Главная » SHOU-BIZNES habarlari

Shaxzoda Matchonova qachon oila qurishiga aniqlik kiritdi




 

U juda og`ir-bosiq, kamtar, kino olamiga tasodifan kirib kelgan bo`lsa-da, bugungi kunda eng faol ijodkorlardan biri. U bilan suhbatlashar ekanmiz nafaqat, ijodi balki hayotiy qarashlari haqida ham so`z yuritdik. 

— So`nggi paytlarda, deyarli har kuni tasvirga olish ishlari bilan bandsiz. Kuzatuvlarimiz natijasida tijorat filmlaridan ko`ra ko`proq davlat buyurtmasi asosida suratga olinayotgan kartinalarda bandligingizdan xabar topdik.

— To`g`ri, bu yilning o`zida uchta filmda suratga tushishga ulgurdim. Oktyabr oyidan yana bir yangi filmning suratga olish ishlari boshlanadi. Aslida, rol tanlashda injiq emasman, filmni qaysi studiya suratga olayotgani ham men uchun ahamiyatli emas. Biroq davlat buyurtmasiga binoan suratga olinayotgan kartinalardagi obrazlar ko`proq ma`qul bo`layotgani uchun  ham filmografiyamda ularning soni ortib borayotgan bo`lsa kerak. 

— San`atga tasodifan kirib qolganingizni tan olasizmi? Bu ham bir omad, to`g`rimi?

— Tasodiflar aslida, tasodif emas, deyishadi-ku. Kinoda ishlashni juda yaxshi ko`raman. Bugungi kunda san`at men uchun oddiy qiziqish yoki xobbi emas, balki butun hayotimning mazmuniga aylangan, desam xato bo`lmaydi. Shu sabab ham savolingizga, bu omadli tasodif, deya javob bersam to`g`riroq bo`ladi. Lekin kinoda faqat tashqi ko`rinishning o`zi bilan uzoq vaqt ishlab bo`lmaydi. Demak, mahoratim ham bor... Bo`ldi, bu haqda ko`p gapirsam, maqtanchoqqa aylanib qolaman (kuladi).

— San`atning nonini egan inson undan voz kecholmaydi deganlari haq gap ekan-da...

— Ha! Men ijod qilmaslikni, filmlarda suratga tushmaslikni hatto xayolimga ham keltira olmayman. Tasvirga olish maydonchasiga kirib borsam, hamma narsani unutaman. Maza qilib ishlayman. Hayotiy tashvishlarni unutib, xayolim faqat ish bilan band bo`ladi. San`atni shu darajada sevaman. 

— Ishda o`zingiz rioya qiladigan ikki oltin qoida bilan bo`lisha olasizmi?

— Birinchisi, bu mas`uliyat. Ya`ni men rolni qo`limga olib, ishga rozilik berdimmi, demak, har doim vaqtida ishga kelaman, rolga doim tayyor bo`laman va vazifani yaxshi bajarib berishga harakat qilaman. Ikkinchisi, birga ishlayotgan har bir guruh azosiga hurmat bilan yondashish. 

— So`nggi marta qaysi o`zbek filmini tomosha qildingiz?

— Ming afsuski, ish bilan bo`lib, film tomosha qilishga vaqt topolmayapman. Biroq so`nggi paytlarda prem`era qilingan kartinalarni ko`rgim kelyapti. Tez orada bunga albatta, vaqt ajrataman. 

— Qaysi hamkasblaringizni e`tirof eta olasiz?

—  Oxirgi paytlarda menga Yulduz Rajabovaning ijro mahorati juda yoqyapti. Nazarimda u bugungi kunning eng yorqin aktrisalardan biri. Boshqa aktrisalarga nisbatan mahorati, ijrosi bilan ajralib turibti. Uni inson sifatida ham juda hurmat qilaman. 

— Ma`lumotlarga qaraganda rejissyorlikka qo`l urmoqchi ekansiz?

—  Yaqin orada bunday rejam yo`q. Rejissyorlik bo`yicha oliy ma`lumotga ega bo`lishni rejalashtirganman xolos. Ana o`shandan keyingina rejissyorlikka qo`l urishim mumkin. Shundan kelib chiqadigan bo`lsak, taxminan yigirma yildan so`ng men suratga olgan ilk filmni tomosha qilishingiz mumkin. 

—  Film mavzusi haqida ham o`ylab qo`yganmisiz?

— Bu haqda gapirishga hali erta. O`sha davrdagi holatimga qarab mavzu tanlayman. Va albatta mahoratli aktyorlar bilan ishlayman. 

— Yaqinda instagramda, san`atkor dugonalaringiz bilan birgalikda tushgan suratingizni joylab, unga “Muhim voqea oldi, qizlar majlisi...” deya izoh qoldirdingiz... 

— U haqda hech qanday ma`lumot berolmayman, chunki u mening sirim emas. Tez kunlarda gap nimadaligini o`zingiz bilib olasiz...

— Shaxsiy hayotingizdagi rejalar haqida-chi, ular bilan bo`lisha olasizmi? 

— Men hech qachon rejaga ko`ra yashamayman. Shuning uchun ham shaxsiy hayotimda rejalar bo`lmagan. Agar siz to`yim haqida bilmoqchi bo`lsangiz, Xudo xoxlasa, to`yim bo`lsa, bu haqida birinchilardan bo`lib eshitasiz. Albatta, to`yga taklif qilman. 

— Bo`lajak turmush o`rtog`ingiz qanday xislatlarga ega bo`lishi kerak?

— Birinchi o`rinda, ayol sifatida meni hurmat qilishi, kasbimni tushunishi, andishali inson bo`lishini niyat qilaman. Bundan tashqari tartibli, bo`lishi lozim. Eng muhimi esa meni sevsin. Chunki men uchun o`zaro  tuyg`ular juda muhim. 

— Tashqi ko`rinishi haqida nima deya olasiz?

— Men uchun tashqi qo`rinish ahamiyatli emas. Chunki hayotda shunday insonlar borki, uning ko`rinishidan ko`ra, ichki go`zalligiga havas qilsa arziydi. Ming afsus,  chiroyini ta`riflashga til ojizlik qiladiganlar orasida inson sifatida hurmatga arzimaydiganlari ham uchraydi.  Shuning uchun ham umr yo`ldosh tanlashda  qiyofasiga kamroq e`tibor berishim aniq. Men uchun yana bir muhim jihat bu kishining o`ziga e`tiborliligi. Ya`ni ozoda, saranjon bo`lishini istayman. 

— Intervyularingizning birida “Mendan sevgi haqida besh yil avval so`rashganda, u uchun hamma narsaga tayyorman derdim. Bugun esa bu fikrim o`zgargan” deb javob bergan ekansiz...

—  To`g`ri, bugungi qarashlarim o`zgargan. Hayotga jiddiyroq, “pushti” ko`zoynaklarimni echgan holda qarayapman. Real hayot umuman boshqaligini tan olish kerak. Muhabbati uchun o`zini qurbon qilish, sevgan insoniga yoqaman deb o`z prinsiplariga qarshi borish bu eng katta xato deb bilaman. Chunki bir kun kelib har qanday inson bu narsalardan charchaydi. Vaqti kelib, “men sen uchun kasbimdan, yoshligimdan voz kechgandim” degan ta`nadan yomoni bo`lmasa kerak. Menimcha, bu kabi iddaolar inson qalbini parchalaydi. Shuning uchun inson o`zligini unutmasdan boricha ko`rinishi, kimdir yoki nimadir uchun o`zidan voz kechmasligi kerak. Bu borada yana bir fikrimni alohida ta`kidlab o`tishni istardim: har bir inson qalban ulg`aygachgina oila qurishi kerak deb o`ylayman. Ahamiyat bering, bu insonning yoshi bilan emas, ruxiy, qalbiy holatidan kelib chiqadigan yosh darajasidir. Nazarimda, inson ana shu pallaga etib kelganini o`zi his qilsa, birovdan nimandir talab qilmaydi. U sevgan insonini boricha qabul qilishni boshlaydi. Bir so`z bilan aytganda yoshlar hayotni tushungandan so`ng oila qurishi kerak deb hisoblayman. Menimcha eng to`g`ri yo`l shu. 

Menga oila qurish taklifni bildirgan inson kasbimdan voz kechishimni so`rasa, uni rad etaman. Chunki, yuqorida aytganimdek, birov uchun o`zidan, qiziqishlaridan voz kechish xato. Men u insonni boricha qabul qila olyapmanmi, demak, u ham mening dunyomni qabul qilishi kerak.

Aliya SULAYMANOVA 
suhbatlashdi


Источник: darakchi.uz
Категория: SHOU-BIZNES habarlari | Добавил: AdminoFF (03.10.2016)
Просмотров: 461 | Теги: Shaxzoda Matchonova | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar