Главная » BILASIZMI?

Savol—javob: “ShOS” o‘zi nima?




 

Nima bo‘ldi?

Toshkentda yo‘llar, binolar va bozorlar jadal ta’mirlangan, Yulduz Usmonova o‘zbekcha-xitoycha-ruscha aralash qasida-qo‘shiq kuylagan, qo‘shimchasiga, 23—24-iyun kunlari O‘zbekiston poytaxti markazidagi qator ko‘chalarda transportlar harakati cheklangan. Hammasi “ShOS”, aniqrog‘i, Shanxay hamkorlik tashkiloti — ShHTga a’zo mamlakatlar davlat rahbarlarining Toshkent sammiti munosabati bilan. “ShOS” — ShHTning ruscha qisqartmasidir.

 

ShHT o‘zi nima?

Bu — 2001-yilda Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va O‘zbekiston rahbarlari tomonidan asos solingan xalqaro tashkilot, “Shanxay beshligi” deb nom olgan va 1996—1997-yillardan beri mavjud bo‘lgan tuzilma vorisi (bu tuzilmada Xitoy va unga qo‘shni, 1991-yilda mustaqillikka erishgan besh mamlakat bo‘lgan). ShHT harbiy blok emas (masalan, NATO — haqiqiy harbiy blok), xavfsizlik bo‘yicha kengash ham emas — shu tushunchalar o‘rtasidagi oraliq tashkilot. A’zo davlatlar doirasida xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash, terrorchilik, ayirmachilik, ekstremizm, narkotrafikka qarshi kurash, iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish, energiya borasidagi hamkorlik, ilmiy va madaniy aloqalarni taraqqiy ettirish — tashkilotning bosh maqsad va vazifalari sifatida e’lon qilingan.
 

Nega sammit Toshkentda bo‘lyapti?

Toshkent qariyb har yili ShHT doirasidagi u yoki bu tadbirga mezbonlik qiladi. BiroqDavlat rahbarlari kengashi yig‘ilishi, ya’ni, hozirgi sammit — tashkilot bayrog‘i ostidagi tadbirlar orasida eng nufuzlisi, eng kattasidir. Chunki bu kengash tashkilotning asosiy faoliyat yo‘nalishlari belgilab beruvchi oliy organ hisoblanadi va u bir yilda bir marta yig‘iladi. Toshkent bu sammitga birinchi marta mezbonlik qilayotgani yo‘q — mamlakat 2004- va 2010-yillarda ham tashkilotga raislik qilgan va shu sababli ham ShHTa’zo davlatlarning yetakchilari O‘zbekistonda yig‘ilgan.

 

ShHTga raislik qilish? U nima degani?

BMTning bosh kotibi bo‘lgani kabi, ShHTning ham bosh kotib bor. U ShHTga a’zo mamlakatlarning Tashqi ishlar vazirlari kengashi tavsiyasiga ko‘ra, Davlat rahbarlari kengashi tomonidan tayinlanadi. Hozirgi vaqtda ShHTning shunday bosh kotibitojikistonlik Rashid Alimov hisoblanadi. Lekin uning asosiy vazifasi ShHT doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlarni moddiy-texnik ta’minlash, tashkilot doirasidagi barcha organlarning hujjatlarini ishlab chiqilishi va amalga oshirilishida qatnashish, yillik byudjet bo‘yicha takliflarni tayyorlashdan iborat, xolos. Bosh kotib uch yil muddatga tayinlanadi, har yili esa ShHTga raislik qiluvchi mamlakat o‘zgaradi — tashkilotga a’zo mamlakatlar nomining rus alifbosida yozilishiga asoslangan holda. O‘zbekiston raisligida ShHT faoliyatini yanada takomillashtirish, tashkilot doirasida siyosat, xavfsizlik, iqtisodiyot va gumanitar aloqalar sohalarida o‘zaro hamkorlikni chuqurlashtirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Davlat rahbarlari kengashining bo‘lajak majlisi kun tartibini mazmunan boyitishga alohida e’tibor qaratildi.

 

ShHTning Toshkentdagi keyingi sammiti qachon bo‘ladi?

Bu haqda hozirdan aniq bir javob berish mushkul. Tashkilot a’zolari soni oltita bo‘lgan davrda, aniqrog‘i, 2001—2015 yillar davomida Toshkent har olti yilda bir sammit mezboniga aylandi: 2004-yildan keyin ham, 2010-yildan keyin, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Tojikiston va Rossiyada o‘tgan sammitlardan so‘ng navbat O‘zbekistonga kelayotgan edi — buning sababi, mezbonlik rus alifbosi harflari ketma-ketligi bo‘yicha tartiblangan (rus alifbosida U harfi K, T va R harflaridan keyin keladi). Biroq endi tashkilot a’zolari soni Hindiston va Pokiston hisobiga oshmoqda, keyingi yillar davomida yana yangi a’zolar (masalan, Eron) qo‘shilishi ehtimoli yo‘q emas. Shunday ekan, endi O‘zbekistonga navbat qachon kelishini aniq aytish qiyin.

O‘zi hozir ShHTga nechta mamlakat a’zo? Yana kim qo‘shilmoqchi unga?

Yuqorida aytilganidek, ShHT dastlab “Shanxay beshligi” nomi ostida faoliyat ko‘rsatgan. Bu tuzilmaga O‘zbekiston ham qo‘shilishi bilan, nom ham o‘zgarib Shanxay hamkorlik tashkiloti paydo bo‘lgan (ma’lum vaqt “Shanxay oltiligi” degan atama ham “yashagan”). 2007-yildan beri tashkilot faoliyatida kuzatuvchi davlat maqomida qatnashib kelgan Hindiston va Pokiston 2016-yil iyunidan ShHTning to‘laqonli a’zosiga aylanadi. Bundan tashqari a’zolikka da’vogar, lekin a’zo sifatida qabul qilinmagan kuzatuvchi maqomidagi davlatlar — Afg‘oniston, Belarus, Eron,Mo‘g‘uliston, shuningdek, maqomi kuzatuvchi-davlatdan keyingi o‘rinda turuvchi muloqot bo‘yicha hamkorlar — Ozarbayjon, Armaniston, Kamboja, Nepal, Turkiya, Shri-Lanka ham bor. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Suriya, Misr va Isroil ham tashkilot faoliyatida qatnashish istagini bildirgan.
 

Toshkentdagi sammitda nimalar muhokama qilinadi?

Bo‘lajak ShHT sammiti davlat rahbarlarining yubiley majlisi bo‘lib, Shanxay hamkorlik tashkiloti tuzilganining 15 yilligiga bag‘ishlanadi. Davlat rahbarlari ShHT doirasida serqirra va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada chuqurlashtirish masalalarini muhokama etadi, shuningdek, dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashadi. Davlat rahbarlari uchrashuvi yakunida asosiy hujjat — ShHT o‘n besh yilligining Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinadi. Unda tashkilotning so‘nggi o‘n besh yillik faoliyati, a’zo davlatlarning ShHTni rivojlantirish istiqbollariga nisbatan kelishilgan yondashuvlari, shuningdek, joriy xalqaro hamda mintaqaviy vaziyat bo‘yicha pozitsiya o‘rin oladi. Davlat rahbarlari 2025-yilgacha ShHTni rivojlantirish strategiyasini amalga oshirishga doir 2016–2020-yillarga mo‘ljallangan harakat rejasi va ShHTni rivojlantirish, unga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator boshqa hujjatlarni tasdiqlaydi.


 

Источник: daryo.uz
Категория: BILASIZMI? | Добавил: AdminoFF (24.06.2016)
Просмотров: 601 | Теги: ShHT | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar