Главная » SPORT YANGILIKLARI

Samvel Babayan: Ertangi o`yin uchun aniq rejamiz bor




O`zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Samvel Babayan Jahon chempionati saralashining uchinchi bosqichi doirasidagi Janubiy Koreyaga qarshi safardagi o`yin oldidan tashkil etilgan matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlar savollariga javob berdi.

Murabbiyga O`zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi Igor Sergeev hamrohlik qildi.

Koreyalik jurnalistlar dastlab Samvel Babayandan 2015 yilda bo`lib o`tgan Osiyo Kubogida Janubiy Koreyaga qarshi o`ynagan O`zbekiston terma jamoasidan hozirgisi nima bilan farq qilishi haqida so`radi.

“Osiyo Kubogida qatnashgan jamoa va hozir men boshqarayotgan jamoani bir-biriga qiyoslash mening ishim emas. Buning uchun jurnalistlar, boshqa mutaxassislar bor. Bu ish men tomonimdan qilinishi to`g`ri bo`lmaydi. Faqat shuni aytish mumkinki, o`sha turnirdagi jamoadan hozirda tarkibimizda 8 futbolchi bor. Bugungi kunda milliy terma jamoaga ko`pgina yosh futbolchilarni jalb etyapmiz. Ammo “U jamoa bunday o`ynardi, biz bunaqa o`ynaymiz”, deb muhokama qilmoqchi emasman”, - deya javob berdi.

Raqib terma jamoasi safidagi eng xavfli futbolchilar haqida so`ralganida esa Babayan quyidagicha javob berdi.

“Janubiy Koreya terma jamoasida iste`dodli futbolchilar juda ko`p. Kuchli chempionatlarda faoliyat yuritadigan legionerlar ham, mahalliy chempionatda to`p suradigan yulduzlar ham bor. Hozir omma oldida kimnidir alohida ko`rsatmagan bo`lardim. Asosiysi, biz o`zimiz uchun raqib safidagi eng xavfli futbolchilarni aniqlab oldik va ularga qarshi qanday o`ynash kerakligini bilamiz”.

Erataga Rossiyadagi mundial yo`lidagi eng muhim o`yinlardan biri bo`ladi. O`yinning muhimlik darajasini hisobga olib, unga alohida tayyorgarlik ko`rildimi, deya so`ralganida, Samvel Babayan O`zbekiston terma jamoasi uchun har bir o`yiin muhimligini, raqib Suriyami, Koreyami, bundan qat`iy nazar navbatdagi har bir o`yinga eng muhim sifatida yondoshilishi va shunga yarasha tayyorlanilishini ta`kidladi.

Igor Sergeevdan O`zbekiston chempionatida doimiy ravishda sermahsul o`yin namoyish etgani, ammo Xitoy klubiga o`tgach, bu o`rsatkichi ohsagani haqida so`ralganida hujumchi shunday javob berdi:

“Bu mening birinchi bor xorij klubida o`zimni sinab ko`rishim edi. U erda uzoq o`ynamadim, yarim yilgina bo`ldi. Yangi chempionatga, jamoaga moslashishga vaqt ketdi. Etarlicha o`yin amaliyotiga ham ega bo`lmadim, deb o`ylayman. Sabablar ko`p. Shunday bo`lsada, gollar urishga doim harakat qilaman. So`nggi vaqtlarda bu borada ahvol ancha yaxshilandi. Umid qilamanki, shunday davom etadi. Terma jamoaga to`xtaladigan bo`lsam, unga chaqiruv oldingmi, maydonda boringni berib harakat qilishing, unga maksimal yordam berishga intilishing shart”

Источник: darakchi.uz
Категория: SPORT YANGILIKLARI | Добавил: AdminoFF (14.11.2016)
Просмотров: 195 | Теги: Samvel Babayan | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar