Ulug‘bek Qodirovning oilasi, ro‘zg‘ori va ozish sirlari haqida onasi farida qodirova so‘zlab beradi

Bugungi o‘zbek kinosida mahoratli aktyor Ulug‘bek Qodirovning o‘ziga xos o‘rni bor, desak yanglishmaymiz.U bosh qahramonlar rolini ijro etgan filmlar tomoshabinlar orasida muhabbat qozonib, e’tibor topdi. "So‘g‘diyona" gazetasi aktyorning onasi Farida Qodirovani suhbatga tortdi.

— Farida opa, bolang o‘nta bo‘lsa o‘rni, qirqta bo‘lsa, qilig‘i bo‘lak, deyishgan. Ulug‘bek kenja farzand sifatida ancha erka bo‘lganmi?

— (kulimsirab) Hatto, hozir ham o‘ziga yarasha erkaligi bor. Ba’zan o‘zini yosh boladek tutadi, unga quloq solishimizni, aytganini qilishimizni istaydi. Aytganlarini bajarmasak, «Oilamizda men eng kichkinaman-ku», deya xafa bo‘lib qoladi.

— Biroq uning ko‘z qarashlaridan qat’iyatliligi, jiddiyligi sezilib turadi. Farzandlaringizning hammasi dadil, bir ishni boshlasa, oxiriga yetkazadigan insonlar ekan. Farzand tarbiyasida nimaga ko‘proq ahamiyat bergansizlar?

— Bilmasam... Rahmatli turmush o‘rtog‘im Nosir aka bilan ertalabdan kechgacha davlat ishida band bo‘lganmiz. Bolalarimga mana bu ishlarni qilib qo‘yinglar, deb har kuni topshiriq berib ketardim. Ishdan qaytganimda, albatta, topshiriqlarimni qay darajada bajarganlarini so‘rab-surishtirardim. «Saodat», «Krestyanka» kabi nashrlarni kerakli sahifasini ochiq qoldirardim. O‘sha maqolalarni o‘qib-o‘rganishardi. Allohga shukr, uch qizim ham borgan joyida hech narsadan qoqilmay, oilalariga singib ketishdi. Bolalar tarbiyasida o‘ta yumshoq tabiatli bo‘lish ham noto‘g‘ri, shuning uchun kerakli paytda jazolaganmiz.

— Bu jazo usuli nimadan iborat?

— Aytilgan ishlarni ko‘nglimdagidek bajarishmasa, ular bilan gaplashmay qo‘yardim. Ochig‘ini aytsam, shu odatim hozir ham bor. Indamay qo‘ysam, farzandlarim bilishadiki, men nimadandir xafaman. Shunaqa paytda darrov yonimga kelib, «Opa, nimadan norozisiz, qaerda xato qildik?» deb darrov uzr so‘rashadi.

— Oilaviy qarorlar chiqarishda ko‘proq kimning fikriga tayanasiz?

— Ulug‘bek bilan ko‘proq maslahatlashaman. Albatta, o‘z fikrimni bildiraman. Ikkalamiznikini birlashtirib, oxirgi qarorga kelamiz. Ayni damda unaqa katta muammolar yo‘q, shuning uchun muhim qarorlar chiqarishga ham to‘g‘ri kelmayapti. Kichik ishlar o‘z-o‘zidan yechimini topib ketyapti.

— Qachon oxirgi marta Ulug‘bek bilan bahslashgansiz?

— Hech qachon jiddiy bahslashmaganmiz. Ulug‘bek juda kamgap, unga yoqmaydigan biror gap aytsam, indamay qo‘ya qoladi. «Siz noto‘g‘ri gapiryapsiz, men haqman» deb o‘tirmaydi. Ko‘nglimni og‘ritmaslik uchun o‘sha paytda «Xo‘p» deydi, lekin oradan vaqt o‘tganidan keyin shu ishni bajarmaganini eshitib qolishim mumkin. Juda jahli chiqsa, ko‘chaga chiqib bir aylanib keladi.

— O‘g‘lingiz ishtirok etgan barcha filmlarning taqdimotiga borganmisiz?

— Birorta taqdimotni qoldirmaganman. Kino, bu — nafaqat yorqin manzara, unda rejissyorning buyruqlari, kadr ortidagilarning tinimsiz mehnati yotadi. Shuningdek, u aktyor va aktrisalarning mahorati orqali yaratilgan hayot haqidagi go‘zal hikoya. Kino — yana mish-mishlar olami. Chunki ba’zan haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan so‘zlarni ham eshitib qolaman. O‘g‘limning ilk debyuti «Akademiya» filmi, oxirgisi esa «Arslon izidan» kartinasi bo‘ldi.

— Darvoqe, «Arslon izidan» filmida nima sizni ta’sirlantirdi?

— Aziz Rametovning qahramoni uchun ancha tashvishlandim. Nazarimda, bunaqa film o‘zbek kinosida avval yaratilmagan. Ulug‘bekka rol taklif etishgandayoq ikkinchi plandagi rol ekanini aytishgan. U Aziz Rametov bilan do‘stligi uchun bu filmda suratga tushishga rozilik bildirdi.

— Bugungi kunda Ulug‘bek eng qimmat gonorar to‘lanadigan aktyorlar sirasidan. Kino san’ati uning uchun nima: mashhurlikmi yoki daromad manbai?

— Har ikkisi ham emas. Daromad qilaman deb, san’atga kirmagan. Aktyorlik — uning vijdoni amri. Bolalik chog‘laridan san’atkor bo‘laman, deya niyat qilardi. Biz qarshilik ko‘rsatganimizda ham o‘z yo‘lidan chekinmadi. Ayni kunda esa uning erishgan muvaffaqiyatlaridan faqat quvonaman va Yaratgandan doim el mehriga sazovor bo‘lishini, yanada yaxshiroq rollar ijro etishini, mahorati charxlanishini so‘rayman.

— Boshqalarga o‘xshamaydigan qaysi jihatlarini sanab o‘ta olasiz?

— U biror narsa to‘g‘risida fikr bildirishni so‘rashsa, darrov hukm chiqarmaydi, yetti o‘lchab, bir kesadi. Opalarini juda hurmatlaydi, bayramlarda tabriklashni kanda qilmaydi. Yozda oilaviy hordiq chiqarishimiz uchun shart-sharoit yaratib beradi. Hayotidagi eng yaxshi kun tug‘ilgan kuni deb biladi va shu kuni yaqinlari kelishini kutadi. To‘g‘ri, buni bildirmaslikka harakat qiladi-yu, ammo ertalab turganida «Bugun qizlar kelishadimi?» deb so‘rab qo‘yadi. Kuni kecha oila davrasida 34 yoshini nishonladik.

— San’atkorlar tashqi ko‘rinishlariga ham ancha e’tiborli bo‘lishi kerak. U nimalar qiladi?

— Sport zaliga borishni kanda qilmaydi. Qo‘l jangi bilan jiddiy shug‘ullanadi. Gavdasi barvasta bo‘lgani uchun semirib ketmaslikka intiladi. U bu jihatdan qaynonamlarga, ya’ni buvisiga o‘xshagan. Ayni damda non tanovul qilmayapti. Hamma osh yeb o‘tirsa, u salat yeydi. «Baron» filmi suratga olinayotganda rejissyor Rustam Sa’diev semirmaslikni so‘rasa, Abduvohid G‘aniev «Aka»dagi obrazi uchun biroz semirishni tayinlardi. Ikkala kartina bir paytda olingani sabab ancha qiynalgani yodimda.

— Ijodkor kimdandir maqtov, kimdandir tanqid eshitadi. Ulug‘bek haqida eshitgan maqtov va tanqidlaringiz sizni ta’sirlantiradimi?

— Albatta, ta’sirlantiradi. Lekin shu paytgacha biror joyga borib, «Ulug‘bek Qodirovninng onasiman», demaganman. Kimdir tanib qolsa ham, faqat maqtashganiga, rollari haqida yaxshi so‘zlar aytishganiga, falon obrazi yaxshi chiqibdi, deyishganiga guvoh bo‘lganman. O‘ynagan rollaridan o‘ziga yaqini «Panoh» va «Jazo»dagi qahramonlari deb bilaman. Ulardagi bosiqlik, opasiga achinib qarashi, ya’ni mehribonligi asliga juda o‘xshaydi.

— Sizdagi qaysi fazilatlar o‘g‘lingizning fe’lida ko‘zga tashlanadi?

— Kamgapligi. Odamlarga juda tez qo‘shilib ketishi esa otasidan o‘tgan. Qo‘shnilarimizning to‘y va turli tadbirlarida darrov xizmatga shay bo‘lib, og‘irlarini yengil qilishga intiladi.

— Bir paytlar do‘sti Farrux Soipov bilan tadbirkor sifatida ish olib bormoqchi bo‘lgandi...

— Tadbirkorlik men uchun emas, dedi.

— Ayni kunda u dublyajda ham faoliyat yurityapti. Tomoshabinlar uning ovozi barcha filmlardagi qahramonlarga ham tushmayotgani haqida gapirishganini eshitdim.

— Ulug‘bek dublyajga mahorati charxlanishi uchun, o‘rganish uchun boryapti. Barcha san’atkorlarning ovozi hammaga birdek yoqavermasligi tabiiy. Darvoqe, hamma qo‘shiqchilarning ovozini ham shirali demaymiz-ku, to‘g‘rimi? Dublyaj ham shunga o‘xshash. Shu kunlarda «Muhabbat mangu» serialiga Raul, Pedro, Boteylo obrazlariga ovoz bergan. Bu obrazlarga uning ovozi tushgan degan fikrdaman. Serialni Ulug‘bek ovoz bergani uchun emas, balki syujeti qiziqarliligi, tomoshabopligi uchun biror qismini ham qoldirmasdan ko‘rib boryapman va juda ko‘pchilikdan iliq fikrlarni eshityapman. Aytgancha, shu filmda ovoz bergan Gavhar Zokirovaning mahoratiga qoyil qolaman. Ulug‘bek o‘zbek seriali «Saodat»da ham bosh qahramonlardan biri tergovchi obrazini gavdalantirdi... Nazarimda, biroz bo‘shroq, qattiqqo‘l tergovchi emas. Balki bu rejissyorlarning talabidir.

— Ushbu serialda meni Zarina Nizomiddinovani o‘qituvchi qiyofasida qabul qilolmadim. Shohida Uzoqova ham o‘ta tushkunlikka tushgan ayol obrazini juda bo‘rttirib yuborganlar. Albatta, bular oddiy tomoshabin sifatidagi mulohazalarim. Tinimsiz s’yomkalar, dublyaj, turli tadbirlarda ishtirok etish... Oilasiga qanday vaqt ajratyapti?

— Albatta, vaqt topadi. Chunki kechqurunlari deyarli har doim uyda. Kechki taomni oila davrasida barchamiz jam bo‘lgan holda tanovul qilishni yoqtiradi. Hozir yoz, kunlar issiq bo‘lgani uchun kechki payt istirohat bog‘lariga chiqib aylanib kelishyapti. Oila farovonligi, tinchligi uchun nima zarur bo‘lsa, erkak kishi sifatida barchasini qiladi. Ro‘zg‘orning kamchiliklarini to‘ldirish erkak kishining vazifasi deb bilgani uchun bozor-o‘charni to‘liq o‘z zimmasiga olgan. Menga va rafiqasiga og‘ir narsa ko‘tarishga ruxsat bermaydi.

— Keliningizga qaynonalik qilib, ishlaridan kamchilik topib turasizmi?

— (kulimsirab) Yoshingiz ulg‘aygani sari keliningizga qaynonalik qilgingiz ham kelmay qolarkan. Qaynona va kelin bir-biriga kerakligini tushunib yetsa, bir-birini avaylay boshlaydi. Aqlli qaynona yoshlarga ko‘prik bo‘ladi. Kamchilik topganingiz sari o‘zingiz ham qiynalasiz. Shuning uchun, yaxshisi, shu kamchiliklarni birgalikda bartaraf etish yo‘llarini izlash kerak. Kelin ham o‘zga xonadonning erka farzandi, uyimizga o‘rganib ketgunicha qo‘llashimiz kerak degan fikrda bo‘lganman. Kelinim Azizaxon ko‘pchilikning oldida «Shunday yaxshi oilaga turmushga chiqaman, oyijonimday mehribon qaynonam bo‘ladi deb hech o‘ylamagandim», dedi. Kelinlarim meni ko‘nglimdagidek ish qilishga intilishadi. Shu kungacha talashib tortishmadik, hamma ishni o‘zlari bemalol uddalayapti. Azizaxonning qo‘li shirin, pazanda, uylarni sarishta tutadi, ozoda, bolalariga mehribon. Nimadandir jahli chiqsa ham bildirmaydi. Hech qachon qovog‘ini solib yurmagan.

— Keliningiz ham xonanda edi. Hozir u ijodda tanaffus qilyaptimi?

— Qizi Iymona uch yarim yashar, o‘g‘li Amirbek endigina birga kirdi. San’atga qaytishi to‘g‘risida biror so‘z aytolmayman. Nazarimda, oila qurishayotganida san’atni tark etaman degan bo‘lsa kerak. Farzandi biroz ulg‘aysa, o‘qishini davom ettiradi. Hozir Toshkent davlat pedagogika universitetidan akademik ta’tilga chiqqan.

— Ulug‘bekning aktyorlik mahoratini nechaga baholaysiz?

— Haqiqiy bahoni mutaxassislar va tomoshabinlar qo‘yishadi. Men ona sifatida o‘z fikrimni bildiraman, xolos. Menga har bir roli yoqadi, ekranda chiqishini poylab yuraman. Faqat «Telba»dagi rolini unchalik xushlamayman, juda bechorahol insonni gavdalantirgan. Shu film taqdimotidan keyin «Kiyimlarini qaerdan olgansizlar?» deya so‘rovchilar ham bo‘lgan. «Jodugar»da yaxshi o‘ynagan. «Jazo» yoqadi. «O‘yin»ni ming bir hadik bilan tomosha qilganman. Rejissyor uyimizga bir necha marta kelgan, negadir Ulug‘bekning shu filmda qatnashgisi yo‘q edi. «Shu rolda faqat sizni ko‘ryapman» deganidan keyingina rozi bo‘lgan.

— Oxirgi paytlarda Ulug‘bekda qanday o‘zgarishlar kuzatildi?

— Ko‘p kitob o‘qiy boshladi. Tohir Malikning asarlarini mutolaa qildi. Ayni kunda Navoiy asarlarining 20 tomligini topib bering, deyapti. Rus maktabini bitirgani uchun avvallari rus adabiyotidan o‘qirdi. Yaqin-yaqindan o‘zbek yozuvchilarining kitoblarini mutolaa qilib, keyin menga «Opa, juda qiziqarli kitob ekan, bir o‘qib ko‘ring», deb beryapti. To‘g‘risi, birinchi marta Tohir Malikning «Odamiylik saboqlari» kitobini ko‘tarib kelganida rosa ajablangandim.

— Erkaklar bajaradigan yumushlar...

— Avvallari shunaqa ishlarni biroz eplolmasdi. Hozir esa hammasini uddalayapti. Ba’zan o‘zim ham hayron qolyapman. «Ulug‘bek, rostdan ham o‘zing dazmolni tuzatdingmi?» deb so‘raganman. Ammo kiyim dazmollashni yoqtirmaydi. Ertalab turib har kuni oshxonada qahva damlab olishi mumkin.

— Suhbatimizni qanday so‘zlar bilan yakunlashni istaysiz?

— Har bir ona kabi men ham o‘g‘limni baxtli-saodatli ko‘rishni, el nazaridan qolmasligini, ko‘pchilikning sevimli aktyori bo‘lishini, yodda qoladigan obrazlar yaratishini, xonadonimizning quvonchi bo‘lib yurishini istayman.

Jamshid BEK suhbatlashdi.



Категория: SHOU-BIZNES habarlari | Теги: Ulug‘bek Qodirov
Просмотров: 7487 | Рейтинг: 0.0/0

Похожие материалы

ПРОФИЛЬ
Время: 19:59
Добро Пожаловать, Гости
 
Логин:
Пароль:
Copyright © MP3LAR.COM 2016-2024 | Все права защищены | Реклама | Мы не несём ответственности за содержание. | Бесплатные произведения предназначены исключительно для предварительного ознакомительного прослушивания. Использование материалов сайта возможно только с письменного разрешения Администрации. | Сделать бесплатный сайт с uCoz