Главная » SHOU-BIZNES habarlari

Sug`diyona Azimovadan hamisha go`zal ko`rinish sirlari




 

Aslida, u aktrisa emas. Ammo san`atga bo`lgan mehri va tabiat in`om etgan iqtidori tufayli bizga yaxshi tanish. Sardor Rahimxonning «Malikam endi qara», Ulug`bek Rahmatullaevning «Layloyimsan» kliplaridagi ijrosi esa unga mashhurlik keltirdi. Tinib-tinchimas, o`z fikriga ega va qat`iyatli qahramonimiz ijoddan tashqarida professional vizajist. «Hamisha chiroyli ko`rinishining ham siri shunda ekan-da», deysizmi? Buni qarangki, bu savol bizni ham o`ylantirib qo`ydi-yu, javobini bilish uchun Sug`diyona AZIMOVAning o`ziga yuzlandik. 

«Eng birinchi qoidam!»
— Har kuni kechqurun yuzimni pardoz vositalaridan tozalab olgach, iliq suvda chayaman-da, uqalash muolajasini bajaraman. Bu muntazam bajaradigan muolajalarim. Yuz terisi massaj qilinganida qon aylanishi yaxshilanib, teri kataklari ochiladi. Qarabsizki, teringiz qariymadi, ajinlar «mo`ralashi»dan ham xavotirga tushmaysiz. Go`zal ko`rinishni istaganlar uchun bu eng yaxshi, eng qulay va oson chora. 

Kremlar haqida
— Bolalar uchun mo`ljallangan kremlardan a`losi yo`q. Qolaversa,  yuz terisi parvarishida ular juda yaxshi vositadir. Bu turdagi kremni ertalab ham, kechqurun ham surtaman. Kundalik pardozda yuz terimga mos kremdan surtib, so`ng upadan foydalanaman. Bahor quyoshida faqat krem bilan cheklanish ham to`g`ri emas. Terini kuydirishi mumkin. 

«Sochlarimga xina bo`yayman!»
— Ilgari tayyor bo`yoqlardan foydalanardim. Ammo sochimga nojo`ya ta`siri bo`layotganini ko`rib, xinaga bo`yab ko`rdim. Natijasi kutganimdek! Endi faqat xina ishlatayapman. Xinaga basmani aralashtirib, qo`llasangiz, soch rangi tiniq bo`lib, tovlanib turadi. Shu bilan birga, tabiiy vositalar aralashmasi sochni oziqlantirib, o`sishini ham tezlashtiradi. 

«Sinalgan reseptim!»
— 2 osh qoshiq xantalga bittadan V6, V 12 vitaminlari (ampulada) 1 osh qoshiq  asal, 1 dona tuxum sarig`i va 2 choy qoshiqda qand upasi qo`shiladi. Masalliqlar yaxshilab aralashtirilgach, boshga surtasiz-da, 30 daqiqaga qoldirasiz. So`ng iliq suvda chayib olsangiz kifoya. Xantalli niqob soch ildizini mustahkamlab, to`kilishini kamaytiradi. Bu mening ishonchli reseptlarimdan biri. Diqqat qiling, agar xantalni ko`paytirib yuborgan bo`lsangiz, bosh terisi qurib, ko`chishi ko`chishi mumkin. Bunda xuddi qazg`oq tushgandek ko`rinadi-yu, aslida esa bu teri ko`chishidir. 

«Pardozda adashmang!»
— Oqshom yoki biror tadbir uchun pardoz qilayotgan bo`lsangiz, yuz terisi hamda soch rangini inobatga oling. «Modasi shu ekan» deb ko`z qovoqlarini to`q ranglar-u labingizni qip-qizil bo`yoqqa bo`yab olmang. Kundalik pardozga qo`lingiz kelishadi-yu, ammo bayram uchun ikkilansangiz, bu ishni mutaxassisga qo`yib bering. 

«Yoshingizni hisobga oling!»
— Qiz-ayollarga maslahatim, hamisha yoshingizga mos kosmetik vositalarni ishlating. Xarid vaqti krem yoki upa yorlig`ida +30, +50 yozuvlariga e`tibor bering. Ba`zilar teri imkoniyatini hisobga olmay, oziqlantiruvchi kremning duch kelganini tanlayverishadi. Bu noto`g`ri. Har bir yoshning o`z parvarishlash usullari bor. Bilib-bilmay tanlangan vosita teriga erta ajin tushishini keltirib chiqaradi.  

«Xohish bo`lsa, imkon topiladi!»
— Go`zal ko`rinishni istasangiz, hammasiga ulgurasiz. Istak bo`lsa bo`lgani. Tirnoqlaringiz sinuvchanmi, qo`llaringizga 5-10 daqiqalik tuzli vannalar qabul qiling. Oyoqlaringiz toliqdimi, suv jo`mragini yoqing-da, oyoqlaringizni iliq suvda ushlab turing. Har kuni yotishdan oldin sochlaringizni tarang. Qon aylanishi yaxshilanadi. Harakatchan bo`ling, ortiqcha vazndan holi bo`lasiz. Eng asosiysi, kunni tabassum bilan boshlang!


Источник: darakchi.uz
Категория: SHOU-BIZNES habarlari | Добавил: AdminoFF (01.10.2016)
Просмотров: 428 | Теги: Sugdiyona Azimova | Рейтинг: 0.0/0
Всего комментариев: 0
avatar