Shoxruh Nasimov: “otamning jasadini kimning buyrug‘i bilan o‘g‘irlashganiga qiziqishdi”


“E’tirof - 2015” marosimida “Yilning eng yaxshi kinoaktyori” nomiga sazovor bo‘lgan Shohruh Nasimov bugun Darakchi.uz mehmoni.

O‘zining “Odnoklassniki” va “Ajal jodusi” filmlarida yaratgan obrazlari bilan xalq nazariga tushgan aktyor o‘z rollari, otasi bilan munosabatlari bo‘lg‘usi to‘yi haqidagi fikr mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
—2015 yilning eng yaxshi aktyori, deya e’tirof etilishingiz siz uchun mutlaqo kutilmagan hodisa bo‘lsa kerak?
—To‘g‘ri, umuman kutmagan edim. Bu hayotimda bir mo‘jiza bo‘ldi, desam ham bo‘ladi. Chunki men hali endi institutni tugatib, asta-sekin san’atdagi izlanishlarimni boshlayotganimda ushbu mukofotga loyiq ko‘rildim. Endi ushbu mukofotga munosib bo‘lib, kuchli aktyor bo‘lishga harakat qilishim shart.
—Mukofotlanishingizni qancha vaqt oldin bildingiz, kim birinchi bo‘lib tabrikladi?
—Men mukofotlanganimni sahnada e’lon qilishganida boshqalar bilan bir vaqtda bildim. O‘zi oddiy mehmon sifatida tashrif buyurgan edim. Birinchi bo‘lib albatta ota-onam tabrikladi.
—Dadangiz Hilol Nasimovni ko‘pchilik ayovsiz tanqidchiligini yaxshi bilamiz. Mukofotlanganingizga ularning munosabati qanday bo‘ldi?
—Dadam uchun ham bu voqea kutilmagan bo‘ldi, ammo xursand bo‘ldilar. O‘shanda ham endi mukofotga loyiq bo‘lishimni, yanada izlanishimni  ta’kidladilar.
—Ilk o‘ynagan rolingizni eslay olasizmi?
—Adashmasam 4 yoshimda “Piyoda” deb nomlagan filmda, undan so‘ng Hotam Fayzievning “Kichkina odamlar” filmida rollar ijro etganman.
Eng katta bosh rolim “Odnoklassniki.ru” filmida bo‘lgan, undan oldinroq “Sardor-3” filmida ikkinchi darajali rolni ijro etganman.
—Bugun “Ajal jodusida” filmi ko‘pgina muhokamalarga sabab bo‘lmoqda, siz yaratgan obrazga atrofingizdagilarning munosabati qanday bo‘ldi?
—Men o‘zimni professional emas, havaskor aktyor deb bilaman. Balki ayrim joylarini yetkazib bera olmagandirman.  Kimdir maqtadi, kimdir telefon qilib dadangizni jasadini o‘sha siz yonidan qochgan odamlarning buyrug‘i bilan o‘g‘irlashganmi degan savollar berishdi.
—Film voqelari hayotingizga ko‘chirsak, siz ham dabdabali to‘y qilish niyatidamisiz?
—Avvalo bunday voqelar hech kimning boshiga tushmasin. Agar shu bola o‘z sharoitidan kelib chiqib, ko‘rpasiga qarab oyoq uzatganida balki bu ishlar umuman bo‘lmagan bo‘lardi.  Bu yerda ota-onalarda ham ayb katta deb o‘ylayman. Nima bo‘lganda ham ular qarshilik qilishi kerak edi. Biroq ota-ona ham havasga uchdi. Hayotimizdagi men birovdan kam emasman kabi hoyu-havaslar ana shunday ayanchli voqealarga sabab bo‘lmoqda.
—Siz ham uylanish arafasidasiz, hayotingizda shunday dabdabali to‘yni xohlaysizmi, filmdan siz chiqargan xulosa qanday bo‘ldi. Hayotga qarashingiz o‘zgardimi?
—Inson uchun eng muhimi baxt deb o‘ylayman. Halol topilgan pulga ixchamgina, isrofgarchiliklarga yo‘l qo‘yilmagan holda qilingan to‘y ayni muddao bo‘ladi. Uylanishimga kelsak, men dabdabadan uzoqroq yuraman.
—Demak to‘yinggiz oddiy bo‘ladi, shundaymi?
—Juda ham oddiy emas, dabdabali ham emas. Bir necha qavvatli tortlar yoki o‘nlab moshinalarsiz, me’yorida, ixchamgina bo‘ladi.
—Hilol Nasimovdan boshqa rejissyorlar ham ayni damda sizni o‘z filmlariga taklif qilishyaptimi?
—To‘g‘risini aytsam “Ajal Jodusi” filmidan so‘ng taklif bo‘ldi, ammo oilamizda to‘y bo‘lgani munosabati bilan vaqt tomonlama ulgurolmadim. 
—Boshqa rejissyorlardan taklif bo‘lganida dadangiz bilan maslahatlashib keyin rozilik bildirasizmi yoki ular sizning faoliyatingizga aralashmaydilarmi?
—Dadam har doim to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatadilar va hech qachon u yoki bu rejissyor bilan ishlamaysan, bu filmda rol o‘ynamaysan degan shart qo‘ymaydilar.
—Kliplardan taklif tushsa, rozi bo‘lasizmi?
—Yo‘q, kliplarda suratga tushmayman. Juda bir o‘zgacha qo‘shiq bo‘lsa o‘ylab ko‘rishim mumkin. Lekin menimcha tushmasam kerak.
—“E’tirof 2015” mukofotiga kimlar loyiq deb o‘ylagandingiz…?
—Juda ko‘p iste’dodli aktyorlar bor, hamma ham tinimsiz mehnat qilyapti. Ammo aniq bir kishini ko‘rsata olmayman.
—Ukangiz Fotih Nasimov-chi?
—Bu narsa haqida o‘ylab ko‘rmagan ekanman.
—“Ajal jodusi”da obrazdan chiqib keta olmagan sahnangiz bo‘ldimi?
—Otasining o‘limi, o‘sha joyini hozir ham ko‘ra olmayman.
—Ijtimoiy tarmoqlarda qanchalik faolsiz?
—Telegramdan foydalanaman. Odnoklasniki va instagramda yo‘qman. Ijtimoiy tarmoqlar juda ko‘p vaqtni oladi. Shu sababdan qat’iy me’yorni saqlash kerak deb o‘ylayman.
—O‘zingizga biriktirilgan rolni bajara olmasdan dadangizdan gap eshitgan holatlar ham bo‘ldimi, umuman s’yomka maydonida ota-o‘g‘il munosabati qanaqa?
—S’yomka maydonida ota-o‘g‘il munosabati chegarada ushlanadi. Jiddiy mavzu, jiddiy film bo‘lgani uchun bizga ham talab katta qo‘yiladi. Katta gapirish emas-u, “Ajal jodusi”da qo‘limdan kelmagan joylari bo‘lmadi, biroq otasi o‘ladigan va dafn etiladigan joylarida qiynalgan joylarim bo‘ldi.
—Dadangizdan boshqa yana qaysi rejissyorning filmida o‘ynashni orzu qilasiz?
—Uzoq o‘ylandi...
—Unda variantlar aytaman siz birortasini tanlab olasiz…
—Agar siz aytgan variantlar orasida bo‘lsa aytaman, bo‘lmasa yo‘q.
—Rustam Sa’diev, Yolqin To‘ychiev, Ayub Shahobiddinov, Javlon Shodmonov, Jahongir Ahmedov, Sanjar Shodiev?
—Nomi sir bo‘lib qolaversin. Ammo men filmlarida rol o‘ynashni hohlaydigan rejissyor ular orasida bor.
—Sizni filmga taklif qilishdi. Taklifning moddiy tomonigaqanchalik ahamiyat berasiz?
—To‘g‘risini aytsam kino san’atida, shu sohaga umrini bag‘ishlayman degan odamga filmning moddiy tomoni umuman qiziqtirmasligi kerak. Menga ham filmning moddiy tomoni qiziq emas. Muhimi film ssenariysi va rejissyori.
—Samimiy suxbat uchun rahmat.
Shohruh Nasimov haqida...
  • 1991 yil 16 fevral kuni Toshkent viloyati Qibray tumanida tavvalud topgan.
  • Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti qoshidagi Sharqshunoslik  akademik litseyining xitoy va ingliz tili yo‘nalishini tamomlagan.
  • 2015 yilda O‘zbekiston Davlat madaniyat va san’at institutining drama va kino aktyorligi fakultetini tugatgan.
Ma’lumot uchun: "Ajal jodusi" filmida rejissyor Hilol Nasimovning ikki o‘g‘li rol ijro etgan. To‘ng‘ich o‘g‘il rolida Shoxruh, kichigi esa Fotih Nasimovlardir. 
             Feruz MUHAMMAD Darakchi.uz uchun maxsus 


Категория: KINO YANGILIKLARI | Теги: Shoxruh Nasimov
Просмотров: 2603 | Рейтинг: 0.0/0

Похожие материалы

ПРОФИЛЬ
Время: 17:47
Добро Пожаловать, Гости
 
Логин:
Пароль:
Copyright © MP3LAR.COM 2016-2024 | Все права защищены | Реклама | Мы не несём ответственности за содержание. | Бесплатные произведения предназначены исключительно для предварительного ознакомительного прослушивания. Использование материалов сайта возможно только с письменного разрешения Администрации. | Сделать бесплатный сайт с uCoz