"VIA marokand" guruhining "fishka"si va Abdurashidning Asal haqidagi haqiqatlari


"So‘g‘diyona" gazetasi Asal va Abdurashid –"VIA Marokand"guruhi xonandalari bilan suhbat uyushtirdi.

—Qisqa fursat ichida "VIA Marokand" talab o‘sib borayotgan guruhlar safidan joy olib ulgurdi. Mashhurlik hissini tuyyapsizmi?

Asal: – Qo‘shiqlarimiz o‘z muxlisini topayotganidan xursandmiz. To‘g‘risini aytsak, bu darajada sevimli guruhga aylanamiz deb o‘ylamagandik.

Abdurashid: – Niyat qilganmiz, xalqimizning e’tirofini qozonaylik deya, ammo qisqa fursat ichida tanilishimiz, taronalarimiz bu qadar ommalashishi... rosti aqlga sig‘maydigan ishlar bo‘lyapti.

—Xursandmisizlar?

Asal: – Albatta!

Abdurashid: – Tinglovchilarning mehrini qozona olayotganimizdan behad baxtiyormiz.

Asal: – Tadbirlarga ba’zan nimadir sabab bo‘lib, kayfiyatsiz kirib borishimiz mumkin. Ammo odamlarning yuzidagi tabassumi va «Hozir qaysi qo‘shiqni kuylashar ekan» deya bizga qadalgan nigohlaridan darrov o‘zimizni qo‘lga olamiz. Bir voqea yodimga tushdi, «Barkamol avlod» sport o‘yinlari tadbirida qatnashayotib, barcha san’atkorlar bir sahnada turib, davlat madhiyasini kuyladik. O‘shanda tomoshabinlarning bizga jo‘r bo‘layotganlarini ko‘rib, to‘lqinlanib ketdim.

Abdurashid: – Rosa yig‘ladingiz-a, o‘shanda Asal?

Asal: — (kulib) Hecham-da, yig‘laganim yo‘q, faqat ko‘zlarim yoshlandi, xolos.

Abdurashid: – Viloyatlarda o‘tkazilgan tadbirlarda yurib shuni bildimki, xalqning mehrini qozonish qiyin, ammo uni yo‘qotib qo‘yish juda oson ekan. San’atkor qanchalik xalq bilan yaqin bo‘lsa, o‘ziga foyda toparkan.

Asal: – Biz endi–endi viloyat miqyosidagi tadbirlarda qatnashyapmiz, rostini aytsam, qanday bo‘larkin deya juda qo‘rqqandim. Axir bu birinchi marotaba-da, biz uchun. Lekin qaerga bormaylik, iliq kutib olishyapti.

Abdurashid: – Uzr, Asal gapingizni bo‘laman. Yodingizdami viloyatdagi birinchi tadbirimiz, «Tarnov» qo‘shig‘iga ishlangan klipimiz endi chiqqan paytlar edi. Boshqa san’atkorlar qatorida o‘tiribmiz-u, bizni tanisharmikan deya hayajondamiz. Navbat berishganida esa «Tarnov»ni ijro etdik va «Shular aytganmi bu qo‘shiqni?» degan shivir-shivirlar eshitildi zalda.

Asal: – Qo‘limizga mikrafon tutqazishganida-chi, esingizdami qanday hayajonlaganimiz, bir–birimizga «Siz gapiring» deb qolgandik.

Abdurashid: – Lekin bugun ancha dadilmiz. Siz bilan so‘nggi uchrashuvimizdan keyin intervyularga binoyidek tilimiz kelishib qoldi (kuladi).

—Ko‘cha–kuyda tanib qolishayotgandir?

Abdurashid: – Asal bilan birga yursak, darrov tanishadi. Alohida–alohida bo‘lganimizda esa «Marokand» ekanligimizni birov bilsa biladi, bilmasa yo‘q.

Asal: – Xizmatlarga ketayotib, yo‘l–yo‘lakay do‘konga kirib qolsak, dastxat so‘rab, suratga tushib olaylik deya atrofimizni o‘rab olishadi. Shoshilib turgan bo‘lsak ham rad qilolmaymiz.

Abdurashid: – Gavjum joylarda yursak, atrofimizni bolalar o‘rab olishadi. Erinmay hammasi bilan rasmga tushamiz. Zavqi o‘zgacha-da! Bu xuddiki biror yegulikni mazza qilib tanovul qilgandek yoki orzungizdagi biror nimani sotib olgandagi yoqimli kayfiyat beradi.

—Ijro uslubingiz ko‘pchilikka manzur kelayotgani rost, ammo shu bilan kifoyalanib qolmasangiz kerak?

Asal: – Bir xillik bir kun kelib me’daga tegishi mumkin demoqchisiz-da, shundaymi? Hozircha ijro uslubimizni o‘zgartirmoqchi emasmiz, negaki aynan shunisi bilan biz «Marokand»miz! Balki keyinchalik prodyusserimiz Javlon Shodmonovning taklifi bilan boshqa ijro yo‘nalishini ham sinab ko‘rarmiz.

Abdurashid: – Vaqt o‘tgani sayin yuzimizdagi bolalarcha beg‘uborlik yo‘qoladi. O‘zimizga qolsa-yu, bunday bo‘lmasa edi. Fursati kelib, ijro uslubimizni yoshimizga mos tarzda o‘zgartirish talab qilinsa, shunday bo‘ladi ham. Biroq bu keskin ravishda emas, asta–sekinlik bilan amalga oshiriladi.

—Nima bo‘lganida ham «Marokand»ning «fishka»si saqlanib qolinadi, demak?

Abdurashid: – Ha! Bizni tanitgan, kliplarimizning ommalashishiga xizmat qilayotgan ham aynan «Marokand» «fishka»si, uni yo‘qotmaslikka harakat qilamiz.

—Adashmasam, siz maqom bilan shug‘ullangan ekansiz Asal?

Asal: – O‘quvchilik davrim maqom to‘garagiga borganman, aniqrog‘i uydagilar shuni istashgan va meni mashg‘ulotlarga qatnayapti deb o‘ylashardi. Men esa ko‘cha aylanib, yo‘l-yo‘lakay sotiladigan mazali shirinliklarni sotib olishga qiziqardim. Ammo maqomni davom ettirmadim. Xoreografiya maktabiga o‘qishga kirdim.

—Nima deb o‘ylaysiz, hozir maqomdan dars olsangiz ovoz imkoniyatingiz yetarmikan?

Asal: – Rosti bilmayman.

Abdurashid: – Davom ettirsa, eplab ketadi. Ba’zan menga baqirib qolishlaridan bilaman-da, ovoz imkoniyati yaxshi (kuladi).

— "MU5" telekanalining «Dublyajda artistlarda» loyihasida ishtirok etdingiz, ammo qiynalganingiz bilindi.

Asal: – Biz dublyaj aktyorlari emasmiz, qolaversa, loyiha shartiga ko‘ra bir marotabada ovozlashtirish kerak ekan. Shunga ham qiynaldik. Ayniqsa, menga juda og‘ir bo‘ldi. Balki bir o‘zim bo‘lganimdami uddalardim, ammo ketma–ketlikda matnni o‘qish chalg‘itarkan.

Abdurashid: – U yerda improvizatsiya ham kerak edi-da.

Asal: – Men impravizatsiyaga yaxshiman, buni bilasiz. Ammo eng asosiysi ovoz bilan ishlash! Bu esa g‘oyat mashaqqatli. Buning ustiga bizga berilgan multfilm va filmdan parchalarni ham eslolmadim, balki hayajonlangandirman. Prodyuserimiz Javlon akaning bir odatlari bor, «Qilolmayman» degan so‘zni qabul qilmaydilar. «Bajarasan» deydilar-da, o‘zingizni sinab ko‘rishingizga imkoniyat hozirlaydilar. Bu inson juda yaxshi ustoz!

Abdurashid: – Aktyor, rejissyor, prodyusser, qo‘shiq ham aytadilar...

Asal: – Ana bo‘lmasa, sirni ochib qo‘ydik-ku!

—Tadbirlarda to‘rt kishi bo‘lib xizmat qilasizlar-u, kliplarda faqat ikkingiz, nega shunday?

Asal: – Sheriklarimiz bek-vokal ijrochilari. Boshqa guruhlardan farqimiz ham shu, hech kim bek–vokal bilan xizmatga chiqmaydi. Bizda esa, hatto, liboslargacha bir xil. Kimnidir ajratib qo‘yish yo‘q. To‘rttalamiz bir qatorda turib ijod qilamiz. Kim biladi deysiz, balki keyinchalik ular ham guruh sifatida faoliyat yuritishar.

—«Marokand»da ijod qilayotganidan beri Asal ancha o‘zgardi, degan gaplarni eshitdim...

Asal: – Nega endi, o‘zgarganim yo‘q.

—Tashqi ko‘rinishingizni nazarda tutgandim, kun sayin go‘zallashib borayotgan ekan.

Asal: – Ha-a-a, (kulib) rahmat! Siri nimada demoqchisiz-da, a? Muxlislarning mehri bo‘lsa kerak! Yuz-ko‘zim, hammasi o‘zimniki, tabiiy (kuladi). Qolaversa, ulg‘ayyapman, shuning ham ta’siri bor. Balog‘at yoshida o‘zimga yoqmasdim, juda injiq edim. O‘smirlikdan o‘tyapman chog‘i, tashqi ko‘rinishim o‘zgarib boryapti.

Abdurashid: – Guruh endi tashkil qilingan paytlari Asal juda qaysar, o‘zinikini ma’qullaydigan qiz edi.

Asal: – Uyquchi, kech qolib keladigan...

Abdurashid: – Oradan ko‘p vaqt o‘tmagan bo‘lsa ham Asalda o‘zgarishlar bor. Kezi kelganida prodyusserlarimizdan dakki eshitib, bugun men ham, Asal ham ishga mas’uliyat bilan qarashni o‘rganyapmiz. Lekin xizmatgami yoki tadbirga ketayotib, kimdir ushlanib qolsa, bir–birimizni himoya qilamiz. «Yonimda, birga ketyapmiz» deya.

—Sirni ochib qo‘ydingizmi?

Abdurashid: – A, yo‘g‘-e (kuladi)

Asal: – Menga qolsa, pardozsiz yurishni afzal bilaman. Tabiiy ko‘rinishimdan sira uyalmayman ham.

—«Tosh tabib» filmidagi debyut rolingiz haqida suhbatlashsak, ijrongizdan ko‘nglingiz to‘ldimi?

Asal: – Yo‘q! Qandaydir hayajonlandim. Qahramonimning so‘zlari rol matni ekanligini his qilib turganimgami, tutilib qolaverdim. Chunki yolg‘on so‘zlasam, duduqlanib qoladigan odatim bor. Ustoz aktyor–aktrisalarning ijrosini kuzatib, harakat qildim uddalashga, lekin yig‘lagan paytlarim ham bo‘ldi. Men o‘zimni aktrisa hisoblamayman, kinoga esa ancha qovun pishig‘i bor hali (kuladi).

Abdurashid: – Men esa rolimdan mamnunman, ijrom yoqdi!

—Oybek va Nigora, Farhod va Shirin – ko‘pincha so‘z ustalarimizning nishoniga aylanishadi. Ammo «Marokand» haqida hazillar...

Abdurashid: – Bor! «Dizayn» jamoasi konsertida hazil bo‘ldi, televideniedagi komedik dasturlarda kulguga olishadi. Shaxsan men bundan ranjimayman, aksincha xursand bo‘laman. Bu ham bir reklama-da!

Asal: – Jiddiy kulguga olishganicha yo‘q-ku, lekin kichik hazillar bo‘lib turadi. Biz haqimizda gapiraverishsin, mayliga.

—Gapirishsinu, ammo yaxshi so‘zlar bilan tilga olishsin! Aynan shuni tilab qolaman suhbatimiz yakunida

Asal/Abdurashid: – Aytganingiz kelsin!

Blis:

Asal, Abdurashid haqida:

—Biror bir ashaddiy muxlisasi unga sevgi izhor qilsa...

—Hayron bo‘lgancha, kulib, qarab qoladi. Qiz bolaning sevgi izhor qilishi bu jasorat. Men bunday qilolmasdim.

Abdurashid: – To‘ylarda ko‘p bora sezganman, yonimizdan qizlar o‘tib ketsa, Asalning nigohlari darrov menga qadaladi.

Asal: – «Jim bo‘ling» deyman keyin, chiroyli qizlardan ko‘z uzolmay qolishadi-da bular.

— Sherigingiz kimdan yo nimadan qo‘rqadi?

...oyisidan hayiqib turadi.

—Bolalikda do‘stlari uni nima deb atashgan?

—Rashid bo‘lsa kerak...

—Maktabda o‘zlashtirishi qiyin bo‘lgan fan qaysi?

—Matematika degandi.

—San’atdan tashqari uni qaysi sohada ko‘rolasiz?

—Futbolda!

Abdurashid, Asal haqida:

—Tasavvur qiling, ofisga kelsangiz Asal yig‘lab o‘tiribdi...

—Holi joniga qo‘ymay sababini bilib olaman. Asalning shunaqa odati bor, biror masalaning yechimini topolmasa yig‘laydi.

—Ovqat tayyorlashni biladimi?

—Ha! Ba’zan mehribonchiligi tutib, uydan ovqat pishirib keladi, ko‘proq Yevropacha taomlar tayyorlaydi. Nomini bilmayman-u, lekin juda mazali chiqadi.

Asal: – Somsani juda mazali pishiraman. Chunki o‘zim yaxshi ko‘raman-da.

Abdurashid: – Lekin yegisi kelgan narsani tanovul qilmaguncha tinchimaydi. Jahlim chiqsa ham tishimni tishimga bosib, aytganini qilaman. Hammasidan ham oshni yaxshi ko‘radi.

—Kiyinishini kimdir tanqid qilsa...

—O‘zinikini ma’qullaydi va «Menga yoqsa bo‘ldi» deydi. Gapirsam, aytganimga kiradi, ammo notanish odamlarning tanqidini ko‘tarmaydi.

—Qaysi xonandaning qo‘shig‘ini soatlab eshitadi?

—Rashid Holiqov taronalarini.

—Uning siz bilgan eng katta orzusi?

—Uni qadrlaydigan insonga turmushga chiqib, shirin-shirin farzandlarning onasi bo‘lish!

—Bu deyman kuyovbolani ham ko‘pchilik bo‘lib sinar ekansizlar-da?

—Albatta! Eng birinchi bo‘lib mening imtihonimdan o‘tadi. Lekin aytib qo‘yay, Asalni o‘ziga yarasha fe’li bor, shunga ham uni tushunadigan kuyov uchrasin deyapman-da.

Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.



Категория: SHOU-BIZNES habarlari | Теги: VIA Marokand
Просмотров: 14944 | Рейтинг: 0.0/0

Похожие материалы

ПРОФИЛЬ
Время: 10:29
Добро Пожаловать, Гости
 
Логин:
Пароль:
Copyright © MP3LAR.COM 2016-2024 | Все права защищены | Реклама | Мы не несём ответственности за содержание. | Бесплатные произведения предназначены исключительно для предварительного ознакомительного прослушивания. Использование материалов сайта возможно только с письменного разрешения Администрации. | Сделать бесплатный сайт с uCoz