Yodgor Sa’diev mudragan ijod ahli, tirikchilikka aylangan ijod, yosh aktrisalar va to‘ylar haqida

Yodgor Sa’diev o‘zbek kino va teatr san’atining darg‘alaridan. Ayniqsa, yozuvchi Tohir Malikning “Shaytanat” asari orqali suratgan olingan shu nomdagi filmda ijro etgan Asadbek roli orqali ko‘plab tomoshabinlar mehrini qozongan. KUN.UZ tahririyati O‘zbekiston davlat mukofoti sovrindori, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti, ustoz san’atkor Yodgor Sa’diev bilan suhbatlashdi.

Bugungi kundagi ijodiy jarayon

Shu yilning 3 avgust kuni Prezidentimiz O‘zbekistonning madaniyat va san’at sohasidagi ziyolilari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu juda foydali uchrashuv bo‘ldi. Menga eng yoqqani, Prezidentimiz 4,5 soatga yaqin madaniyat va san’at, adabiyot, musiqa sohasida bo‘layotgan jarayonlar haqida gapirib, buning orasida kamchiliklarni ham ro‘yi-rost aytib o‘tib ketdilar. Yaxshi otga bir qamchi, deganlaridek, biz bildikki, madaniyat, san’at, adabiyot sohasida ham ijodkorlar biroz uyquda ekanliklarini yana bir bora eslatib o‘tdilar. O‘sha kungi uchrashuvdan so‘ng ko‘tarinki ruhda ishlayapmiz.

Ijod ahli nima sababdan mudrab qolgandi?

Qandaydir xotirjamlikka ozgina qadam tashlab, o‘tib olgandik. Hammasi yaxshi edi. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning qilgan ishlari – bu beqiyos ishlar. Ko‘p ish qilinganligi ham odamlarni biroz xotirjamlikka olib keldi. Yo‘q, buni to‘xtatish kerak emas, deyapti bugungi Prezidentimiz. O‘zbekiston kelajagi buyuk, degan narsaga Islom Abdug‘anievich tamal toshini qo‘yib bergan bo‘lsa, buni oxiriga yetkazishimiz kerak. Buning uchun yoshlarimizga ko‘proq e’tibor berishimiz kerak, ma’naviyatini, ma’rifatini, ongini kuchaytirishimiz kerak.

Yoshlar haqida

Yoshlarning ma’naviyatidan qoniqaman, ayrim holatlardan tashqari. Yoshlarning qiziquvchanligi, intiluvchanligi menga yoqadi. Ularning aksariyati bilimga, ilmga talpinuvchilar. Men yoshlarni o‘zi yaxshi ko‘raman, lekin ba’zi bir qiliqlarida quyushqondan chiqib ketaman. Buni men darhol kesib tashlashga harakat qilaman. Chunki u ildiz otib ketishi kerak emas. Ularning teatrga qiziqishi ham yaxshi, so‘ngan emas. Eng kerakligi, teatrda professionallik bo‘lsa, yoshlar keladi. Sababi ular farqiga boradi.

Teatrning bugungi saviyasi

Men tanqid qilish yoki biron bir asarni kamsitishdan yiroqdaman. Men ham ko‘pchilik qiziqqan “Baron” filmini ko‘rdim. Ochig‘ini aytsam, u film bu janrda kassabop qilingan. Agarda olib filmni bittadan qarab chiqadigan bo‘lsak, ba’zi bir joylarida mantiqsiz yerlar ham bor. Reklamasi yarim yil avval boshlandi. Hozir yoshlarimiz bunga ham ko‘p e’tibor beradi. Teatrlarda qo‘yilmoqchi bo‘lgan spektakllarni televidenieda reklama qilish mo‘ljallanmoqda. Teatrlar uncha ko‘p reklama qilinmaydi. Ko‘p narsa reklamaga ham bog‘liq bo‘lib qoldi. Keyin reklamada ko‘pirtirib qilingan narsa borib ko‘rganingizdan so‘ng “Eyy” deydigan filmlar ham bor. Men “Baron” to‘g‘risida aytayotganim yo‘q.

