Ronaldu gol urdi, nega Buffonga achinish kerak? Buffon faoliyati davomida 84 penaltidan 15 tasini qaytargan (18 foiz) ekan. Shchesni esa, 47 penaltidan 12 tasini. 26 foiz. Ya’ni Buffonning maydonda qolishi «Yuventus»ga ustunlik berarmidi? Aniqmas. Agar bu statistikaga Ronalduningpenalti tepish bo‘yicha ajoyib ko‘rsatkichlarini qo‘shsak, gol bo‘lish ehtimoli yanayam oshadi. Xo‘sh, Turindagi o‘yinda barchasini qiyinlashtirib yuborgan «Yuventus»ning o‘zi-ku? Nega ikki o‘yinni qo‘shganda ko‘proq gol urgan «Real»ning keyingi bosqichga chiqishi nohaqlik bo‘lishi kerak?

Yo‘q, bu yerda gap adolat yoki nohaqlikda emas. Kayfiyatda. Har qanday tomosha avvalo kayfiyat ulashishini e’tiborga olsak, ushbu tomosha haqidagi dastlabki fikrlar aynan o‘sha kayfiyatdan kelib chiqishini tan olishimiz kerak. Ishonavering, bir necha yil o‘tib, o‘shanda «Real» nohaq g‘alaba qozongandi, deb hech kim aytmaydi. Hammasi o‘tib ketadi.

Birinchi masala, so‘nggi daqiqada penalti berish to‘g‘rimi? Qiziq savol. Mantiqchilar agar qoida buzilsa, o‘yinning qaysi daqiqasi bo‘lishidan qat’i nazar qoida bir xil amalda bo‘lishi kerakligini aytadilar. Dastlabki daqiqalarda qizil kartochka bermaslik, so‘nggi daqiqada penalti bermaslik «odati» ular uchun g‘alati tuyuladi. Ammo bu yerda boshqa jihat bor.

Hakamlar ilk daqiqalarda kartochka bermaslikka intilishadi, chunki dastlabki daqiqalardagi keskin jazo o‘yin tizginiga ta’sir ko‘rsatishi, futbolchilar xuddi shunday boshqa vaziyatlarda ham hakamdan uzviylik talab qilishi va natijada o‘yin butunlay o‘zgarib ketishi mumkin. JCh-2006 da Portugaliya – Niderlandiya o‘yinini boshqargan rossiyalik hakam barcha kartochkalarni to‘g‘ri bergan bo‘lsa-da, o‘yinning harorati natijasida 4 futbolchi qizil kartochka olgan, maydonda ogohlantirilmagan futbolchi qolmagandi. Tirik insonlarni boshqaradigan hakam ham tirik bo‘lishi kerak, robot emas.

Endi penalti haqida. To‘g‘ri, har qanday daqiqada buzilgan qoida bir xil jazolanishi shart. Ammo bu yerda gap hakamning o‘sha vaziyatdagi ishonchi haqida bormoqda. Agar «so‘nggi daqiqa» 5 daqiqagacha cho‘zilishini e’tiborga olsak, statistikada bu pallada belgilangan penaltilar boshqa «5 daqiqalik»lar ichida kam ekan. Sababi, aksariyat hollarda so‘nggi daqiqada belgilangan penalti o‘yin taqdirini hal qiladi. Chunki, raqibda vaziyatni o‘nglash uchun imkoniyat qolmaydi. Aynan shu tufayli, hakamlar so‘nggi daqiqalardagi penaltini faqat yuz foiz amin bo‘lishsagina beradilar. Biroz shubha paydo bo‘lsa, bu qarordan qaytadilar – axir, penalti yo‘qligini isbotlash borligini isbotlashdan har doim oson bo‘lib kelgan. Shu tomondan qaraganda, kecha Maykl Oliver qat’iyat ko‘rsatdi deb aytish mumkin.

Xo‘sh, unda nega bu qadar rezonans? Menimcha, bunga sabab penaltining haq yoki nohaqligi emas, o‘yin kayfiyatiga mos kelmaganidir. Ya’ni ushbu kayfiyatni keltirib chiqargan omil Benatiya va Vaskesning to‘qnashuvi emas, «Real»ning o‘sha penaltigacha ko‘rsatgan o‘yinidir.

Tasavvur qiling, agar xuddi shu to‘qnashuv mezbonlar jarima maydonida, Iguain va Varan o‘rtasida ro‘y berib, Keylor Navas qizil kartochka olganida nima bo‘lardi? Hech narsa. Ishonavering, hamma «Yuventus» bu g‘alabaga haqli ekanini aytar, hatto «Real» muxlislari ham avvalo o‘z futbolchilarida ayb ekanini tan olib, «Yuventus»ni olqishlagan bo‘lishardi.

Mana shu tomondan, kechagi penaltini bir yil oldin «PSJ»ga qarshi o‘yinda Suaresning penaltisi bilan qiyoslamaslik kerak. Aslini olganda, kechagi penalti o‘sha Suaresning penaltisi oldida o‘n barobar «toza» edi. Lekin o‘shanda hech kim «PSJ»ga achinmagan, asosiy aybdor baribir fransuzlar ekani aytilgandi. Chunki o‘sha o‘yin kayfiyati «Barselona»ning gol urishga bo‘lgan harakati-yu, «PSJ»ning passivligi o‘sha penaltini o‘yin kayfiyatiga moslab yuborgandi.

«Yuventus»ning kechagi 3 gol urishi «Real»ning Turindagi gollaridan qiyinroq edi. «Real»ning gollari vaziyatdan, o‘yin ssenariysidan kelib chiqqan, kamroq bo‘lganida ham qoniqarli bo‘ladi. Lekin faqat 3 gol urish shart bo‘lgan o‘yinda, Madridga shunday reja bilan kelish va buni deyarli uddalash dunyodagi hech qaysi klub uchun oson emas. Buning uchun turinliklarga qoyil qolish kerak. Bu ertakning boshqacha tugagani kechagi kayfiyatni paydo qilgani tabiiy holat.

Aytmoqchi bo‘lganim shu. Qoida buziladi, buzilmaydimi, g‘alaba haqlimi, nohaqmi, boshqa masala. Agar o‘yindan keyin savol qoldirmaslikni, olqish olishni istasangiz, kechagi «Real» kabi o‘ynamang.



Категория: SPORT YANGILIKLARI | Теги: real, Final
Просмотров: 1280 | Рейтинг: 0.0/0

Похожие материалы

ПРОФИЛЬ
Время: 05:18
Добро Пожаловать, Гости
 
Логин:
Пароль:
Copyright © MP3LAR.COM 2016-2024 | Все права защищены | Реклама | Мы не несём ответственности за содержание. | Бесплатные произведения предназначены исключительно для предварительного ознакомительного прослушивания. Использование материалов сайта возможно только с письменного разрешения Администрации. | Сделать бесплатный сайт с uCoz