Hilol Nasimov: bizda tajribali, mahoratli ijodkorlar ko‘p, ammo...


O‘zAda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Hilol Nasimovning kinematografiya muammolariga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini o‘qib...

Kino – katta ta’sir kuchiga ega san’at turlaridan biri. Har qanday film insonning ongiga, ma’naviyatiga, didiga, dunyoqarashiga ma’lum ma’noda ta’sir o‘tkazadi. Shu ma’noda tomoshabinni ezgulikka yo yovuzlikka boshlash, uni tarbiyalash yo tarbiyasini buzish mas’uliyati ijodkorning zimmasidadir.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, barcha sohalar qatori madaniyat, san’at, jumladan, kino san’atini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Yurtimizning buyuk tarixi va bugunini aks ettirgan, xalqimizning o‘zligini anglashga, ma’naviyatini yuksaltirishga xizmat qiladigan mazmunan boy asarlar, zamon qahramonlari obrazini yaratish borasida ijodkorlarga muhim vazifalar yuklandi. Buni amalga oshirish uchun barcha zarur imkoniyat va sharoitlarni yaratish, kinostudiyalar faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirildi.

Lekin vijdonan javob berganda biz ijodkorlar bu imkoniyatlardan qay darajada unumli foydalana oldik? To‘g‘ri, bu borada qandaydir ijodiy izlanishlar bo‘ldi. Ammo tan olish kerak, bugungi ko‘pgina filmlarimiz nafaqat jahon, balki o‘zimizning tomoshabinlarning ham talabiga javob bera olmayapti. Xususiy kinostudiyalar esa filmga tikkan mablag‘ini “chiqarib olish” vaji bilan mazmunan sayoz, o‘ta maishiy, bachkana, tomoshabinning me’dasiga tegadigan mahsulotlar – xalq tili bilan aytganda “xontaxta film”lar ishlab chiqarishga mukkasidan ketdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev shu yil 3 avgust kuni O‘zbekiston ijodkor ziyolilari vakillari bilan uchrashuvda o‘zbek kino san’atining bugungi ahvoli, mavjud muammolar va ularni bartaraf etish yo‘llari haqida kuyunchaklik bilan gapirdi. Kino ijodkorlariga jahon sivilizatsiyasi va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ ajdodlarimiz siymosini kino ekranlarda aks ettirish, bugungi kunda Vatan ravnaqi yo‘lida fidoyilik ko‘rsatayotgan zamon qahramonlari obrazini yaratish borasida muhim vazifalarni topshirdi. Bu vazifalarni amalga oshirishda har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi: “Bizning nafaqat tariximiz, balki bugungi va ertangi hayotimiz uchun g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bu vazifani amalga oshirish uchun biz katta miqdordagi mablag‘larni, kerak bo‘lsa, erkin muomaladagi valyuta mablag‘larini ham topib berishga, kinochilarimizni chet davlatlarga ijodiy safarlarga yuborishga ham tayyormiz”.

Davlatimiz rahbari tomonidan shu yil 7 avgust kuni qabul qilingan “Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror milliy kino san’ati rivojida yangi bosqichni boshlab berdi.

Bugun zamon shiddat bilan odimlab bormoqda. “Axborot asri”, “Yuksak texnologiyalar davri”, deya nom olayotgan XXI asr kino san’ati va kino sanoatida ham tub burilish yasadi. Bugungi kunda dunyo kinoijodkorlari tomonidan taqdim etilayotgan asarlarda zamonaviy texnologiya imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda. 3D format, maxsus effektlar kabi tushunchalar allaqachon kino san’atining ajralmas qismi bo‘lib ulgurdi.

Kinoijodkorlarimiz shunday filmlar yarata olmaydimi? Albatta, yarata oladi. Bizda tajribali, mahoratli ijodkorlar ko‘p. Ammo bizda tashabbus yetishmaydi, “mablag‘ yo‘q, zamonaviy texnikalar yo‘q” kabi bahonalar bilan kuchimizni sevimli adibimiz aytganidek, “o‘tin yorishga” sarfladik.

Prezidentimizning qarori kinoijodkorlar, ayniqsa, yoshlar uchun haqiqiy imkoniyatlar eshigini ochdi. Mazkur hujjatda kinostudiyalarni ta’mirlash, ularning moddiy-texnik bazasini kuchaytirish, eng zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlash, yangi kinoteatrlar qurish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

"O‘zbekkino" Milliy agentligi uchun davlat buyurtmasiga asosan milliy kino mahsulotlarini yaratish yillik ishlab chiqarish hajmlarining prognoz ko‘rsatkichlari belgilab berildi. Unga ko‘ra, to‘liq metrajli badiiy filmlar, hujjatli, ilmiy-ommabop, o‘quv-uslubiy filmlar, kinosolnomalar, kinojurnallar, multiplikasion filmlar, davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqarilgan filmlarni jahon bozoriga chiqarish va festivallarda namoyish etish uchun chet tillarga subtitrlashtirish va dublyaj qilish, milliy kinematografiyaning eng sara asarlarini tiklash, restavratsiya qilish va zamonaviy formatga o‘tkazish belgilab qo‘yilgan.

Ayniqsa, yosh kino ijodkorlarning o‘n soatdan iborat qisqa metrajli filmlarini suratga olish belgilanganligi ijodkor yigit-qizlar uchun tuhfa bo‘ldi. Bu filmlar orqali har yili kamida 40-50 yosh kinochi o‘z qobiliyatini namoyon etadi, haqiqiy iste’dod egalarini saralab olishimizga yordam beradi.

Qarorda milliy kinematografiya san’atini zamon talablari asosida rivojlantirish, yosh kino ijodkorlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “O‘zbekkino” Milliy agentligi huzurida Milliy kinematografiyani rivojlantirish jamg‘armasini tuzish nazarda tutilgan. Kinematografiya sohasida kadrlarni qayta tayyorlash maqsadida “O‘zbekkino” Milliy agentligi qoshida atoqli kino ijodkorlar dars beradigan malaka oshirish kurslarini va “Mahorat maktablari”ni tashkil etish, mamlakatimizning yosh, iste’dodli kino ijodkorlari malakasini oshirish maqsadida ularning tegishli yetakchi xorijiy ta’lim muassasalarida muntazam ravishda tahsil olishiga zarur shart-sharoitlar yaratish, davlat buyurtmasi asosida ishlab chiqariladigan kinofilmlarning g‘oyaviy-badiiy saviyasi, mazmun-mohiyati hamda professional darajasini oshirish maqsadida soha namoyandalari, tajribali yetuk mutaxassislardan iborat Badiiy kengash tarkibini shakllantirish asosiy vazifalar sifatida belgilab berildi.

Endi tasavvur qiling, ana shunday keng imkoniyat va sharoitlar yaratilgan paytda yana o‘sha avvalgi maishiy mavzudagi, milliy mentalitetimizni buzib ko‘rsatadigan kinolar yaratishda davom etsak, xalqimizga, davlatimizga qaysidir ma’noda xiyonat qilgan bo‘lmaymizmi?

Prezidentimiz buyuk ajdodlarimizning hayoti va faoliyatiga oid mazmunan teran haqiqiy kino asarlarini ko‘paytirish vazifasini bejizga ilgari surgani yo‘q. Zero, bizning boy tariximiz, buyuk siymolarimiz bor. Dunyo taraqqiyotining beshigi bo‘lgan diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk bobolarimiz har birining hayoti to‘laqonli filmlarga syujet bo‘la oladi.

Ming afsuski, tariximizni o‘rganish, o‘ziniki qilib ko‘rsatish, o‘zlashtirish, buzib ko‘rsatayotgan holatlar hozir jahon kinosida ko‘payib bormoqda. Bunga ma’lum ma’noda o‘zimiz ham aybdormiz. Tariximizni buzib ko‘rsatishga urinishlar bo‘layotgan bir davrda biz haqiqiy to‘laqonli kinolar yaratib, o‘z asarlarimiz bilan ularga javob berishimiz kerak edi. Hatto mustabid tuzum davrida ham ustoz ijodkorlarimiz "O‘tgan kunlar", "Alisher Navoiy" filmlarini suratga olib, shunday og‘ir zamonda jasorat ko‘rsata olgan. Biz ulardan har jihatdan o‘rnak olishimiz kerak.

Biz ijodkorlar qachonki milliy madaniyatimiz, tariximiz, mentalitetimiz, qadriyatlarimizni, buyuk ajdodlarimizning aslida kim ekanini haqqoniy tasvirlay olsak, o‘z filmlarimiz bilan tomoshabinda, xalqimiz qalbida ajdodlarimizga cheksiz hurmat tuyg‘usini shakllantira olsak, o‘z maqsadimizga yetgan bo‘lamiz. Buning uchun endi bizda barcha imkoniyatlar bor. Faqat ishlashimiz, tashabbus ko‘rsatib ijod qilishimiz kerak!

 

Hilol Nasimov,

O‘zbekiston Respublikasida xizmat

ko‘rsatgan madaniyat xodimi.



Категория: KINO YANGILIKLARI | Теги: Hilol Nasimov, mahoratli, ijodkorlar ko‘p, ammo, bizda tajribali
Просмотров: 1228 | Рейтинг: 0.0/0

Похожие материалы

ПРОФИЛЬ
Время: 17:09
Добро Пожаловать, Гости
 
Логин:
Пароль:
Copyright © MP3LAR.COM 2016-2024 | Все права защищены | Реклама | Мы не несём ответственности за содержание. | Бесплатные произведения предназначены исключительно для предварительного ознакомительного прослушивания. Использование материалов сайта возможно только с письменного разрешения Администрации. | Сделать бесплатный сайт с uCoz