Tirikchilikka aylanib ketgan ijod

Men “Sovetlar Ittifoqi Tojikistonda” deb nomlangan 6 qismli filmda suratga tushganman. 2 yil ichida 68 marotaba Dushanbega suratga olish ishlariga uchib borib kelganman. Lekin shu 2 yil ichida bir marta ham repetisiyaga qilmagan kunim bo‘lmagan, bir marta ham spektaklga kech qolgan kunim bo‘lgan emas. Hozir yoshlarimizda ko‘p o‘rinda teatr ozgina xobbiga o‘tib qolgandan tuyuladi menga. Mayli, to‘yga bor, dublyajga bor, men ham borganman, lekin teatrga nisbatan munosabat yuqori bo‘lishi kerak, deyman. Bu narsa bor yoshlarimizda. Men buni berkitmayman. Yoki o‘sha kiyimda kelib, o‘sha kiyimda spektal o‘ynab chiqib ketganlar ham bor. Ularga ham aytganman. Bu narsalarga chek qo‘yilmoqda, ammo bo‘lib bunday holatlar bo‘lib turadi. Hamma narsa aniq-ravshan, tiniq bo‘lmaydi.

Hozirgi yosh aktrisalar haqida

O‘zbek ayoli nimasi bilan badavlat? Iffati, hayosi, ibosi bilan. Gap mana shunda. Yarim yalang‘och yurganing bilan kimga yoqasan? Undan keyin unga uyidagilari ham qarashi kerak. “Men aktrisaman, men falonchiman” – menga bu narsalar yoqmaydi. Mening yoshim ancha o‘tib qoldi, o‘tib borayapti. Bu narsalar yuragimni qiynaydi. Rahmim keladi ularga. Ichida iqtidori bor, ba’zilarida esa iqtidor, degan narsaning o‘zi yo‘q. Mana shunday qing‘ir-qiyshiq yurishi bilan odamlarni o‘ziga jalb qilmoqchi bo‘ladi. Bu uzoqqa bormaydigan narsa. Yengil-elpi narsalar bilan o‘zini mashhur qilish – bu millatimizga ham to‘g‘ri kelmaydi.

To‘ylardagi dabdababozlik

Bu ham yuragimning, dardimning bir bo‘lagi, desam bo‘ladi. Chunki hamma ham bunaqa dabdabali to‘y qila olmaydi. O‘g‘limga 1980-yillarda jinsi shim olib berdim. Ikki kundan so‘ng qarasam chopon kiyib chiqib ketayapti. Hayron bo‘ldim. Savol berdim, aniq javob bermay ketdi. So‘ng rahmatli onasi “Ularning sinfida uch-to‘rt bola to‘n kiyib kelgan, chunki ularda palto yo‘q, oddiy shalvarda kelgan, chunki jinsisi yo‘q. O‘g‘lingizni shu narsadan ko‘ngli og‘rigan. Ular bunday tursa-ku, men bunday qilsam” deb. Barakalla, dedim. O‘g‘limni hech qanday dabdabasiz uylantirganman, 200 ta odam chaqirib. Qo‘shiqchilar ham ikki kishi bo‘lgan - Sherali Jo‘raev va Azim Mullaxonov. To‘ylarning shunday darajada bo‘lishiga ko‘p aybni artistlarga tashlashgan. Bu noto‘g‘ri. Artistni to‘yning egasi chaqirmasa, o‘zi bormaydi. Lekin, bir narsani bilamanki, to‘yni uyushtiradigan firmalar pul ishlash uchun kelinnavkar, kelinning orqadan turib gul otishi, Love Story, fotosessiya kabi narsalarni o‘ylab topmoqda.

Yodgor Sa’diev bilan o‘tgan suhbatimiz ikki soatga yaqin bo‘lgan bo‘lsa-da, vaqt qanday o‘tganini sezmay qoldik. San’atning ko‘p qirralari haqida suhbatlashdik. O‘zbek san’atining buguni va ertasi haqida san’atkor tomonidan jon kuydirib aytilgan gaplarda ulkan ma’no yashirin ekanligiga amin bo‘ldik.



Категория: SHOU-BIZNES habarlari | Теги: Yodgor Sa’diev
Просмотров: 878 | Рейтинг: 0.0/0

Похожие материалы

ПРОФИЛЬ
Время: 14:37
Добро Пожаловать, Гости
 
Логин:
Пароль:
Copyright © MP3LAR.COM 2016-2024 | Все права защищены | Реклама | Мы не несём ответственности за содержание. | Бесплатные произведения предназначены исключительно для предварительного ознакомительного прослушивания. Использование материалов сайта возможно только с письменного разрешения Администрации. | Сделать бесплатный сайт с uCoz