Главная » MAXALLIY YANGILIKLAR

Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi




O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi, Respublika Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyev joylarda ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi, sanoat, qishloq xo‘jaligi va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida shu yilning 16-sentabr kuni Jizzax viloyatiga tashrif buyurdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Shavkat Mirziyoyev safar davomida viloyatning Jizzax shahri, Paxtakor, Zafarobod, Do‘stlik tumanlarida bo‘ldi.

Jizzax viloyati faollari bilan bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning vatan ozodligi, yurt ravnaqi, tinchligini ta’minlash borasidagi faoliyati, beqiyos xizmatlari alohida qayd etildi. Xalq qalbidan chuqur joy olgan bu buyuk siymoning hayot yo‘li bugungi va kelajak avlod uchun ibrat maktabi vazifasini o‘tashi ta’kidlandi. So‘nggi chorak asr mobaynida erishilgan olamshumul yutuqlar ko‘lamini yanada oshirish barchaning burchi ekaniga alohida urg‘u berildi.

Shu bilan birga, tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda viloyatda sanoat sohasining rivojlanishi, yetishtirilgan paxta hosilini yig‘ib-terib olish va kuzgi g‘alla ekish mavsumining borishiga doir masalalar tahlil etildi. Iqtisodiyotda olib borilayotgan islohotlarni izchil rivojlantirish borasidagi dolzarb vazifalar, kommunikatsiya tizimlarini yanada taraqqiy ettirish, obodonlashtirish, zamonaviy bino va inshootlarni qurish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.

Aholi turar joylari fondi va ijtimoiy soha muassasalarini kuzgi-qishgi mavsumga tayyorlash, sanoat va boshqa sohalarning bir maromda faoliyat yuritishini ta’minlash masalalari ham yig‘ilish qatnashchilarining diqqat markazida bo‘ldi.


Источник: Daryo.uz
Категория: MAXALLIY YANGILIKLAR | Добавил: AdminoFF (17.09.2016)
Просмотров: 757 | Теги: Shavkat Mirziyoyev | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar