Qarindoshga Qiz berib kuydim...


Oila har birimizning mustahkam qo‘rg‘onimiz hisoblanadi. Hayot o‘nqir-cho‘nqirlardan iborat bo‘lganidek, bu qo‘rg‘onda nimalar ro‘y bermaydi, deysiz. Azaldan erkaklarni oilaning asosiy ustunlari sanaymiz. Ba’zida esa ana shu ustunlarning o‘zi noto‘g‘ri harakati bilan oiladagi munosabatlar darz ketishiga sabab bo‘ladi. 
“Yuragimda saqlaganlarim” rukniga Xorazm viloyatidan maktub yo‘llagan otaxon qizining oilasida ro‘y bergan voqealarni bayon qilgan. Bu voqea ham kimlargadir saboq, boshqalarga oilasidagi vaziyatni bosiqlik bilan hal etishiga turtki bo‘lsa ajabmas, degan niyatda chop etmoqdamiz. 
...2009 yilda yaxshi niyatlar bilan qizim Dildorani o‘z tug‘ishgan ukamning o‘g‘liga kelinlikka uzatdim. Begona emas, yaqinim bilan quda bo‘lganimdan bir tomondan ko‘nglim to‘q edi. O‘shanda ko‘pchilik “yaqin qarindoshsizlar, yaxshilab o‘ylab ish tutinglar, turmushda past-balandliklar bo‘ladi”, deyishganida e’tibor bermay, "aka-uka bo‘lsak, bir-birimizni qo‘llaymiz”, deb o‘ylagandim. Lekin hayot biz o‘ylagandek bir tekis kechmas, o‘z qondoshingiz bilan yuzko‘rmas bo‘lib ketish ham hech gap emas ekan. Mana, men hozir ana shunday ahvoldaman. Qizimning oilasidagi notinchliklar meni tashvishlantiryapti. 
2015 yil dekabrining boshlarida tushga yaqin uyimizga ukam, ya’ni qudam kirib keldi:
— Qizingiz bilan o‘g‘limning orasida sal gap qochib qolibdi. Men oraga tushib, qizingizni bir og‘iz urishgandim, o‘zimni o‘ldiraman, deb aytdi. Borib qizingiz bilan gaplashib qo‘ymasangiz bo‘lmaydi, - dedi. Men hayron bo‘ldim. O‘zim borishga nimagadir oyog‘im tortmadi. Qon bosimim oshib, mazam bo‘lmay turgandi. 
— Borib singlingdan xabar olib kel-chi, nima gap ekan, - deb katta qizimni jo‘natdim. Ancha payt o‘tsa ham, ulardan darak bo‘lmadi. Kechga yaqin katta  qizim qaytib keldi. 
— Nima gap ekan, Dildora qani?
— Uning qo‘li, oyog‘i chiqqan, boshqa joylariyam ko‘karib ketgan, lat yegan. Tabibga olib bordik, qo‘lini chiqqan joyiga soldi, tanasidagi ko‘kargan joylarni ko‘rib, buni tezda shifokorga olib borib, rentgen qildirish kerak, suyak singan yoki yorilgan bo‘lishi mumkin, dedi. Amakimni bu darajaga boradi, deb o‘ylamagandim... Dildorani kaltak bilan uribdi...
—  Nimalar deyapsan?.. Nega urarkan, so‘radingmi o‘zidan?..
Ma’lum bo‘lishicha, janjal ko‘taradigan gap ham bo‘lmagan ekan,  aslida. Ertalab qizingiz to‘yga borish uchun qaynonasidan ruxsat so‘rabdi. Lekin qaynonasi ruxsat bermapti. Dildora arazlab ichkariga kirib ketibdi. Shu payt kuyov kelib qolib, uyga kirib unga baqiribdi. 
— Nega yotibsan? Tur, o‘rningdan, idishlarda suv yo‘q, quduqqa borib suv olib kel! 
— Ha, faqat ish buyurishni bilasiz, meni yozin-qishin qulday ishlatasiz... Bir kunga ammamnikiga boraman, desam, ruxsat bermadingiz. Suvni o‘zingiz olib kelsangiz bo‘lmaydimi? 
— Olib kelmasang, olib kelma, o‘zim boraman... — deb eri ikkita chelakni ko‘tarib ketishga chog‘lanayotgan ekan, onasi o‘g‘lini tezlab:  
— Xotiningga ish buyurib qildira olmaysan, qanaqa ersan o‘zi? – deb janjalga aralashibdi.  Onasining gapi bilan kuyov chelakni qo‘lidan qo‘yib, xotinining ustiga bostirib kirib, uni ayovsiz tepkilay boshlabdi. Zarbalarga chidolmagan qizingiz tashqariga yugurib chiqib, alamdan to‘lib turgani uchun hovli burchagida turgan arqonga ko‘zi tushib, uni qo‘liga olibdi.  
— O‘zimni o‘ldiraman, bunday yashash jonimga tegdi, — deb molxona tomonga yo‘l olibdi. 
Ichkaridan yugurib chiqqan qaynotasi tandir yonida yotgan uzun tayoqni olib, yugurib borib kelinni jon-jahdi bilan savalay boshlabdi. Qizim, “bo‘ldi ota, tavba qildim, urmang” deganiga qaramay, “hali senmi o‘zini osadigan” deb battar kaltaklabdi. Yetmaganiga molxonaga sudrab kirib, yana do‘pposlabdi. Otasining vajohatidan qo‘rqib ketgan kuyov yugurib kelib uning qo‘lidagi tayoqni tortib olmoqchi bo‘lganida: 
— Senga xotin kerak bo‘lib qoldimi? Xotiningni tarafini olib, otangga qo‘l  ko‘tarmoqchi bo‘lyapsanmi, —  deb o‘g‘liga ham baqiribdi.
— O‘lging kelayotgan bo‘lsa, bor, ana otangnikiga borib o‘l, bizga og‘irliging tushmasin, — deb do‘q uribdi qaynotasi. O‘zi bir ahvolda joni og‘rib yotgan Dildora:
—  Mayli, meni otamnikiga olib borib qo‘yinglar, —  deb yalinibdi....
...Katta qizimdan bu gaplarni eshitib, juda g‘azablandim. Oldin ham ularning oilasida kichik janjallar bo‘lib turardi, kuyovim qizimga qo‘l ko‘tarishini ham bilardim. 
Hamma oiladayam bunaqa kelishmovchiliklar bo‘ladi, o‘zlari kelishib ketishar, deb indamagandim. Bu galgisi oshib tushdi. Qaynota kelinni ursa, bu nima degan gap? Juda haddidan oshib ketibdi ukam. Hozir borsam, men ham g‘azabdan biror nojo‘ya ish qilib qo‘yaman, deb, mahalla oqsoqoliga borib uchrashdim. Qizimnikiga borsak, shifokorga olib borish masalasida qaynota ham, er ham jim.   
— Qizimni o‘zim shifoxonaga olib boraman, — dedim.
— Yo‘q, siz aralashmay turing, o‘zimiz olib boramiz, deb meni yaxshi gapirib uyga jo‘natib yuborishdi. 
O‘sha kuni kelinni uyda olib o‘tirib, ertasiga doktorga olib borishdi. Tuman markaziy shifoxonasidagilar kelinchakning ahvolini ko‘rib, nima bo‘lganini taxmin qilib, uni so‘roqqa tutishgan. Shunda qizim oilasining keyingi taqdirini o‘ylab, bo‘lgan voqeni aytmaslikka qaror qilibdi.
— Molxona tomiga chiqmoqchi edim, narvonda oyog‘im sirpanib ketdi, tepadan yiqilib tushdim, — debdi. 
Uning gapiga ishonmagan shifokorlar tuman IIBga xabar berishgan. Qizim esa yiqilib tushdim, degan gapida turaverdi. 
Ertasiga qizimni ko‘rgani shifoxonaga bordim.  
— Otajon, iltimos, qaynota-qaynonamga, erimga hech nima demang, milisiyaga  ham ular ustidan shikoyat qilmang, — deb yalindi. — Ota, iltimos, oilam buzilib ketishini istamayman, — deb yig‘ladi. 
Shifoxonadan chiqib, uyga ketguncha qizimning yig‘lab aytgan gaplari ko‘z oldimdan ketmadi. Mahallamizga kiraverishda mo‘ysafid chollar yig‘ilib turgan ekan, ularga maslahat solsam:
— Qizing to‘g‘ri aytyapti, nevaralaringni ham tirik yetim qilmay desang, ularning ustidan da’vo qilma, deb tayinlashdi. Qudalarimdan juda darg‘azab bo‘lib turgandim, lekin o‘zimni bosib, ularga da’vo qilishdan bosh tortdim. 
Turib-turib, juda alam qilyapti. Nega ular jazosini olmasligi kerak, deb xafa bo‘laman. Qizimdan ham xatoliklar o‘tgandir, lekin oilaning kattalari bu darajaga bormasligi kerak edi. 
Ayni o‘sha kunlari, dekabr oyi boshlarida hurmatli Prezidentimiz 2016 yilni “Sog‘lom ona va bola” yili deb e’lon qildilar. Bu gaplarni eshitib, o‘z-o‘zimga achinib ketdim. 
Mana, onalar va bolalarga davlatimiz qay darajada e’tibor ko‘rsatyapti! Biz esa arzimagan bahonalar bilan kelinlarimizni urib, mayib qilib o‘tiribmiz. Mening qudalarimga o‘xshab, ayrimlar o‘z kelinini mayib qilsa, u qanday sog‘lom ona bo‘la oladi? Qanday qilib kelajakda farzandlarini tarbiyalaydi? Ularga qanday g‘amxhrlik qiladi?
Qarindoshga qiz berib, katta xato qilganimni tushunyapman. Begona bo‘lganida bu darajaga bormasmidi?.. O‘ylab-o‘ylab, sizlarga maktub yozishga qaror qildim.? O‘zimni qanday ovutishni bilmay, sizlardan maslahat so‘ramoqchiman.


Категория: HAYOTIY HIKOYALAR | Теги: berib kuydim, qiz, Qarindosh
Просмотров: 1854 | Рейтинг: 3.0/2

Похожие материалы

ПРОФИЛЬ
Время: 21:21
Добро Пожаловать, Гости
 
Логин:
Пароль:
Copyright © MP3LAR.COM 2016-2024 | Все права защищены | Реклама | Мы не несём ответственности за содержание. | Бесплатные произведения предназначены исключительно для предварительного ознакомительного прослушивания. Использование материалов сайта возможно только с письменного разрешения Администрации. | Сделать бесплатный сайт с uCoz