Главная » SHOU-BIZNES habarlari

Rossiyada o‘zbekistonlik aktyorlar ishtirokidagi “Salam Maskva!” seriali namoyishi boshlandi




Rossiyaning Birinchi kanali onlayn-kinoteatrida “Salam Maskva!” ko‘p qismli kriminal dramasining namoyishi boshlandi. Pavel Bardinning filmida to‘rt nafar o‘zbekistonlik aktyor ishtirok etdi, deb ta’kidlaydi MyDay.

Serial syujeti markazida turli davlatlardan Moskvaga tashrif buyurgan muhojirlar hamda politsiyaning etnik jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘linmasi xodimlari taqdiri turadi.

Bosh qahramonlar — bo‘linmaning tezkor xodimlari, dog‘istonlik Rustam va moskvalik Sanya. Serialda nafaqat jinoiy qidiruv va tergov ishlari, balki qahramonlarning shaxsiy hayoti va turmush murakkabliklari aks etadi.

Eng yorqin qahramonlarimiz tojiklar, chechenlar, dog‘istonliklar, vyetnamliklar, ruslar; ular filmda milliy raqslarini ijro etadi va ona tilida gapiradi”, — deb g‘oyasini tushuntirdi film rejissori Pavel Bardin.

Filmda to‘rt nafar o‘zbekistonlik aktyor rol ijro etdi.

Nargis Abdullayeva — 1981-yil 2-oktabrida O‘zbekistonda tug‘ilgan. 2002-yilda Mark Vaylning “Ilhom” teatri huzuridagi dramatik san’at maktab-studiyasini tamomlagan. “Ilhom” teatrida namoyish etilgan ko‘plab spektakllarda rol ijro etgan.

Farhod Mahmudov — 1972-yil 9-may kuni Toshkentda tug‘ilgan. 1993-yilda S. A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya davlat kinematografiya institutini tamomlagan.

Aleksandr Soy — 1984-yil 9-oktabrida Paxtakor shahrida (Jizzax viloyati) tug‘ilgan. Toshkent davlat san’at institutining rejissorlik fakultetini tamomlagan. 2001–2008-yillarda O‘zbekiston yoshlar teatri qoshidagi studiyada ishlagan.

Kamilla Muxlisova. 1983-yil 26-sentabrida Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent davlat san’at institutini tamomlagan. M. Kimsanovning “Parvona”, B. Yoqubovning “Sarvinoz” filmlarida qatnashgan.

Kasting bo‘yicha direktor Tina Tumanishvili Tojikiston va Vyetnamdan professional aktyorlar topish katta qiyinchiliklar tug‘dirganini aytdi. Natijada vyetnamlik obrazlardan birini Aleksandr Soy ijro etdi. Aktyor to‘g‘ri artikulyatsiya uchun uch oy davomida vyet tilini o‘rgandi, so‘ng unga haqiqiy vyetnamlik ovoz berdi.

Serial premyerasi 30-iyun kuni bo‘lib o‘tdi. Serialni har payshanba kechki soatlarda “Kino.1tv.ru” saytida onlayn ko‘rish mumkin.


Источник: daryo.uz
Категория: SHOU-BIZNES habarlari | Добавил: AdminoFF (03.07.2016)
Просмотров: 646 | Теги: Salam Maskva | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar