Главная » MAXALLIY YANGILIKLAR

Shavkat Mirziyoyev Samarqandda Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi









Samarqanddagi Forumlar majmuasida O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev va Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
“O‘zbekiston Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevga xalqimizning buyuk farzandi, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirish maqsadida mamlakatimizga tashrif buyurgani uchun minnatdorlik bildirdi. Ushbu tashrif mehr-oqibat va ahillik ayyomi — Qurbon hayiti kunlarida amalga oshirilgani Islom Karimov bilan Nursulton Nazarboyevning munosabatlari, do‘stligi yuksak darajada bo‘lganini namoyon etdi. Bu do‘stlik xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlikka asos bo‘lganini, bunday yaqin munosabatlar izchil davom ettirilajagini alohida ta’kidladi”, — deyiladi O‘zA axborotida.
 
Nursulton Nazarboyev O‘zbekiston Birinchi Prezidenti Islom Karimov O‘zbekistonning mustaqilligi, iqtisodiyoti va siyosatini belgilab bergan ulug‘ davlat arbobi, o‘zbek xalqining buyuk farzandi, dunyo miqyosidagi yetakchi bo‘lganini alohida ta’kidladi. Islom Karimov xalqaro anjumanlarda har doim hal qiluvchi o‘rin tutganini, eng murakkab paytlarda ham tinchlik va barqarorlikni ta’minlagani, Qozog‘iston va O‘zbekiston hamkorligi rivojiga ulkan hissa qo‘shganini yodga oldi. O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi bu aloqalarni izchil davom ettirish muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida turli sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid masalalar yuzasidan fikr almashildi. Shu bilan Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning O‘zbekistonga tashrifi nihoyasiga yetdi.

Источник: Daryo.uz
Категория: MAXALLIY YANGILIKLAR | Добавил: AdminoFF (13.09.2016)
Просмотров: 323 | Теги: Shavkat Mirziyoyev, Nursulton Nazarboyev | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar